Bishkek pansionatlar uchun Toshkentga tovon to‘lash masalasini muhokama qilmayapti

Issiqko‘ldagi O‘zbekiston Milliy bankiga qarashli bo‘lgan "Rohat" pansionati.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkaziladigan Issiqko‘ldagi pansionatlari uchun Bishkek hukumati kompensatsiya to‘lash masalasini hozircha muhokama qilayotgani yo‘q. Bu haqda Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri ma’lum qildi. Ayrim siyosatchilar O‘zbekiston pansionatlarini milliylashtirish ortidan Toshkent Bishkekni xalqaro sudga berishi mumkinligidan tashvish bildirmoqda.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Arzibek Kojoshev hukumatning Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli pansionatlarni milliylashtirish qarorini sharhlar ekan, 1992 yilda MDHga a’zo davlatlar rahbarlari imzolagan shartnomani tilga oldi. Vazirning aytishicha, mazkur shartnomada Sovet Ittifoqi davrida ikkinchi mamlakat tomonidan boshqa bir mamlakat hududiga qurilgan ob’ektlar mazkur ob’ekt joylashgan davlat mulki bo‘lib qolishi qayd etilgan.

- Qo‘shni davlatga gaz va energetika masalasida qaram bo‘lib kelganimiz uchun bu masala uzoq yillardan beri hal qilinmay kelinayotgan edi. Hukumatning bu qarori siyosiy qaror bo‘ldi. Biz bugungi kunda O‘zbekistondan gaz va energetika qaramligidan qutuldik. Gaz bo‘yicha ta’minot “Gazprom” qo‘liga o‘tdi, Qirg‘izistonning ichki energetik halqasi bo‘lgan “Datqa – Kemin” tarmog‘i qurib, ishga tushirildi. Shuning uchun O‘zbekistonga qarashli to‘rt pansionatni Qirg‘iziston qaytarib olayapti. Bu pansionatlar Davlat mulk fondi ixtiyoriga o‘tkaziladi, - dedi vazir.

4 aprel kuni Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariev Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va korxonalar hisobidan Issiqko‘lda bunyod etilgan “Rohat”, Dilorom”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarini Qirg‘izistonga qaytarib olish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Bu pansionatlar bugungi kunda ham O‘zbekistondagi korxona va tashkilotlar mulki hisoblanadi. Masalan, “Rohat” pansionati O‘zbekiston Milliy bankiga, “Oltin qum” pansionati esa Toshkent mexanika zavodiga tegishlidir. Toshkent mexanika zavodi rasmiysi “Oltin qum” pansionatining balans qiymati bugungi kunda 6 million dollarga teng ekanini Ozodlik radiosiga aytgan edi.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Arzibek Kojoshev mazkur pansionatlar uchun O‘zbekistonga kompensatsiya to‘lash masalasi bugungi kunda muhokama qilinmayotganini aytdi:

- Pansionatlar maslasida bizda shartnoma bor edi. Shartnomaga asosan O‘zbekiston pansionatlarni “besh yulduz”li darajaga ko‘tarishi, joylarning bir qismini Qirg‘izistonga berishi kerak edi. Biroq bu shartnoma shartlari bajarilmadi. Shuning uchun bu ob’ektlar Qirg‘izistonning to‘laqonli mulki hisoblanadi, - dedi vazir.

Unga ko‘ra, 2015 yilda O‘zbekistonga tegishli to‘rt pansionat Qirg‘izistonga 170 ming dollardan ko‘proq miqdorda soliq to‘lagan. Biroq bu pansionatlarning kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasidan bo‘lgan qarzlari 214 ming dollardan oshadi.

Qirg‘izistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov hukumatning O‘zbekistonga tegishli pansionatlarni milliylashtirish qarorini o‘ylanmasdan shoshilinch tarzda qabul qilingan populistik qaror sifatida baholadi.

- Xalqaro qonunchilikka asosan O‘zbekiston Qirg‘izistonni xalqaro sudlarga berishi mumkin. Chunki yer Qirg‘izistonniki bo‘lgani bilan, ob’ektlar O‘zbekistondagi korxonalar puliga qurilgan. Ularga kompensatsiya to‘lash masalasi bugungi kunda ochiq qolmoqda. Ikkinchidan, bu pansionatlarni ishlata olamizmi, degan savol paydo bo‘ladi. Masalan, hukumat “Megakom” shirkatini ham xususiylashtirgan edi. Biroq hukumat bu shirkatni ishlata olmay, xususiy shaxslarga qayta sotishni rejalayapti. Uchinchidan, hukumatning O‘zbekistonga tegishli pansionatlarni milliylashtirish qarori mamlakatning xalqaro obro‘siga putr yetkazadi hamda investitsiya muhitini yomonlashtiradi, -dedi Alikbek Jekshenkulov.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Qirg‘izistonda Unkurtog‘, O‘zbekistonda Ungartepa deb ataluvchi bahsli hudud masalasida ko‘tarilgan janjal ortidan O‘zbekistonga tegishli pansionatlarni milliylashtirish qarorini imzolagan.

Mart oyining oxirlarida Karvon shahar deputatlari hukumatning Unkurtog‘ni O‘zbekiston hududi sifatida tan olingan qarori borligini e’lon qilib, norozilik bildirgan, buning ortidan esa Qirg‘izistonda katta shov-shuv ko‘tarilgan edi. Bu masala Qirg‘iziston parlamentida ham ko‘rilib, Bosh prokuraturaga hukumatning Unkurtog‘ masalasidagi qarorini tekshirish ko‘rsatmasi berilgan.

Ayrim kuzatuvchilar bosh vazir Temir Sariev Unkurtog‘ masalasidagi janjaldan so‘ng tushib ketgan siyosiy reytingini ko‘tarish maqsadida O‘zbekistonning pansionatlarni milliylashtirish qarorini imzolagan, degan fikrni bildirmoqdalar.