O‘zA axborot agentligi “Ta’lim tizimining “o‘zbek modeli” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilganiga roppa-rosa 13 oy to‘ladigan kun arafasida prezident Mirziyoev o‘sha modeldan voz kechishga, har holda bu modelni keskin o‘zgartirishga qaror qilgani aniq bo‘lib qoldi.
“Ta’lim tizimining “o‘zbek modeli”dan voz kechish yo‘lidagi birinchi qadamni Shavkat Mirziyoev 16 iyun kuni Toshkent shahridagi 78- maktabga borganida tashlagan edi.
Oradan roppa-rosa 2 oy o‘tib, 16 avgust kuni o‘tkazgan majlisi to‘g‘risidagi xabardan yangi modelning qanday bo‘lishini anglash mumkin.
"Ta’limning Mirziyoev modeli" Ozodlik suhbatlashgan pedagog olimning fikricha, ba’zi jihatlari bilan Nikita Xrushchev joriy qilgan modelni eslatmoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bugungi gap 13 oy oldingi gap fonida
Yangi modelni to‘liqroq anglash uchun 2016 yil 19 iyulda, Islom Karimov tirikligida O‘zA e’lon qilgan maqoladagi mana bu ma’lumotni eslash lozim.
“…bu yil umumta’lim maktablarining 9-sinfini 476 ming 616 o‘quvchi bitirdi. Ularning 7,5 foizi akademik litseylarda, 92,5 foizi kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirish istagida ariza topshirgan”, deyilgan edi “Ta’lim tizimining “o‘zbek modeli”, degan sarlavhali maqolada.
Demak, ortda qolgan 2016-2017 o‘quv yilida O‘zbekistonda bironta ham 10- sinf komplekti bo‘lmagan.
15 kundan keyin boshlanadigan yangi o‘quv yilida mamlakat maktablarida 10- sinflar paydo bo‘ladi, lekin hammasi bo‘lib qancha sinf ochilishi, ularda qancha bola o‘qishi hozircha aniq aytilmadi.
Prezident o‘tkazgan majlis to‘g‘risidagi xabarda bunday deyilgan:
“Belgilangan vazifaga muvofiq, umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini o‘z hohishiga ko‘ra 10-sinfda o‘qishini davom ettirishi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qamrab olish ishlari izchil davom etmoqda”.
Lekin xabardagi boshqa gapga qaraganda, hukumatning qancha bola maktabda qolishiyu qanchasi kollejga o‘tishiga oid hisob-kitob tayyor bo‘lgan:
“Maktablarda 10-sinf ochilishi munosabati bilan 22 ming o‘qituvchiga ehtiyoj yuzaga keladi. Shularning 9,5 ming nafari oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobidan, 13 ming nafari litsey va kollejlar o‘qituvchilarini jalb etish hisobidan qoplash rejalashtirilyapti”.
Xabarda, shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, 10-sinflarda dars beradigan 116 ming o‘qituvchi malaka oshirish kurslariga yuborilishi, 10-sinf o‘quvchilari uchun 8,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilayotgani aytilgan.
Kollejlaru litseylar nima bo‘ladi?
Prezident o‘tkazgan majlisda 10-11-sinflar joriy etilib, kollejlarda kontingent qisqarishi munosabati bilan 7 ta kollej va akademik litsey negizida yangi 3 ta oliy ta’lim muassasasi filiallari va 1 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etilayotgani aytilgan.
Xabarda yangi o‘quv yilida qancha kollej va qancha litsey qolishi haqida gap yo‘q.
2016-2017 o‘quv yilida butun O‘zbekiston bo‘ylab 144 akademik litsey, 1411 kasb-hunar kolleji bor edi va ularda jami 1 million 500 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olgan.
Prezident Mirziyoev 14 martda imzolagan qarorga binoan joriy yil sentabridan O‘zbekistondagi mavjud 144 ta akademik litseydan 86 tasigina qoladi. 54 ta litsey kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi, 4 tasi esa, tugatiladi.
Mavjud 1411 ta kollejga sobiq litseylar o‘rnida tashkil qilinadigan yangi 54 ta kollej qo‘shilib, kollejlarning umumiy soni 1465 ta bo‘ladimi yoki bu son qisqaradimi? Bu savolga hozircha javob yo‘q.
“O‘zbek modeli”ning eskisi va yangisi
2016 yilning 19 iyulida O‘zA axborot agentligi maqtanib, bunday yozgan edi:
“Bugungi kunda hayotimizga muvaffaqiyatli tatbiq etilgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi uzluksiz ta’lim tizimining mutlaqo muhim va yangi bo‘g‘inidir. 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimini o‘zida mujassam etgan ushbu bo‘g‘in kelajagimiz egalariga umumta’lim fanlari bilan birga ikki-uch mutaxassislik bo‘yicha zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallash, axborot texnologiyalari va chet tillarini o‘zlashtirish imkonini bermoqda”.
Oradan 1 yil o‘tib, prezident Mirziyoev 16 avgustda o‘tkazgan majlisda mana bu gap aytildi:
“O‘quv rejasiga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilandi. Kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan 2703 ta maktab uchun 1103 ta maktabda, 6956 maktab uchun esa 615 ta kollejda o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi”.
Unutilgan eski narsa yangi tuyuladi
Hozirda Norvegiyada yashayotgan o‘zbekistonlik pedagog olim Abdulla Abdurazzoq o‘g‘lining fikricha, ta’lim sohasida Mirziyoev boshlagan islohot Nikita Xrushchev o‘tkazgan islohotlarni eslatmoqda.
Masalan, 1954-1955 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlashga emas, balki ishlab chiqarishga tayyorlashga zo‘r bera boshlagandilar.
O‘sha yili joriy etilgan o‘quv rejasiga ko‘ra, 1-4 sinflarda mehnat darslari, 5-7 sinflarda ustaxonalar va tajriba uchastkalarida amaliy mashg‘ulotlar, 8-10 sinflarda haydovchilik, elektromontyorlik kabi kasblarga yoki qishloq xo‘jaligiga oid mutaxassisliklarga o‘rgatishga e’tibor qaratilgan.
Abdulla Abdurazzoq o‘g‘li o‘rta maktabni 60- yillar boshida bitirgan va attestat bilan birga tokarlik diplomini olgan.
- Biroq sinfdoshlarim orasida faqat men 2 yilcha tokarlik qildim. Chunki oilaviy sharoitimizdan kelib chiqib, qunt bilan o‘qigan, tokar bo‘lishga o‘zim harakat qilgan edim, sinfdoshlarimdan birontasi ham bu kasbga qiziqmagan, binobarin kasbni egallagani ham yo‘q, - dedi Abdulla Abdurazzoq o‘g‘li.
Pedagog olim Ozodlik bilan suhbatda “maktab sinov maydoni emas, uning taqdiri bir kishining xohish-irodasi qurboni bo‘lmasligi lozim, bu masala keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tishi kerak, dedi.
O‘shanday muhokamalardan birini Ozodlik Qurultoy eshittirishida o‘tkazgan edi.