Jahon banki Toshkent hukumati bilan hamkorlikni davom ettiradi

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller bank bundan buyon ham O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.

Mahalliy matbuotning 19 yanvar kuni bildirishicha, bu borada Siril Myuller O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga jo‘natgan rasmiy maktubda gap boradi.

“Jahon banki guruhi bizning O‘zbekiston bilan hamkorligimizni yuqori baholaydi va bundan buyon ham mamlakat bilan hamkorlik konsepsiyasidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishda davom etadi”, deyiladi maktubda.

O‘zbekiston va Jahon banki tomonidan imzolangan 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi doirasida Jahon banki yanvar oyida O‘zbekistonga 3,5 -4 milliard dollarlik kredit berishi kutilmoqda. Mazkur mablag‘ O‘zbekiston hukumatining infrastrukturani rivojlantirish¸ yangi ish o‘rinlari yaratish va agrar sektorni isloh qilish masalasida hozirlagan 25 loyihani amalga oshirishga sarflanadi.

Bu Jahon banki O‘zbekistonga berayotgan eng katta kredit bo‘lib hisoblanadi. 2012-2015 yillardagi hamkorlik strategiyasi doirasida Jahon banki O‘zbekistonga 1 milliard 973 million dollar qarz bergan edi.

Toshkent rasmiylarining bayonotlarida aytilishicha¸ imtiyozli foizlar bilan 25-40 yilga beriladigan kreditning 500 million dollari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ uning o‘zagi bo‘lib qolaëtgan paxtachilikni isloh qilishga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston paxtazorlaridagi majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan Cotton Campaign xalqaro guruhi Jahon bankidan Toshkentga mazkur kreditni berishni to‘xtatib turishni talab qilgan edi.

Cotton Campaign fikricha, O‘zbekistonga hukumati majburiy mehnatdan foydalanishni to‘xtatish yo‘lida real choralar ko‘rmagunicha Jahon banki bu mamlakat qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladigan kreditlarini to‘xtatib turishi lozim.

Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari 2015 yilgi paxta mavsumini bevosita kuzatish davomida O‘zbekiston hukumati aholini majburan paxtaga chiqarayotganini tasdiqlasa¸ Jahon banki Toshkentning qishloq xo‘jaligini isloh qilish iddaosi bilan taqdim etgan dasturlariga ajratilgan 500 million dollarlik kreditni to‘xtatishi kerak edi. Ammo XMT bunday xulosa chiqarmagani va Jahon banki yarim milliard dollar qarzni beradigan bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi o‘tgan yilning 18 dekabr kuni xabar qilgan edi.

Ozodlik radiosiga yetib kelgan xabarlarda aytilishicha, ishdan yoki o‘qishdan haydalish¸ pensiya va nafaqasiz qolish¸ gaz va svetdan uzilish¸ soliqchilarga em bo‘lish kabi tahdidlar ostida paxtaga chiqarilgan yoki o‘rniga odam chiqarish uchun pul to‘lashga majburlangan millionlab o‘zbekistonlikdan "paxtaga o‘z ixtiërim bilan chiqdim"¸ degan tilxatlar olingan.

Bu tilxatlar esa¸ o‘z navbatida¸ Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari “ko‘zini bo‘yash” va oqibatda O‘zbekistonda majburiy mehnat yo‘q degan ham Toshkent¸ ham Jahon banki istagan xulosani chiqarib berishga asos o‘laroq ishlatildi.