Xalqaro huquq faollari, kasaba uyushmalari va biznes sohasi vakillaridan iborat Cotton Campaign koalitsiyasi 9 mart kuni Vashingtonda Jahon banki prezidenti Jim Kimga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga kredit berishni to‘xtatib turish talabi bilan petitsiya topshirdi. Petitsiyani butun dunyo bo‘ylab 140 ming odam imzolagan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Cotton Campaign koalitsiyasi Jahon banki prezidenti Jim Kimga topshirgan petitsiyada O‘zbekiston paxtachilik sohasida aholini majburiy mehnatga jalb qilish siyosatini o‘zgartirmaguniga qadar Toshkent hukumatiga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun kreditlarni bermay turish iltimos qilingan.
Petitsiyada koalitsiya 2015 yilda majburiy mehnatni monitoring qilish jarayonida O‘zbekistonda kamida bir million odam paxta terimiga o‘z ixtiyoriga qarshi ravishda jalb qilingani aniqlangani aytiladi. Koalitsiya bu borada hukumat rasmiy ko‘rsatmalari, intervyular, hisobotlar, audio va video yozuvlardan iborat hujjatlarga ega ekanini ta’kidlagan.
Xalqaro mehnat tashkiloti 2015 yilgi paxta mavsumini bevosita kuzatish davomida O‘zbekiston hukumati aholini majburan paxtaga chiqarayotganini tasdiqlasa¸ Jahon banki Toshkentning qishloq xo‘jaligini isloh qilish iddaosi bilan taqdim etgan dasturlariga ajratilgan 500 million dollarlik kreditni to‘xtatishi kerak edi. Ammo XMT bunday xulosa chiqarmagani va Jahon banki yarim milliard dollar qarzni beradigan bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi o‘tgan yilning 18 dekabr kuni xabar qilgan.
Fevral oyida o‘zbekistonlik bir guruh huquq faollari ham Jahon bankining bunday qaroridan norozilik bildirib, Jahon bankining Mustaqil nazorat kengashiga O‘zbekistonda majburiy mehnat mavjudligi borasidagi faktlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish talabi bilan murojaat qilgan. Murojaatga imzo chekkanlardan biri Malohat Eshonqulova gapiradi:
- Inson huquqlari masalasida O‘zbekistonga kelganda nima uchun halqaro tashkilotlar ko‘zlarini ko‘r, quloqlarini kar qilib olayotgani biz uchun jumboq bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha eng zaif mamlakat. Bu yerda majburiy mehnat, siyosiy mahbuslarni qiynoqqa solish va diktatura o‘ta rivojlangan. Bu o‘rinda biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki hatti-harakatlaridan norozi bo‘ldik. Shuning uchun biz o‘z noroziligimizni qaysidir bir ko‘rinishda bildirishimiz kerak edi va bu ishni amalga oshirdik, -dedi Malohat Eshonqulova.
O‘zbekistonlik huquq faoli Yelena Urlaeva Jahon banki faqat Xalqaro mehnat tashkilotining hukumat rasmiylari kuzatuvi va nazoratida olgan hujjatlariga tayangan holda O‘zbekistonda majburiy mehnat siyosati borligini tan olishni istamayotganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, bu bilan Jahon banki o‘zi belgilagan tartib-qoidalarni o‘zi buzmoqda.
- Jahon bankining qoidalariga asosan, bank loyihalarini amalga oshirishda majburiy mehnat qo‘llanilmasligi lozim. Ammo O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida majburiy mehnat mavjud va bu holat bankning qoidalariga zid keladi. Biroq Jahon banki, balki katta miqdordagi kreditlardan olinadigan ustama foiz daromadi ortidan quvib, bu holatni tan olishni istamayotgandir. Har holda o‘zbekistonlik huquq faollarida Jahon bankining harakatlari mana shunday taasurot qoldirmoqda, -dedi Yelena Urlaeva.
O‘zbekiston va Jahon banki tomonidan imzolangan 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi doirasida Jahon banki yanvar oyida O‘zbekistonga 3,5 -4 milliard dollarlik kredit berishini bildirgan.
Bu Jahon banki O‘zbekistonga berayotgan eng katta kredit bo‘lib hisoblanadi. 2012-2015 yillardagi hamkorlik strategiyasi doirasida Jahon banki O‘zbekistonga 1 milliard 973 million dollar qarz bergan edi.