Klin shahrida (Moskva oblasti) o‘zbekistonlik muhojir ayolning tashqariga bir o‘zi o‘ynagani chiqib ketgan 6 yashar qizini politsiya xodimlari olib ketdi. Buxorolik Feruza O‘tkirova 17 kundan buyon bolalar reabilitatsiya markazida qolayotgan qizini davlat tortib olishi mumkinligidan xavfsiramoqda.
17 kundan buyon bolasini bir marta ko‘rganini aytgan Feruza O‘tkirova bola qanday qilib politsiya qo‘liga tushib qolganini Ozodlikka so‘zlab berdi:
- 3 noyabr kuni 19 yashar o‘g‘limni qizim bilan tashlab, bozorga ketdim. O‘g‘limga ishxonasidan ishga chiqishini so‘rashgan – u menga telefon qila olmasdan, bolani ustidan qulflab, chiqib ketgan. Ruxshona eshikni ochib, ko‘chaga chiqqan. Men soat 11:30 larda keldim – bola yo‘q, eshik ochiq. O‘yladim – akasi bilan ketgan bo‘lsa kerak. O‘g‘lim soat 3 larda kelib, "Ruxshonaning qaerdaligini bilmayman”, dedi. Ichki ishlarga borsak, “Bizga unday bola keltirishmagan!”, degan. Keyin Chaykovskiy politsiya bo‘limida seshanba kuni kelishimizni aytishdi. Keyin PDNdan (bolalar inspeksiyasi- tahr.) kelgan ikkita ayol kelib, “Bolani biz olib qo‘ydik. Bola urilgan, hamma joyi ko‘kargan”, deyishdi. Bizlar umuman bolaga qo‘l ko‘tarmaymiz! dedi Feruza.
6 yashar Ruxshona hozirda Klin shahri “Soglasie” voyaga yetmaganlar reabilitatsiyasi markazida ekani ma’lum bo‘ldi.
Vasiylik organi xodimlari voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha komissiya qaror chiqarguniga qadar bola onasiga qaytarilmasligini bildirishgan.
Feruzaning aytishicha, markazda undan bolaga tegishli hujjatlarning asl nusxalarini olib qo‘yishgan, uyni tekshirgani kelgan vasiylik organi xodimlari esa, uydagi sharoitlarni nomaqbul deb baholagan.
- Endi man sizga aytaman: bola ko‘chaga chiqqan payti qo‘shni uyda yashovchi PDN xodimi ko‘rib qolgan. Keyinroq, bola bilan uyga xodimlardan kimdir kirgan. Kvartira pulini to‘lash uchun biz pulni tepaga olib qo‘ygan edik. Kvartiramizda pulga hech kim qo‘l tekkizmaydi. O‘sha 10 ming rubl uydan yo‘qolgan. Kameralar ishlamas ekan, ko‘rolmadik. Ular bolani kiyintirgan, eshikni ochiq qoldirib, chiqib ketgan, dedi suhbatdosh.
Buxorolik ayol o‘zi bog‘chada ishlagani va pedagogik stajiga ekanini gapirar ekan, shunga qaramasdan militsiya va vasiylik idorasi xodimlari bolani qaytarib bermaslik bilan tahdid qilayotgani, har safar “Soglasie”da haqoratlar eshitayotganini bildirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Feruza katta qiyinchiliklar bilan Ruxshonani bir hafta o‘tib 3 daqiqagagina ko‘rishga ruxsat ololganini aytadi:
- Meni ular kamsitib, “Senlar sigansanlar! Bolang Maugliga o‘xshaydi! Senlarda yashash joying ham yo‘q! Men shunday qilamanki, bolangni olib qo‘yishadi”, deb kamsitishga tushishdi. Bolam bir o‘zi izolyatorda ekan. Psixolog “Man bola bilan gaplashaman, juma kuni kelasan”, dedi. O‘tgan juma kuni nihoyat ko‘rishdik - ishonasizmi, bola 100 foizga o‘zgarib ketgan! Meni oldimga kelib, qarab turibdi. “Zdravstvuyte!”, dedi menga. Bolani quchoqlamoqchi bo‘lsam, o‘zini orqaga tashlab, “Hech kimni ko‘rgim yo‘q”, deb, bir menga, bir psixologga qaraydi, deydi Feruza.
Ozodlik “Soglasie” reabilitatsiya markaziga ulanib, bu masalada hech qanday izoh berilmasligi javobini oldi.
Voyaga yetmagan bolalar ishlari bo‘yicha Klin politsiya bo‘limi mulozimlari ham "bu masalada faqat rasmiy murojaatnomaga javob berilishini" bildirish bilan cheklandi.
Feruza O‘tkirova yollagan advokati Viktor Deyko ham politsiyaga bir marta borib kelganidan keyin o‘zgarib qolgani va savollarga javob berishdan bosh tortayotganini aytdi.
Vaziyatni kuzatib borayotgan huquq faollari fkiricha, bolaning hayoti bevosita xavf ostida bo‘lmasa, vasiylik organi xodimlarining uni olib ushlab turishi noqonuniydir..
“Bolaning hayoti va sog‘ligiga hech qanday xavf bo‘lmagan bir sharoitda vasiylik va homiylik idoralari xodimlari uni tortib olishga hech qanday haqlari yo‘q edi (Rossiya "Oila Kodeksi"ning 77- moddasi)”, deb yozdi o‘zining Feysbuk sahifasida vaziyatni kuzatib borayotgan huquqshunos Botirjon Shermatov.
Ozodlik Rossiyada muhojir bolalarini vasiylik idoralari tortib olishi bilan bog‘liq boshqa holatlar to‘g‘risida ham oldin xabar bergan.
Moskvaning janubi-sharqida joylashgan Melnikova ko‘chasidagi uylardan birida ikki farzandi bilan ijarada turgan Nigora M.ning kvartirasiga 2017 yilning 5 may kuni FSB va politsiya bostirib kirib, 2 yashar Mubinaxon va 4 yashar Xoshiyaxon ismli qizchasini biror ortiqcha tushuntirishlarsiz tortib olib qo‘ygan.
Bir yoshli go‘dagi bilan Rossiya poytaxtida yashayotgan 30 yashar Nilufar Mamasaidova esa, 26 dekabr kuni Moskvadagi uyini o‘g‘ri urgani, narsalari bilan birga hujjatlari ham o‘g‘irlangani, politsiyaga o‘g‘irlik to‘g‘risida ariza yozishga borganida esa qo‘lga olingan. Politsiya xodimlari 1 yashar qizi Manijani ham olib qo‘yib, kasalxonaga yotqizganini aytgan. Nilufarning o‘zi esa 3 kunga qamalgan.
2015 yilning 13 oktabrda besh oylik Umarali Nazarov onasi Zarina Yusupova migratsiya qoidasini buzganligini hujjatlashtirish uchun Sankt-Peterburg shahri Admiraltey tumani ichki ishlar bo‘limiga olib boriladi va besh oylik bolakay onasidan zo‘rlik bilan tortib olinadi.
Oradan bir kun o‘tib, 14 oktabr kuni ertalab, Zarinaga telefon qilishib, Umarali kasalxonada jon bergani va jasadni kasalxona morgidan olishlari mumkinligini aytishgan.