Qo‘ziqorinlar ayrim olimlar qarishni sekinlatib, sog‘liqni yaxshilaydi, deb ishonadigan ikki antioksidantga boy ekanligi aniqlandi.
Pensilvaniya shtati universiteti tadqiqotchilari qo‘ziqorinlarda ergotionein hamda glutation antioksidantlari ko‘pligini aniqladi.
Universitet xodimi Robert Bilman ushbu ikki birikma miqdori turli qo‘ziqorinda turlicha ekanligini aytdi.
- Biz qo‘ziqorinlar shubhasiz ushbu ikki antioksidantga eng boy ozuqa ekanligini, ayrim turlar ushbu ikki antioksidantga o‘ta boy ekanligini aniqladik, - dedi Bilman.
Bilmanning aytishicha, organizm ozuqa yordamida energiya ishlab chiqarayotib oksidant stressga ham sabab bo‘ladi, chunki ushbu jarayon davomida ayrim erkin radikallar paydo bo‘ladi. Erkin radikallar jufti yo‘q elektronlarga ega kislorod atomlari bo‘lib, ular tana ichida o‘zlariga juft qidirib aylanar ekan, hujayra, proteinlar va hatto DNKga ziyon yetkazishi mumkin.
Organizmga antioksidantlarni qayta kiritish esa oksidant stressni ozaytirishi mumkin.
Tadqiqotchilar eng keng tarqalgan qo‘ziqorinlarda ergotionein hamda glutation miqdori ozroq uchraydigan turlardagidan kamroq ekanligini, ammo boshqa yeguliklarga solishtirganda ushbu oksidantlar miqdori qo‘ziqorinlarda baribir ko‘p ekanligini aniqlagan. Shuningdek, ergotioneinga boy qo‘ziqorinda glutation miqdori ham ko‘p bo‘lishi aniqlangan.
Bilman qo‘ziqorinlarni pishirish ulardagi antioksidantlarga katta ta’sir ko‘rsatmasligini aytdi.
Olim ushbu antioksidantlarga boy qo‘ziqorinlarni ko‘proq iste’mol qiladigan davlatlarda neyrodegenerativ xastaliklarning ozroq uchrashi ularning yuqorida tilga olingan foydali jihatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Bilman kelajakdagi izlanishlarda ergotionein hamda glutation Parkinson xastaligi hamda Alsgeymer xastaligi kabi neyrodegenerativ kasalliklar xavfini ozaytirishda qanday o‘rin tutishi ko‘rib chiqilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.