Qirg‘iziston Bojxona ittifoqiga qo‘shilish shartnomasini imzoladi

23 dekabrda Moskvada o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy kengashi sammitida Qirg‘iziston Bojxona ittifoqi hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzoladi. Mazkur sammitda ishtirok etish uchun Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev 22 dekabrda Moskvaga kelgan.

Bugun Moskvada o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy kengashi sammitida Qirg‘iziston Bojxona ittifoqi hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzoladi. Mazkur sammitda ishtirok etish uchun Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev 22 dekabrda Moskvaga kelgan.

Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqiga qo‘shilishiga asos bo‘luvchi hujjatlar loyihasi 22 dekabrda parlamentda va hukumatda shoshilinch muhokama qilingan hamda ko‘pchilik tomonidan ma‘qullangan.

Biroq parlament deputati Maksat Sabirov mazkur hujjatlarda Qirg‘iziston manfaatlariga zid keluvchi moddalar borligini va bu masalalar 23 dekabrda Moskvada o‘tadigan birinchi vitse-premьerlar yig‘ilishida o‘z yechimini topishiga umid qilinayotganini bildirdi.

Deputatning aytishicha, bugun prezident Atambayev Moskvada imzolaydigan shartnomada Bojxona ittifoqida to‘planadigan boj to‘lovlarining 1-2 foizigina Qirg‘izistonga berilishi nazarda tutilgan.

-Qirg‘iziston siyosiy rahbariyatini Bojxona ittifoqiga qo‘shilishga davr majbur qilayotganga o‘xshaydi. Ammo mana shunday vaziyatda ham biz davlat manfaatlarini unutmasligimiz kerak, -dedi Maksat Sabirov.

Parlamentning yana bir deputati Ulug‘bek Ko‘chko‘rov fikricha, Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi shartnomada qirg‘iz xalqi manfaatlari himoya qilinmagan.

Ammo Qirg‘iziston Bosh vaziri Jo‘o‘mart O‘to‘rbayev shartnomada Qirg‘iziston manfaatlari yetarli darajada himoya qilingan, deb bildirdi.

Prezident Almazbek Atambayev esa “Rossiya 24” telekanaliga bergan suhbatida Qirg‘iziston Bojxona ittifoqiga qo‘shilish orqali to‘g‘ri siyosatni tanlaganini ma‘lum qildi:

-Men bizning qadamlarimiz to‘liq asoslangan deb o‘ylayman. Bu jarayonning kamchiliklari va yutuqlarini hisob-kitob qilganlar ittifoqqa qo‘shilish ortidan Qirg‘iziston umuman yutuqqa erishishini tushunib turishibdi, -dedi Atambayev.

Qirg‘iziston muxolifati esa Bojxona ittifoqiga qo‘shilish ortidan mamlakat katta yo‘qotishlarga, jumladan, narx-navoning keskin ko‘tarilib ketishiga duch kelishi mumkinligini aytmoqdalar. Muxolifat Bojxona ittifoqiga qo‘shilish masalasida referendum o‘tkazishni talab qilayotir.

Moskva yetkachiligidagi Bojxona ittifoqi 2015 yildan o‘z nomini Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi shaklida o‘zgartiradi. Mazkur tashkilotga Rossiya, Qozog‘iston va Belorusь tomonidan asos solingan edi.

Qirg‘iziston 23 dekabrda mazkur ittifoqqa qo‘shilish shartnomasini imzolagani bilan, amalda 2015 yilning yoz-kuzlariga borib a‘zo davlatga aylana oladi. Buning uchun kelasi olti oy mobaynida Qirg‘iziston parlamenti Bojxona ittifoqi shartnomasini ratifikatsiya qilishi lozim.