Tojikistonning Jomiy tumanidagi 50 masjiddan bundan buyon azon emas, musiqa va qo‘shiq yangraydi. Tuman hokimiyati davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 50 masjidni madaniyat uylariga aylantirish haqida qaror chiqardi.
Tojikistonning Abdurahmon Jomiy tumani hokimi o‘rinbosari Faxriddin G‘ofurov “Ozodlik” radiosiga “Faoliyati noqonuniy deb topilgan 50 masjid madaniya uylari, sport markazlariga aylantirilgani va bundan yoshlar hamda mahalliy aholiga ko‘proq foyda tegishi” haqida ma‘lumot berdi.
Rasmiylarning aytishlaricha, mazkur masjidlar Din ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Yer ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasining roziligisiz bunyod etilgan. Faxriddin G‘ofurov ayni paytda mahalliy aholi o‘rtasida hokimiyat qarorini tushuntirish ishlari olib borilayotganini aytdi.
Hokimiyat rasmiylariga ko‘ra, Jomiy tumanidagi 50 masjidni yopish va ularning o‘rniga madaniyat uylari tashkil qilish yuzsidan hukumat qarori ham chiqarilgan.
Jomiy tumanida 8 qishloq kengashi mavjud. Tumanga qarashli “Kalinin” qishloq kengashida noqonuniy tashkil etilgan 5 masjid yopilgan va 700 dindor o‘z mahallasida namoz o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Qishloq raisi Raxmatullo Mahmadulloyev ko‘pchilik odamlarga masjidlar nima uchun yopilayotganini tushuntirish oson bo‘lmagan:
- Biz majlis o‘tkazib masjidlarni madaniyat uyi, qo‘ngilochar markazlarga aylantirdik. Yopilgan ayrim masjidlardan biri endi qishloq kengashi raisining ishxonasi bo‘ladi, boshqa masjidlarda jamoatchilik tadbirlari o‘tkaziladi. Odamlarni bu ishga arang ko‘ndirdik, bu juda qiyin bo‘ldi, ko‘pchilik avvaliga bizdan xafa bo‘ldi,- dedi Raxmatullo Mahmadulloyev.
Masjid yopilishidan norozi bo‘lgan dindorlar esa bu mavzuda jurnalistlar bilan ochiq gaplashishni istamadilar. Ularning aytishlaricha, agar o‘z noroziliklarini bildirsalar, u holda bir qator muammolarga duch kelishlari mumkin.
Jomiy tumani bosh imom hatibi esa tumanda masjidlarning yopilishi ortidan dindorlar ko‘p narsa yo‘qotmadi, deb hisoblamoqda. Uning aytishicha, ayni paytda tumanda rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 70 masjid faoliyat ko‘rsatmoqda. Ammo bu masjidlarda ham keyingi yillarda namoz o‘qiydigan odamlar soni kamayib borayotir. Imom hatibning fikricha, bunga ko‘plab odamlar tirikchilik o‘tkazish maqsadida Rossiyaga ketayotgani sabab bo‘lmoqda.
Mustaqil kuzatuvchilar masjidlar noqonuniy faoliyat ko‘rsatgani uchun emas, balki din ulamolarining aholiga ta‘sirini kamaytirish uchun yopilayotganini aytmoqdalar. Biroq ekspert Sadriddin Qalandarzodaning fikricha, hukumat masjidlarni yopish orqali dindorlik ko‘rsatkichini pasaytirishga erisha olmaydi.
Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda Xatlon viloyati hududiga kiruvchi mazkur hududda yuzdan ortiq masjid yopilgan. Ayni paytda viloyat hududida yana 1690 masjid faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tojikistonda bir necha yil avval yoshi 18ga to‘lmaganlarning masjidlarga borishi taqiqlab qo‘yilgan edi. “Haj-2015” mavsumida esa 35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarning Saudiya Arabistoniga borib, Haj ibodatini amalga oshirishi taqiqlab qo‘yildi. Bir necha kun avval Tojikiston Adliya vazirligi shaxs nomiga “mullo”, “xalifa”, “to‘ra”, “xo‘ja”, “xoja”, “shayx”, “vali”, “oxun”, “amir”, “so‘fi” kabi taxalluslarni ilova qilishni taqiqlash taklif qilingan qonun loyihasini taqdim etgan edi.