13 noyabr Suriyadan Rossiyaga evakuatsiya qilingan 41 kishining aksariyati ayollar va bolalardir. Chechenistonning Grozniy shahar aeroportiga kelib qo‘ngan maxsus bortda voyaga yetmagan ikki o‘zbekistonlik ham bor. Bu haqda Ozodlikka Checheniston Tashqi ishlar vazirligi bildirdi.
Ozodlik yuborgan rasmiy so‘rovga javoban Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Checheniston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Bislan Mazaev Suriyadan olib chiqilganlar orasida ikki o‘zbekistonlik borligini bildirarkan, bunday dedi:
- O‘zbekistondan ikkita bola bor ekan. Bolalarning onasi Rossiya grajdani ekani ma’lum bo‘ldi. Bolalarga Rossiya grajdanligi rasmiylashtirilmasdan qolgan ekan. Maxsus reys bilan kelgan xorijliklar o‘z davlatlari elchixonalariga tarqatildi. O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limidan ularni ko‘rishga xodimlar keldi. Xususan, konsullik bo‘limi boshlig‘i Sobir Yo‘ldoshev shaxsan o‘zi kelib, vaziyatni o‘rgandi, shaxsan ular bilan uchrashdi va gaplashdi. Bilishimcha, ilgari O‘zbekiston vatandoshligiga ega bo‘lgan, hozirda rossiyalik bu ayol Rossiyada qoldi. Bolalar ham u bilan birga, degan umiddaman, dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Chechenistondagi rasmiy vakili Bislan Mazaev.
Vazirlik rasmiysi, hozircha, bu ayol va bolalarga tegishli bo‘lgan boshqa ma’lumotlar, ommaviy axborot vositalarda ochiqlanmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ham qo‘shimcha qildi.
Bislan Mazaev Suriyada janglar borayotgan hududlarda yana ko‘plab MDH davlatlari grajdanlari, jumladan o‘zbekistonliklar qolayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar borligini aytdi.
- U yerdan qaytib kelganlar so‘zlariga ko‘ra, urush borayotgan hududlarda MDH davlatlaridan, jumladan O‘zbekistondan bo‘lgan odamlar qolmoqda. U yerda ishimiz davom etmoqda va yangi ma’lumotlarning kelib tushishiga qarab ish tutamiz, dedi Bislan Mazaev.
Vazirlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, Suriyadan navbatdagi maxsus bort Grozniyga yana 10-15 kundan keyin kelishi mumkin.
Oldinroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 13 noyabrdagi maxsus reysda qaytganlarning aksari bolalar va ayollar ekanini o‘zining Instagram sahifasida bildirgan edi:
"Ular harbiy harakatlar olib borilayotgan zonaga bolalarning otalari va ayollarning erlari o‘ylamasdan qilgan jinoiy amallari natijasida tushib, terrorchi iblislar davlati qatoriga qo‘shilib qoldi. Oldinroq biz Suriya va Iroqdan 48 odamni olib chiqqan edik. Endi bolalar va ularning onalari xavfsizlikda!... Shu tariqa, biz oilalariga shu kungacha 89 kishini qaytarib keldik. Olib borilgan qutqaruv ishlari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki MDHning qator davlatlari grajdanlari huquqlari bilan bog‘liq", deb yozdi Ramzan Qodirov.
Chechen rahbarining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha vakili Ziyod Sabsabi Suriya lagerlaridan olib kelinganlar soni 41 kishi ekanini bildirdi.
- Bugun 41 kishi olib kelindi. Ulardan 5 nafari Qozog‘iston, ikkitasi O‘zbekiston, 36 kishi – Rossiya Federatsiyasi vatandoshlaridir, dedi Grozniy aeroportida jurnalistlarga ma’lumot bergan Ziyod Sabsabi.
“Grozniy Inform” axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu maxsus reys 2017 yilning avgust oyidan buyon Suriyaga borib qaytgan oltinchisidir. Agentlik Checheniston poytaxtiga keltirilgan ayol va bolalarning asosiy qismini Rossiyaning Boshqirdiston, Oryol, Dog‘iston, Checheniston va boshqa mintaqalaridan Suriyaga ketib qolganlar tashkil etadi.
Avgust oxirlarida Iroqdan Rossiyaga olib chiqilgan yetim qolgan bolalar orasida 8 yoshli Maryam ismli qizcha ham borligi xabar qilingan edi. U ikki opasi va akasi bilan Misrda tug‘ilgani, ota-onasi bilan yashagani, keyin Iroqqa kelib qolgani va o‘sha yerda uning aka-opalari va ota-onasi xalok bo‘lganini aytib berdi.
Ekspertlar bolalar uyida qolayotgan qizaloq Tojikistondan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
Suriya va Iroqdagi jangari guruhlar safida jang qilayotgan o‘zbekistonliklar sonining 500 nafardan ko‘pligi taxmin qilinadi.
Qurolli jangarilar ayrimlari oilalarining ham Suriya va Iroqqa o‘z erlari yoniga ketgani aytilsa-da¸ bundaylar soniga oid aniq raqam yo‘q.