Rossiya ekspertlari Qirg‘izistonni Moskva bilan munosabati buzilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Ekspertlar fikricha, Moskva va Bishkek munosabatlarining yomonlashuviga Kremlning Qirg‘izistondagi loyihalarni amalga oshirishdan voz kechgani asosiy sabab bo‘lgan. Buning ortidan qirg‘iz hukumati Rossiya bilan erishilgan shartnomalarni bekor qilishga majbur bo‘lgan edi.
Rossiyadagi REGNUM agentligining xabar berishicha, Moskvadagi taniqli ekspertlar Rossiya bilan munosabati buzilgan davlatlarni yuz balli sistema bilan aniqlagan. Ekspertlar Bishkek-Moskva munosabatlari buzilganini 50 ball bilan baholagan. O‘tgan haftada ayni mana shunday reytingda Qirg‘iziston 40 ballga ega bo‘lgan edi. Shundan kelib chiqilsa, ekspertlar bir hafta ichida Moskva-Bishkek munosabatlari yanada yomonlashganini e’tirof etmoqdalar.
Rossiya ekspertlari fikricha, Moskva va Bishkek munosabatlarining yomonlashuviga Kremlning Qirg‘izistondagi loyihalarni amalga oshirishdan voz kechgani asosiy sabab bo‘lgan. Moskva loyihalarni amalga oshirishdan bosh tortgani ortidan qirg‘iz hukumati Rossiya bilan erishilgan shartnomalarni bekor qilishga majbur bo‘lgan edi.
-Umuman olganda, Qirg‘iziston va Rossiya munosabatlari sovuqlashib borayotgani rost gap. GES qurilishlari bo‘yicha Rossiya bilan 4 yil oldin imzolangan shartnomalarning Bishkek tomonidan denonsatsiya qilinishi umumiy manzarani yaqqol tasvirlab turibdi, Biroq reyting qanday metodologiya asosida tuzilgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, - dedi Qirg‘izistonlik tahlilchi Medet To‘lo‘go‘nov.
Qambarota -1 va Norin GES kaskadlari qurilishining loyihaviy qiymati tahminan ikki milliard dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. Rossiya hamkorligida barpo etilishi rejalashtirilgan Qambarota -1 GESini qurish haqidagi shartnoma Moskva bilan 2009 yilda, Yuqori Norin GES kaskadlari shartnomasi 2012 yilda imzolangan. Yuqori Norin GESning birinchi gidroagregati 2016 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi.
Moskva bu qurilishlarga 2 milliard dollar sarmoya yotqizishini bildirgan bo‘lsa-da, Rossiya G‘arb sanksiyalari ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli haligacha bu majburiyatini bajara olmagan. Buning oqibatida Rossiya shirkatlari tomonidan qurilishi boshlangan Yuqori Norin GES kaskadlaridagi ishlar muzlatib qo‘yilgan.
Energetika sohasi bo‘yicha ekspert Ernest Karibekov 2012 yildayoq Rossiya GESlarni qurish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmasligini aytib, Moskva bilan bu boradagi hamkorlikka qarshi chiqib kelgan ekspertlardan biri. Uning fikricha, Rossiyaning o‘z majburiyatlaridan bo‘yin tovlashi Qirg‘iziston bilan siyosiy munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi:
-O‘sha paytlardayoq bu loyihalar amalga oshmaydi, deb aytgan edim. Mana, shartnomalar ham bekor qilindi. Bu esa Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Chunki Rossiya bundan keyin Bishkek taklif qiladigan loyihalarda ishtirok etmay qo‘yadi, - deydi ekspert.
Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 24 dekabr kuni yil yakunlari bo‘yicha o‘tkizgan matbuot anjumanida Rossiya Qambarota-1 va Yuqori Norin GES kaskadlarini barpo etish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdan bosh tortayotganini ma’lum qilgan edi.
O‘shanda Atambaev jurnalistlarga: “Men Rossiya prezidenti Putin bilan ham, gaplashdim. Shuning uchun Putingga ochiq aytdim: “Xafa bo‘lmang, biroq biz boshqa hamkor izlashimiz kerak”, deb”, degan gaplarni aytgan edi.
Qirg‘izistonlik tahlilchilar fikricha, Bishkek hukumati bugungi kunda Rossiya dushmaniga aylangan Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirayotgani va Anqarani eng yaqin hamkor sifatida tanlab olgani ham Moskvaning g‘ashiga tegmay qolmaydi.
REGNUM agentligida e’lon qilingan reytingda Rossiya bilan munosabatlari eng buzilgan davlatlar qatorida Ukraina, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Boltiqbo‘yi va Yevropa davlatlari tilga olingan.
Rossiya bilan munosabatlari mustahkamlanayotgan davlatlar qatoriga esa Misr,Eron, Suriya, Isroil, Pokiston, Gruziya, Armaniston va Qozog‘iston kiritilgan.