Terrorchilikda ayblanayotgan aka-uka Azimovlar yaqinlari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi (VIDEO)

Ahror Azimov o‘g‘illari qiynoqqa solinayotganini iddao qilmoqda.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni uyushtirganlikda ayblanayotgan asli o‘shlik aka-uka Akrom va Abror Azimovlarning otasi Ozodlik bilan suhbatda¸ Lefortovo turmasida saqlanayotgan o‘g‘illarining qiynoqqa solinayotgani¸ ular yaqinlarining esa yoppasiga Rossiya fuqaroligidan mahrum etilganini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘izistonning O‘sh shahridan bo‘lgan Ahror Azimov o‘g‘illariga FSB tomonidan tayinlangan advokatlardan voz kechgani¸ o‘zi yollagan advokatlarning hibsda saqlanayotgan ikki farzandi bilan uchrashganini bildirdi.

Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan ota, advokatdan eshitganlariga tayanib, ikkala farzandining tergov jarayonida vahshiy tarzda qiynoqlarga solinganini aytadi:

- Men ikkila o‘g‘limga bo‘layotgan nohaqliklar haqida gapirmoqchiman. Bularni tarafini oladigan boshqa hech kim yo‘q! Bolalarimning ishlarini soxtalashtirib, yolg‘on ig‘volar bilan tiqib qo‘yishdi. 18 aprelda televizorda Abror o‘g‘limni pistolet bilan ushlashganini ko‘rdim. Aslida uni 4 aprel kuni boshiga qop kiydirib, qaergadir olib ketishgan ekan. Olib borib, 14 kun azoblashibdi - yalang‘och qilib, ustiga latta tashlab, ustidan suv quyib, nafas oldirmasdan, oyoqlariga, jinsiy a’zolariga toklarni ulashib, tok bilan urishibdi! Dubinkalar bilan urib, bir-ikki joyini sindirib qo‘yishgan ekan. Hamma hujjatlarga majburlab, qo‘l qo‘ydirishibdi. O‘zlari yollagan advokatlardan esa hech qanday yordam yo‘q. “Ushlandi” qilib, video olib, 17 aprel kuni olib boribdi. Ikkita reportaj qilishibdi -bittasida “DA!”, dedirib, boshqasida “NET!”, dedirib reportaj qilishibdi.

Negaligini bilmadim... “Seni qurolingmi?” degan joyiga ishlatgan bo‘lsa kerak-da! “Agarda ko‘nmasang, dadangni ham qip-yalang‘och qilib, cho‘chqalarga yem qilamiz!”, degan ekan, mendan qo‘rqib bolam bechora “Nima qilsalaring ham, dadamga tegmanglar!” , deb hamma hujjatlarga qo‘l qo‘yibdi, dedi Ahror Azimov.

Suhbatdosh ikkinchi farzandi – Akrom ham Qirg‘izistondagi shifoxonadan 15 aprel kuni qirg‘iz maxfiy xizmat xodimlari tomonidan olib chiqib ketilganini iddao qildi.

Abrorning otasi o‘g‘li qiynoqlarga solinayotganini iddao qilmoqda

U Akrom ham kenja o‘g‘li Abror kabi, videosahnalashtirish natijasida asosiy “ayblanuvchi”ga aylanib qolganini iddao qiladi:

- 15 aprel kuniyoq u FSB odamlari bilan Moskvaga uchirib yuborilgan. Bu yerda uni ham 4 kun qiynab, 19 aprel kuni televizorda avtobus bekatida “Granata bilan ushladik!” qilib ko‘rsatishdi. Hozir bolam nafas olishga qiynalayapti. Sud jarayonida bolalarim ayblariga iqror bo‘lishmasa ham, mahalliy televizorlarda “Aybiga iqror bo‘ldi!” deb ko‘rsatishayapti! Bu hammasi yolg‘on! - deydi Ahror Azimov.

Ahror Azimov bu ma’lumotlarni ular bilan nihoyat uchrashgan advokatdan olganini aytdi.

Otaning aytishicha¸ advokat Abror va Akromning tanasida qiynoq izlari, kuygan joylar saqlanib qolganini¸ tergovchilar Abrorning bitta qovurg‘asini dubinka bilan urib sindirishganini ham bildirgan.

Akrom va Abror Azimovlar shu yilning 17 va 19 aprel kunlari Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan Peterburg metrosidagi portlash tashkilotchisi sifatida gumonlanib¸ Moskvada qo‘lga olingan.​O‘shda tug‘ilib-o‘sgan aka-uka Abror va Akrom Azimovlarga nisbatan rasman terrorchilik va qurol saqlash ayblari qo‘yilgan.

Rossiya maxsus xizmatlari Sankt-Peterburg metrosidagi terror hujumini amalga oshirgani iddao qilinayotgan Rossiya vatandoshi Akbarjon Jalilovni aynan Abror Azimov tayyorgarlikdan o‘tkazganini gumon qilmoqda.

Ammo aka-ukalar advokati ularning bu ayblovni tan olmayotganini¸ Abror va Akromning Turkiya orqali tranzit yo‘li bilan Koreyaga borganligi fsbchilar tomonidan asosiy ayblov sifatida qo‘yilayotganini bildirdi.

Akrom Azimov shu yilning aprel o‘rtalarida Qirg‘izistondagi shifoxonadan olib ketilgan

​O‘shlik muhojir o‘g‘illari hibsga olinganidan keyin o‘zi ham jiddiy bosim ostida qolgani, ish joyi va yotoqxonasida ham tintuvlar o‘tkazilganini so‘zladi:

- Bundan tashqari menga bosim o‘tkazib, meni grajdanlikdan mahrum etishibdi. Buni televizorda Volkova ismli Tergov qo‘mita vakilasi gapirgan ekan. Internetdan ham keyin o‘zim ko‘rdim. Advokatlarim Permga jo‘natgan zaprosga ikki oydan beri grajdanlikdan mahrum etilganim borasida javob kelmayapti. Bundan tashqari, mening Permda yashaydigan akam, jiyanimga ham bosim qilib, ularni ham grajdanlikdan mahrum etishibdi. Ularda nima ayb?! Mening qarindoshligim uchun qilishayapti. Sudda esa “advokat bo‘ldi”, deb ishlarni soxtalashtirib o‘tkazishibdi. Abrorga dori berishmayapti – u nafas ololmasdan qiynalayapti. Odamni shunchalik xo‘rlash mumkinmi?! Qaerdan haqiqat topishni bilmayapman, dedi Ahror Azimov.​

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Аҳрор ака билан суҳбат

Advokat Dinze: Aka-ukalarga qo‘llanilgan qiynoqlar protokollashtirildi!

Joriy yilning iyun oyi o‘rtalaridan Ahror Azimov talabi bilan FSB tayinlagan advokatlar o‘rniga Abror va Akrom Azimovlarni Dmitriy va Olga Dinzelar himoya qila boshladi.

Ozodlik bilan suhbatda advokatlar aka-ukalar bilan ular saqlanayotgan Lefortovo izolyatorida oxirgi marotaba 14 iyul kuni uchrashgani va o‘z mijozlari qiynoqlardan shikoyat qilganini bildirdi:

- Akromni qiynoqqa solishda ishtirok etgan operativ xodimlardan biri 27 iyun va 4 iyul kunlari uning oldiga izolyatorga kelib, o‘z ustlaridan yozilgan arizani qaytarib olish va advokat Dinzedan voz kechishni talab qilib, qo‘rqitgan. Akromning qiynoqqa solingani to‘liq protokolga tushirildi. Akromning o‘zini to‘rt kun davomida qiynashgani, qo‘l-oyog‘i va boshqa a’zolariga tok ulanib, fsbchilar yozib bergan ma’lumotlarni yodlab olish talab qilingan. Akrom bu kunlarda yalang‘och holatda sovuq polda yotgan, unga na ovqat, na suv berilgan. Uning granata bilan qo‘lga tushgani videosi ham boshdan-oyoq sahnalashtirilgani ma’lum bo‘ldi, dedi Olьga Dinze jumladan.

Suhbatdosh o‘zini "terrorchilikka qarshi faol kurashchi" qilib ko‘rsatish maqsadida qiynoqlarga zo‘r berayotgan Rossiya maxsus kuchlari hatti-harakatlari ustidan Tergov Qo‘mitasi va prokuraturaga arz qilganini ma’lum qildi.

Advokatlar shuningdek¸ Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Moskvaning turli hududi, xususan "Tyopliy stan" mavzesi, Podolьsk shaharchasi va bevosita Lubyanka yerto‘lasida terrorchilikda ayblanayotgan shaxslarni qiynoqqa solish uchun maxfiy qamoqxonalar tashkil etganini iddao qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Advokat Olьga Dinze bilan to‘liq suhbat

Mazkur terror hujumi ortidan Rossiyaning turli mintaqalarida o‘tkazilgan “maxsus aksilterror amaliyotlari” davomida kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan o‘nlab odam qamoqqa olindi, yana o‘nlab odam tergovga tortildi.