Shu yilning 15 yanvar kuni Rossiyaning Ryazan viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘lgan 4 nafar o‘zbek muhojirining jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi.
Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan O‘zbekiston Favqulodda Vaziyatlar vazirligining Rustambek ismli rasmiysi vafot etganlarning jasadlarini olib kelish 3 bosqichda: 13 yanvardan 15 yanvargacha “Moskva - Andijon”, “Moskva - Termiz” va “Moskva - Buxoro” reyslari bo‘yicha amalga oshirilganini aytdi:
- Jasadlar olib kelindi. Voqea 11 yanvar kuni Ryazan viloyatining Ryajskiy tumanida sodir bo‘lgan. 13-15 yanvar kunlari uchta etapda olib kelishdi, chunki ular har xil viloyatdan. Hammasi olib kelinib, dafn marosimlari ham o‘tib bo‘ldi. Jasadlarni olib kelishda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tashkiliy ishlarni uyushtirdi, biz ularni olib kelish, kutib olish va yurtiga yetkazib qo‘yish bilan shug‘ullandik, dedi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiysi.
Oldinroq xabar qilinganidek, 2018 yilning 11 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining Ryazan oblasti, Ryajsk tumani, Sheremetyevo qishlog‘i “Markaziy” ko‘chasi, 31-uyda 5 nafar o‘zbekistonlik is gazidan zaharlangan, 4 nafari hodisa joyida vafot etgandi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Ryazan viloyati bo‘yicha boshqarmasida Ozodlik so‘roviga Sheremetyevo qishlog‘idagi zaharlangan o‘zbek muhojirlari mahalliy fermalardan birida rasman ishlab kelganini tasdiqlashdi.
Tergov idorasidan olingan ma’lumotga binoan, Ryajsk tumanida zaharlanib o‘lgan O‘zbekiston vatandoshlari ro‘yxati:
- Pozilov O‘rmonjon No‘monovich, 1966 yilda Andijon viloyati Jalolquduq tumanida tug‘ilgan;
- Mirzojonov Alijon Yuldoshevich, 1969 yilda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan;
- Samadov Panji Norsoatovich, 1966 yilda tug‘ilgan, Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan;
- Xayitov Samat Elmurotovich, 1981 yilda Navoiy viloyati Navbahor tumanida tug‘ilgan.
Yana bir nafari o‘zbek ishchisi – 1990 yilda tug‘ilgan g‘ijduvonlik Sherxon Saidov, og‘ir ahvolda Ryajsk tumani markaziy kasalxonasiga olib ketildi va hozirda o‘sha yerda qolmoqda.
Mazkur hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining 109- moddasi 3- qismi ("ehtiyotsizlik tufayli ikki va undan ortiq kishining o‘limi yuzaga kelishi") asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi is gazidan jabrlangan va Ryajsk markaziy shifoxonasida qolayotgan o‘zbekistonlikka tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilishini o‘z nazoratiga olgani xabar qilindi.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi mamlakatning Rossiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning jasadlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga olib keldi.
FVV, IIV, Prokuratura, Tez tibbiy yordam va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda vafot etganlarning jasadlari doimiy yashash joylari - Andijon viloyatining Jalolquduq va Qo‘rg‘ontepa tumanlariga, Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga, Navoiy viloyatining Navbahor tumaniga yetkazilib, o‘sha yerda dafn etildi.
Xabarlarga ko‘ra, joylardagi mahalliy davlat organlari tomonidan dafn etish marosimlarini o‘tkazishda yordam ko‘rsatilgan.
Ozodlik Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining yong‘in va zaharlanishdan nobud bo‘lgani bilan bog‘liq hodisalar to‘g‘risida oldin ham xabar bergan.