O‘zbekistonni tark etib, Rossiyaning Qozon shahrida yashayotgan Ma’rifat Xudoynazarova voyaga yetmagan o‘g‘li 5 oydan buyon vaqtincha saqlash markazida ushlab turilganidan Ozodlikka shikoyat qildi.
Ona o‘g‘lining Toshkentga berib yuborilishidan xavfsiramoqda.
Xudoynazarovaning iddaosicha, uning oilasini Navoiy viloyat maxsus xizmatlari diniy ayblovlar bilan ta’qib qilmoqda, o‘zi ham, eri ham O‘zbekistonda ichki qidiruvda.
Tatariston poytaxti Qozon shahridan Ozodlikka murojaat qilgan 40 yoshli navoiylik Ma’rifat Xudoynazarova bir necha yildan buyon Rossiyada qochqinlik so‘rovchilar maqomida yashab kelayotganini aytdi.
Ikki yil oldin eri Rossiyadan deportatsiya qilingan. O‘zi esa, 4 bolasi bilan Qozonda qolgan.
Xudoynazarovaning aytishicha, joriy yilning aprelida uning 17 yashar katta o‘g‘li Muhsinjon “migratsiya qonunchiligini buzganligi” vaji bilan Esh-O‘ram mavzesidagi Xorijliklarni vaqtincha saqlash markaziga jo‘natilgan:
- Biz 4 oy bo‘layapti o‘g‘limni chiqarmayapti, sog‘ligi yaxshi emas. Ismi Naimov Muhsinjon, hali 18 yoshga kirmagan voyaga yetmagan bolani ushlab o‘tirishibdi, dedi ayol.
Xudoynazarovaning iddao qilishicha, ularning oilasi O‘zbekistonda namoz o‘qigani uchun taqib qilingan, ta’qiblardan bezor bo‘lganidan eri Rossiyaga ishlashga ketgan, uning ortidan oila ham Rossiyaga kelgan.
Qochqin ayol O‘zbekistonda uni va erini “vahhobiylik” yoki “hizbchilikda” ayblashayotganini bildirdi.
Xudoynazarovaning aytishicha, u Qozon politsiyasining Migratsiya bo‘limiga 4 yashar, 13 yashar va 16 yashar qizlari hamda 17 yashar o‘g‘li nomidan qochqinlik maqomi so‘rab ariza topshirgan.
Ma’rifat Xudoynazarovani maxfiy xizmatlar ularning Navoiyda qolgan yaqinlariga bosim o‘tkaza boshlaganidan keyin Ozodlik orqali rasman murojaat qilishga qaror qilgani ma’lum qildi.
- Harbiy formadagi 3-4 kishi borib, akamga “Singlingiz Turkiyaga ketgan. Bizlar isbotlab beramiz!” deb aytishgan. Qanday isbotlab beradi, Turkiyada bo‘lmasak?! Akamga “Keling bizni ko‘ring – biz Rossiyadamiz”, deb aytganman. Akam ularga ishonib yig‘lab gapirdi “Endi ko‘risha olmaymizmi?”, deb. Bizning aybimiz – namoz o‘qishimizda! Bizlarni “Hizb-ut Tahrir”ga, “vahobiylarga”, “terroristlarga qo‘shilgan” degan gap etkazishayapti. Biz siyosatga umuman aralashmaganmiz. Murojaatim shuki, bizni hech bo‘lmasa mana shu yerda, tuhmat qilmasdan, tinch qo‘yishsin. Birovni tuhmat qilib qamash osonmikan?! – dedi Ma’rifat.
Ma’rifat Xudoynazarovaning iddaolari yuzasidan O‘zbekiston maxsus xizmatlaridan izoh olish imkonsiz.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ma’lum bo‘lishicha, 17 yashar Naimov Muhsinjon vaqtincha saqlash markaziga Qozon shahar Privoljskiy tuman sudi qarori bilan “migratsiya qonunchiligini buzgani” uchun joylashtirilgan.
Tatariston Oliy Sudi Muhsinjonning sud qarori ustidan qilgan shikoyatini qondirmadi.
“1999 yilning 24 avgustida tug‘ilgan O‘zbekiston vatandoshi Naimov Muhsinjon Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 18.8 moddasi 1.1 qismi asosida ma’muriy javobgarlikka, ya’ni 2000 rubllik jarimaga tortilgani va Rossiya Federatsiyasi hududidan badarg‘a qilinishi yuzasidan bergan shikoyati qondirilmasin, unga nisbatan qo‘llanilgan jazo o‘zgarishsiz qolsin”, deyiladi Tatariston Oliy sudi qarorida.
Muhsinjon Naimov ishini olib borayotgan advokat Guli Ballafendieva Xudoynazarova va uning farzandlari holati borasida Oliy Sud va Bosh prokuraturadan tortib mahalliy Bolalar Ombudsmanigacha ma’lumot yetkazganini bildirdi.
Ozodlikning “Voyaga yetmagan bolani 5 oydan buyon izolyatorda saqlash qanchalik qonuniydir?” savoliga himoyachi bunday javob berdi:
- Rossiya Ma’muriy Kodeksiga muvofiq ular bolani ushlab turishlari mumkin ekan – men ataylab ko‘rib chiqdim, shunday modda bor ekan. Avgust oxirlarida Oliy sudda boshqa shikoyatimiz ko‘rib chiqilishini kutyapmiz. Muhsinjon hozir maqom olish jarayonida va shu bois uni hech kim chiqarib yuborishga haqqi yo‘q. Faqat qochqinlik maqomini olishi dargumon bo‘lib turibdi. Biz bu ishga jalb qilish mumkin bo‘lgan barcha idoralarni tortdik, ma’lumot yetkazdik. Ular 16 yoshli bolalarni ham ushlab turishganiga guvoh bo‘ldim, dedi advokat Guli Ballafendieva.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Huquq himoyachisi Ma’rifat Xudoynazarova va uning farzandlariga Rossiya qochqinlik maqomini berishdan bosh tortsa, ular ishi yuzasidan Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga ariza hozirlanishini ma’lum qildi.