Bishkek Vashingtonni “siyosiy shantaj”da aybladi

AQSh Davlat departamentining 2015 yildagi inson huquqlari vaziyatiga oid yangi hisoboti Qirg‘iziston hukumati tomonidan "siyosiy shantaj” sifatida baholandi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, AQSh hisobotida Bishkek hukumatiga inson huquqlari vaziyati yuzasidan bildirilgan bir qator e’tirozlar mutlaqo o‘rinsizdir.

AQSh Davlat departamentining 13 aprel kuni e’lon qilingan turli mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga oid yangi hisobotida O‘zbekiston Shimoliy Koreya, Kuba, Xitoy, Eron va Sudan qatorida "tarixan avtoritar rejimlar" qatorida sanab o‘tilgan. Ayni paytda Qirg‘iziston nisbatan erkin davlat sifatida tilga olingan hamda bu mamlakatda inson huquqlari yo‘nalishida bir qator muammolar borligi e’tirof etilgan edi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining hisobot yuzasidan 16 aprel kuni tarqatgan bayonotida inson huquqlari vaziyatini yaxshilash yo‘nalishida AQShning tegishli institutlari ko‘rsatayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirilgan, Qirg‘iziston hukumati inson huquqlari masalasida bir qator muammolar borligini ochiq tan olishi va bu muammolarni bartaraf etish yo‘lida harakat qilayotgani ta’kidlangan.

Shundan so‘ng AQSh Davlat departamenti hisobotidagi ayrim ma’lumotlar haqiqatga zid kelishi va bu bilan Vashington Bishkekni “siyosiy shantaj” qilayotgani aytiladi.

AQSh Davlat departamenti hisobtida Qirg‘izstondagi "noqonuniy qamoqqa olishlar", “o‘zgacha fikrlovchilarni hukumat bosimiga uchrayotgani”, inson huquqlarini buzayotgan rahbarlar jazosiz qolayotgani, O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamalgan inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning huquqlari buzilayotgani tanqid qilingan.

Hisobotdagi ayni mana shu jihatlar Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining noroziligiga sabab bo‘lgan.

Qirg‘iziston parlamentining xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi Almazbek Batirbekov Tashqi ishlar vazirligining bayonotini qo‘llab –quvvatlashini aytdi:

- AQSh tarqatgan ma’lumotlar siyosiylashtirilgan, deb hisoblayman. Global ziddiyatlar davrida buni axborot urushiga tenglashtirsak ham bo‘laveradi, - dedi Almazbek Batirbekov.

Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati faollari esa Davlat departamenti hisobotida keltirilgan dalilar asosli ekanini aytmoqdalar. Ularga ko‘ra, so‘nggi yillarda so‘z erkinligi, yig‘ilishlar erkinligi buzilmoqda, hukumatga qarshi so‘z aytgan muxolifatchilar, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillari bosim ostida qolmoqda.

- So‘z erkinligi, nashrlarning zo‘rlik bilan boshqa muassislar ixtiyoriga o‘tkazilishi, jurnalistlarning bosimga olinishi to‘g‘risida ko‘p gaplar bo‘layapti. Ayni paytda sudlar mitinglar o‘tkazishni taqiqlab qarorlar chiqarayapti. Vaziyat, albatta, prezident Bakiev daridagiday og‘ir emas, biroq bu kabi holatlarning mavjudligi tashvishlanarlidir, - dedi taniqli huquq foli Dinara Oshuraxunova.

2015 yilda AQSh va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashgan edi. Bunga 2010 yilgi O‘sh qirg‘inida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarovga 2015 yil 15 iyulida Davlat departamentining "Inson huquqlari faoli" mukofoti topshirilishi sabab bo‘lgan.

Xalqaro hamjamiyat qirg‘iz militsiyasidagi korruptsiya va qonunbuzarliklarga qarshi kurashib kelgan Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini bildirib keladi.

Asqarovga mukofot topshirilganidan so‘ng qirg‘iz hukumati AQShga norozilik notasi jo‘natgan. O‘sha yilning 20 avgustida esa 1993 yilda imzolangan Qirg‘iziston - AQSh hamkorlik shartnomasi bekor qilingan edi.