Shvetsiya PEN-klubi Rashidovga bag‘ishlangan festival o‘tkazilishiga qarshi chiqdi

Londondagi Silk Road Media nashriyoti rahbari Marat Ahmedjonov.

Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida 17-20 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan VI Yevroosiyo adabiyoti festivalida mahalliy kasaba uyushmalaridan biriga tegishli kichikroq zalda o‘zbek adibi Sharof Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i” kitobi taqdim qilindi.

Festival tashkilotchisi¸ noshir¸ markazi Londonda joylashgan Yevroosiyo ijodiy gildiyasi raisi Marat Ahmedjonovning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ Sharof Rashidovga bag‘ishlangan tadbirning Nobel muzeyi yoki Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilishiga Shvetsiyadagi bor necha tashkilot¸ shu jumladan Shvetsiya PEN-klubi jiddiy qarshilik qilgan:

- Yozuvchi Sharof Rashidov tug‘ilgan kunning 100 yilligiga bag‘ishlangan VI Yevroosiyo adabiyoti festivalining Stokgolmda o‘tkazilishini Shvetsiya PEN-klubi tanqid ostiga oldi. PEN-klub Rashidovni “sovet mulozim deb hisoblagani bois, yozuvchi deya ulug‘lanishi maqsadga muvofiq emas, deyishdi. Oqibatda tadbirni Stokgolmda o‘tkazish masalasi murakkablashdi. Nobel muzeyi ham ¸ Yozuvchilar uyushmasi ham o‘z binosida bunday tadbirga izn bermasligini aytishdi. Chekkaroqdagi kamtar bir binoning kichikroq xonasini ijaraga olib, adabiyot festivalini o‘tkazdik¸ deydi Marat Axmedjonov

Uning aytishicha, Shvetsiya PEN-klubi vakillari Rashidovni mustabid deb atagan:

- E’tirozlar ko‘p bo‘ldi. Bizni hukumat (rasmiy Toshkent - tahr) ko‘z qarashini targ‘ib qilishda ayblashdi. Rashidovni Markaziy Osiyodagi diktatura tamsilchisi ham deyishdi. Asosiy muammo Sharof Rashidovning Sovet partiya funksioneri o‘laroq tarixda qora dog‘ qoldirganiga oid, menimcha, asossiz e’tirozlar bo‘ldi. Oxirgi daqiqada pen-klub nomidan kelgan e’tirozni o‘qib beray: “Festival Sovet diktatori Sharof Rashidovga bag‘ishlanganini e’tiborga olgan holda Shvetsiya PEN-klubi bu tadbirda ishtirok eta olmaydi”, deyiladi e’tiroz maktubida.

Ayni paytda londonlik noshir, Silk Road Media nashriyoti rahbari Marat Axmedjonov Sharof Rashidovni buyuk davlat arbobi va u yozgan “Kashmir qo‘shig‘i" kitobini e’tiborga loyiq adabiyot asari deb bilishini ta’kidlaydi:

- Sharof Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i” kitobini ingliz tiliga taniqli tarjimon va muxolifatchi Aleksey Ulko tarjima qildi. Kitobni taniqli qozoq rassomi Aygul Xakimjanova bezadi. Kitob muxarriri Robin Tomson. Kitob muallifning yuz yilligi bois nashr qilindi. Bu asar Kashmir xalqining Xindistondan mustaqil bo‘lish kabi ezgu kurashiga bag‘ishlangan. Kitob uchun hech bir davlatdan hususan O‘zbekistondan mablag‘ olinmadi¸ deydi noshir.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Shvetsiya pen-klubi Sharof Rashidovga bag‘ishlangan adabiët festivali o‘tkazilishiga qarshi chiqdi

Toshkentlik munaqqid va blogger Akmal Rizaev Ozodlik bilan suhbatda Shvetsiya PEN-klubining Rashidovni tanqid qilganligini to‘g‘ri deb hisoblaydi:

- Stokgolmda taqdim qilinayotgan kitob Kashmir xalqining mustaqillik harakatini ulug‘laydi. Muallifga tasanno. Lekin o‘zga xalqning mustaqillik kurashiga kitob bag‘ishlagan Rashidov o‘z xalqining mustaqillik uchun kurashgan qaxramonlarini dushman deb bilgan. Bugun mustaqil O‘zbekistonda ulug‘lanaëtgan Sharof Rashidovning “G‘oliblar” romanida mustaqillik uchun kurashganlar salbiy obraz sifatida¸ mamlakatni ulkan paxta plantatsiyasiga aylantirgan sovet mulozimlari esa, ijobiy siymo sifatida gavdalantirilgan. Bundan tashqari Rashidov o‘z asarlari va chiqishlarida Qodiriy¸ Behbudiy¸ Cho‘lpon va Fitrat kabi jadid adabiyoti vakillarini qoralab gapirgan, dedi blogger.

U O‘zkompartiya birinchi kotibi Sharof Rashidovning 1962 yilning 25 yanvarida O‘zbekiston ziyolilarining 3- qurultoyida aytgan gaplaridan iqtibos keltirdi:

“Ba’zi kishilar shaxsga qarshi kurash bilan birga jadidchilik va uning g‘oyasini ham himoya qilmoqni istaydilar. Biz bunga xayrixohlik ko‘rsata olmaymiz va yo‘l ham qo‘ymaymiz. Shaxsga sig‘inish vaqtida ba’zi bir jadidchilar va bularga yaqin bo‘lgan o‘qituvchilar, yozuvchilar va jurnalistlar tazyiq ostida qoldirilgan edi. Keyingi vaqtlarda bular oqlandi. Lekin teskarichi va aksilinqilobchi bo‘lgan jadidchilik oqlanmadi. Pan-Islomchilik va Pan-Turkchilik jadidchilikning asosiy g‘oyasi edi. Sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan bosmachilik harakati mana shu jadidchilar, pan-islomchilar va pan-turkchilar tarafidan muhofaza etilgan edi. Kimki jadidchilikni himoya etish harakatida bo‘lsa, u dushmanni himoya etadi”, deya ta’kidlangan matn "Pravda Vostoka" gazetasining 1962 yil 26 fevral sonida e’lon qilingan¸ deb esladi Rizaev.

Londondagi Silk Road Media nashriyoti esa, qatag‘on qurbonlari bo‘lgan jadid adiblar asarlarini chop qilib obro‘ qozongan. Shu ma’noda nashriyot “jadid dushmani va Kreml oshig‘i” Rashidovni ulug‘lab, o‘z qadriyatlariga qarshi chiqmadimi?

Bu savolga javob berarkan, noshir Marat Ahmedjonov “Mavzu doirasini “Kashmir qo‘shig‘i” kitobi bilan chegaralamoqchi bo‘lganini aytdi:

- Men Sharof Rashidovni partiya funksioneri sifatida targ‘ib qilmayapman. Men Rashidovning ehtimoliy xatoyu qilmishlarini oqlamoqchi ham emasman. Uning O‘zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi bo‘lgani mamlakat uchun salbiy oqibat kasb qilganini ham inkor qilmayman. Men Jizzaxda tug‘ilib o‘sgan va bundan faxrlangan bir o‘g‘il sifatida hamyurtlarim uni sevgani va hurmat qilganini eslayman. Biz taqdim qilgan kitob - “Kashmir qo‘shig‘i” uning boshqa kitoblaridan farq qiladi. Kitobning ingliz tilidagi tarjimasi o‘nlab ijobiy taqrizlar oldi. Darvoqe, shunday taqrizlardan biri Hamid Ismoilovga oid. Balkim siz aytgan “G‘oliblar” yoki boshqa kitobida mafkuraga bog‘liq zaiflik bo‘lsa bordir, bahslashmayman. Lekin “Kashmir qo‘shig‘i ”badiiy asar sifatida sevilishga loyiq¸ dedi Marat Ahmedjonov.

Londondagi Silk Road Media nashriyoti rahbari Marat Ahmedjonov asli o‘zbekistonlik. 41 yashar Ahmedjonov o‘z nashriyotiga 2002 yilda asos solgan. Noshir, asosan, markaziy osiyolik adiblar asarlarini nashr qilish bilan mashg‘ul.