O‘zbekiston yana chegaralarini yopdi va bahsli hududga harbiy texnika kiritdi

Bahsli hududga post o‘rnatgan o‘zbekistonlik chegarachilar.

O‘zbekiston chegarachilari 18 mart kuni ertalab Qirg‘iziston bilan bahsli bo‘lib turgan hududga kamida bitta bronetransportyor bilan kirib kelib, chegara posti o‘rnatgan va bahsli hududdan o‘tgan Karvon-Olabuqa yo‘lidan ketayotgan yo‘lovchilarning hujjatlarini tekshira boshlagan. Bundan tashqari o‘zbek tomoni o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi bir qator o‘tkazish punktlarini yopgani ham xabar qilindi.

Qirg‘izistonga qarashli Axsi tumani hokimi Medet Aydaralievning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston chegarachilari ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan hududga 18 mart kuni ertalabki soat yetti yarimlarda BTR bilan kirib kelgan:

-O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston chegarasida Chalasart degan 38 gektarli hudud bor. Bu yer ikki davlat o‘rtasidagi bahsli hududir. Mana shu hududdan 1 kilometr 800 metr masofada Karvon –Olabuqa yo‘li o‘tgan. Yigirmaga yaqin o‘zbek chegarachilari ertalab BTRda mana shu hududga kirib kelib, Karvon-Olabuqa yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Bu yo‘ldan o‘tayotgan har bir odamning hujjatlarini tekshirib, keyin o‘tkizishayapti, -dedi Axsi tuman hokimi Medet Aydaraliev.

Hokimning aytishicha, ayni paytda mahalliy hukumat rasmiylari voqea bo‘lgan joyga borib, o‘zbek chegarachilari bilan so‘zlashuvlar o‘tkazishga harakat qilmoqda. Qirg‘iz rasmiylari fikricha, o‘zbek chegarachilarining bahsli hududdga chegara posti o‘rnatib olishlari noqonuniydir:

-Ularning bu yerga chegara o‘rnatib olishiga haqlari yo‘q. Chunki bu bahsli hudud hisoblanadi va Sovet Ittifoqi davridan beri bu yerdan Qirg‘iziston foydalanib kelgan. Hozir voqea joyida vaziyat tinch. Faqat aholi o‘rtasida "o‘zbek chegarachilari bu yerga nega kirib oldi", degan tushunmovchilik bor. Hozir huquq-tartibot tuzilmalari xalq orasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda, - dedi Medet Aydaraliev.

Qirg‘iziston Chegara xizmati esa o‘zbek chegarachilari bahsli hududga 18 mart kuni soat 7 dan 40 daqiqa o‘tganida ikkita BTR va 2 ta KamAZda kirib kelgani haqida xabar berdi. Chegara xizmatining bildirishicha, bahsli hududdagi o‘zbek harbiylari soni 35-40 kishini tashkil qiladi.

Bahsli hududdagi o‘zbek BTRlaridan biri.

Chegara xizmati rasmiysi ayni paytda O‘zbekiston chegarachilari bilan qirg‘iz rasmiylari muzokaralarni boshlagani, qo‘shimcha tafsilotlar muzokaralar yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinishini bildirdi.

Ayni paytda Qirg‘iziston axborot agentliklari 18 mart kuni ertalab soat 8 da O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarasidagi “Madaniyat-avtoyo‘l” chegara punktni bir tomonlama yopib qo‘ygani haqida xabar tarqatdi.

O‘sh va Andijon chegarasidagi “Do‘stlik-avtoyo‘l” chegara bekatidan esa O‘zbekiston Qirg‘iziston fuqarolarining o‘tishiga cheklov kiritgan. Xabarlarga qaraganda, O‘zbekiston hududidan qirg‘iz fuqarolari Qirg‘izistonga o‘tkazilayapti, ammo O‘zbekistonga kiritilmayapti. O‘zbekiston fuqarolarining kirib-chiqishiga esa hech qanday cheklov qo‘yilmagan.

O‘z navbatida Qirg‘iziston “Baymak-avtoyo‘l”, “Kensoy-avtoyo‘l” va “Qadamjoy-avtoyo‘l” chegara bekatlaridan O‘zbekiston fuqarolarining kirib-chiqishini taqiqlab qo‘ydi.

O‘zbekiston rasmiylari hozircha Qirg‘iziston bilan chegaradagi bu o‘zgarishlar yuzasidan hech qanday tushuntirishlarni bergan emas.

Qirg‘iziston prezidenti 18 mart kuni Qirg‘iziston Chegara xizmati raisini qabul qilib, chegaradagi vaziyatni muhokama qildi. Bu uchrashuv tafsilotlari matbuotga ochiqlanmadi.

O‘zbekiston hukumati odatda "Navro‘z" va Mustaqillik" bayramlari arafasida mamlakat chegaralarida nazoratni kuchaytiradi. Mamlakatga kirish postlariga qo‘shimcha kuchlar tashlanib, chegaraga blok postlar o‘rnatilishi kuzatiladi.

Ayrim kuzatuvchilar Qirg‘iziston chegarasidagi bugungi vaziyatni ham "Navro‘z" bayrami oldidan bo‘ladigan odatiy xavfsizlik choralari sifatida baholamoqda.