Muhojirlar himoyachisi, huquq faoli Bahrom Hamroev ustidan jinoyat ishi ochildi

Bahrom Hamroev 1993 yildan buyon Rossiyada yashaydi

Xususiy kvartirasida bir necha mehnat muhojirini qayd qilgani uchun moskvalik huquq faoli Bahrom Hamroev ustidan jinoyat ishi ochildi. “Memorial” tashkiloti bu ayblovni o‘z xodimiga nisbatan boshlangan bosim sifatida baholamoqda.

14 fevralda Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi “Memorial” Inson huquqlari himoyasi tashkiloti a’zosi, “Yordam” huquqiy markazi rahbari, huquq faoli Bahrom Hamroev ustidan jinoyat ishi ochilganini e’lon qildi.

Rus politsiyachilari huquq faolini o‘ziga qarashli xususiy kvartirasida bir necha o‘zbek muhojirlarini vaqtinchalik qaydga qo‘yganlikda ayblamoqda.

Ozodlik bilan suhbatda asli o‘zbekistonlik, hozirda Rossiya vatandoshi Bahrom Hamroev Rossiya qonunlariga rioya qilishga uringani uchun javobgarlikka tortilganini bildirdi.

- Menga jinoiy ish qo‘zg‘aganinig asosiy sababi – ikkita o‘zbek odam. Biri tojikistonlik, ikkinchisi – qirg‘izistonlik o‘zbeklar. Ular o‘z vatanlariga ekstraditsiya qilinishi kerak bo‘lgan, ammo biz ularni himoya qilib, qamoqdan saqlab, ularni qonunlashtirish maqsadida qaydga qo‘ysak, Rossiya hukumati mening ustimdan aqlga sig‘maydigan jinoiy ish qo‘zg‘adi. “Nima uchun ular qonunan qaydga qo‘yilgan, ammo yashamaydi?” degan pretenziya bildirildi. Bu ishni qo‘zg‘aganlar o‘zi kulayapti! “Bu absurdku!” deyapti o‘zlari, deydi Bahrom Hamroev.

Moskvaning Bibirevo tuman politsiya bo‘limidan olingan ma’lumotga binoan, “Memorial” vakili o‘z himoyasida bo‘lgan qirg‘izistonlik Valisher Qodirov va Tojikiston vatandoshi Firuz Rustamovlarni 2018 yilning yanvarida Rossiya qonunchiligi talablariga muvofiq vaqtinchalik qaydga qo‘ygan.

Qo‘zg‘atilgan jinoiy ishiga oid qarorda “Hamroev shaxsiy manfaatlari yo‘lida harakat qilib, bu shaxslarning qayd etish manzili bo‘yicha yashamasligini oldindan bilgan holda <...> Bibirevo tuman UFMS bo‘limiga yuqorida zikr etilgan shaxslar ustidan migratsiya nazoratini o‘rnatish va Rossiya hududida harakatlanish imkonidan mahrum etgan”likda ayblanayotgani aytilgan.

Bahrom Hamroev Valisher Qodirov 2010 yildagi O‘sh hodisalaridan keyin Qirg‘izistonni tark etishga mmajbur bo‘lgani, 2012 yilda Rossiyada Qirg‘iziston talabi bilan hibs etilgani va “Grajdanskoe sodeystvie” qo‘mitasi yordamida Yevropa sudiga murojaat qilgani va 39- Qoida asosida ekstraditsiya qilinmaganini aytdi.

Huquq faoli 12 fevral kuni Bibirevo tuman politsiya bo‘limidan unga telefon orqali ulangan ofitserlardan biri kvartirada qaydga olingan Qodirov, Rustamov va yana bir ismi sir qolayotgan o‘zbekistonlik masalasi bo‘yicha tushuntirish berishni talab qilgan.

Bahrom Hamroev bu bosimlar ortida FSB idorasi turganini taxmin qilayotganini gapiradi:

- Bu bosimlar birinchi marotaba bo‘layotgani yo‘q. Oxirgi kunlarda Peterburg va boshqa shaharlardan bizning himoyamizda bo‘lgan odamlar o‘g‘irlanayotgani, O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlariga nisbatan 39-Qoida qo‘llanilayotganiga qaramasdan jo‘natishayotgani kuzatilmoqda. Men ularga to‘sqinlik qilayotganim bir tomonda. Ikkinchidan, oxirgi 1,5 yil ichida mening uyimda ikki marotaba tintuv o‘tkazilgan edi – 2016 yilning 29 sentabrida va 2017 yilning 28 mart kuni. O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga kelishidan bir necha kun oldin men haqimda mahalliy televidenieda “ekstremist” sifatida bo‘hton videolar tarqatildi. Umuman olganda, oxirgi paytlarda huquq himoyachilariga nisbatan kuchli bosim ketayapti! Saylov oldidan odamlarni, tashkilotlarni qo‘rqitib olish maqsad qilingan. Politsiya shunchaki qog‘oz rasmiylashtiradi, aslida buni FSB qilayapti, - dedi Bahrom Hamroev.

B.Hamroev O‘zbekistonga o‘g‘irlab ketilgan Mirsobir Hamidqoriev bilan prokuraturada

“Memorial” huquq himoyasi tashkiloti o‘z xodimi himoyasiga maxsus bayonot tarqatib, Bahrom Hamroev “rezina kvartiralar to‘g‘risidagi qonun”ning navbatdagi qurboniga aylantirilayotganidan xavotir bildirdi.

- Masala “rezina kvartiralar”da emas. Qo‘yilgan ayblov – Rossiya maxsus xizmatlari ishtirokida yurtiga majburan qaytarilayotgan markaziy osiyolik qochqinlarni himoya qilish bilan nom chiqargan huquq himoyachisini jazolashdir,- deya xulosa qildi “Memorial” Kengashi a’zosi Vitaliy Ponomaryov.

Ozodlik huquq faoli Bahrom Hamroevga nisbatan oldin ham maxsus kuchlar bosimi bo‘lgani kuzatilgani haqda xabar bergan.

2010 yilda himoyachi FSB xodimi tomonidan qattiq kaltaklangan; 2011 yilda u noma’lum shaxslar tomonidan o‘z uyi yaqinida kaltaklab ketilgan; 2016 va 2017 yillarda FSB va Rosgvardiya maxsus kuchlari uning kvartirasida tintuv o‘tkazgani xabar qilingan edi.