10 oktabr kuni Voronej viloyatining Komintern tumanida o‘z chaqalog‘ini 30 ming rublga sotishga uringan o‘zbekistonlik 29 yashar ayol va uning 39 yashar fuqaroviy eriga nisbatan jinoiy ish ochildi. So‘roq davomida ota-ona O‘zbekistonga qaytish uchun biletga pul topish maqsadida chaqaloqni sotganini bildirgan.
Ikki nafar O‘zbekiston vatandoshi – ismi oshkor qilinmayotgan 29 yashar ayol va u bilan birga yashab kelgan 39 yashar erkak Rossiyaning Voronej shahrida bolafurushlikda ayblanib qo‘lga olindi.
2017 yilning 10 oktabri kechki soat 10 larda Voronejning Gazovaya ko‘chasida bu ayol va erkakka bolani sotib olish uchun pul bergan va ulardan oldi-sotdi haqida tilxat yozdirib olganlar politsiya maxsus bo‘limining operativ xodimlari bo‘lib chiqdi.
Hodisa tafsilotlarini Ozodlikka ma’lum qilgan Voronej viloyat Tergov qo‘mitasi rasmiysi adliya mayori Yelena Manukovskaya¸ chaqaloqning 30 ming rublga "narxlanganini" aytadi:
- Birga yashab kelgan bu ayol va erkak jinoyat sodir etganlikda ayblanib Tergov qo‘mitasi xodimlari tomonidan hibsga olindi. Ularni sud qarori bilan hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kutilayapti. Yangi tug‘ilgan qizaloq tibbiy muassasaga yuborildi va o‘sha yerda qolmoqda, dedi Tergov qo‘mitasi rasmiysi.
Tergovning dastlabki xulosasiga binoan, o‘zbekistonlik ayol shu yilning 8 sentyabrь kuni ijaraga olingan kvartirada tibbiy yordam va ijtimoiy xizmatlar ishtirokisiz tuqqan. U bolaning otasi bilan Voronejda sha’riy nikohda yashab kelgani, shu sababli chaqaloqqa tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma ham olinmaganini bildirgan.
Dastlabki tergov materiallariga ko‘ra¸ bolaning ota-onasi o‘z farzandini sotishga qaror qilganidan so‘ng¸ tanish-bilish orqali “xaridor” izlay boshladi:
- Bu hodisa boshidanoq Voronej politsiyasi nazoratiga tushib qoldi va maxsus operativ amaliyot natijdasida ularning jinoiy amallarga ro‘yobga chiqmasdan qoldi. Ayol va erkak 30 ming rubl miqdoridagi maxsus belgilangan pullarni olib, tilxat yozib bergan zahotiyoq qo‘lga olindi, dedi Yelena Manukovskaya.
Tergovchilar savollariga bergan javoblaridan Rossiyada vaqtinchalik qayd muddati tugayotgani bois¸ bolafurushlikda ayblanayotgan muhojirlar O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgani¸ hujjatsiz chaqaloqni olib chiqib ketish imkoni bo‘lmaganidan¸ uni sotib pulni yo‘l kiraga sarflashni rejalaganini aytgan.
Ismini oshkor qilishni istamagan tergov xodimi Ozodlikka voqeaning biroz boshqaroq sabablari borligini bildirdi. 39 yashar erkak ayolni boshqa erkakdan homilador bo‘lganlikda gumonlab, bolani o‘ziniki sifatida tan olmasligini aytgan va chaqaloqni sotishga majburlagan.
Hozirda o‘zbek muhojirlari Rossiya Jinoyat Kodeksining 127.1- moddasining 2-qismi bo‘yicha “odam savdosi” jinoyati sodir etganlikda ayblanmoqda. Bu jinoyat uchun Rossiya qonunchiligida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.