Qirg‘izistonning tashqi qarzi Ichki yalpi mahsulotning 60 foiziga yaqinlab, pul miqdorida 3 milliard 400 million dollardan oshdi. Bu haqda Qirg‘iziston Moliya vaziri Olga Lavrova ma‘lumot berdi.
Qirg‘iziston Moliya vaziri Olga Lavrova ochiqlagan ma‘lumotlarda aytilishicha, Qirg‘iziston Xitoydan 1 milliard 42 million dollar, Rossiyadan 300 million dollar, Yaponiyadan 253 million dollar, Germaniya va Turkiyaning har biridan 100 million dollar qarzdor. Bundan tashqari Qirg‘izistonga Jahon banki 700 million dollar, Osiyo banki 600 million dollar, Xalqaro valyuta jamg‘armasi 200 million dollar qarz bergan.
-Yil oxirigacha tashqi qarz miqdori 3 milliard 400 million dollardan 3 milliard 700 million dollarga yetishi kutilmoqda. Bu esa Ichki yalpi mahsulotning 54 foizidan 58 foizigacha bo‘lgan miqdorni tashkil etishi mumkin, - dedi Moliya vazirligi rasmiysi Nazarbek Malayev.
Shunga qarmay Qirg‘iziston Qozog‘istondan 100 million dollar, Rossiyadan 500 million dollar qarz olishni rejalashtirmoqda.
Qirg‘iziston parlamentining Byudjet va moliya qo‘mitasi a‘zosi O‘murbek Abdraxmanov tashqi qarz mamlakat xavfsizligi va iqtisodiga tahdid soladigan darajaga yetganini ma‘lum qildi:
- Qarzning bu darajaga yetishi zaif iqtisodni bira-to‘la barbod qiladi. Shuning uchun iqtisodda tashqi qarz miqdorining 60 foizga yetishi o‘ta xavfli hisoblanadi. Qarz mana shu ko‘rsatkichga yetganda iqtisod qulaydi. Buni xalqaro amaliyot ko‘rsatib turibdi. Ammo qarzsiz ham yashay olmaymiz. Qarzimizning o‘ta ko‘pligi ortidan yanagi yilga qarz ololmay qolamiz. Agar qarz olmasak yana inqirozga duchor bo‘lamiz, - dedi deputat.
O‘murbek Abdraxmanov fikricha, 2015 yilda Qirg‘izistonning Rossiya yetakchiligidagi Bojxona ittifoqiga kirishi ortidan mamlakatdagi moliyaviy va iqtisodiy vaziyat yanada og‘irlashuvini kutish mumkin. Biroq Qirg‘iziston Moliya vazirligi inqirozli vaziyat yuzaga kelmasligi uchun tashqi qarz miqdorini 60 foizga yetkizmaslik chora-tadbirlarini ko‘rayotganini aytmoqda.
Ayrim mutaxasislar esa Qirg‘izistonning Xitoydan eng ko‘p qarzdorligi kelajakda milliy xavfsizlikka tahdid etadigan darajadagi siyosiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligidan tashvish bildirmoqda. Shuning uchun mutaxasislar Qirg‘iziston olinayotgan qarzlarni avvalgiday infrastrukturani rivojlantirishga emas, balqi ishlab chiqarish korxonalarini qurishga sarflashi kerak, degan taklifni olg‘a surayotirlar.