BMT maxsus guruhi “qotil robotlar” nomi bilan ma’lum bo‘lgan xavfli avtonomlashtirilgan qurollar ta’rifini belgilash bo‘yicha muzokaralarni qayta boshladi.
Tashkilot o‘tgan yilda ilk marotaba qotil robotlar masalasini muhokama qilgan edi. Ammo bunday qurollardan foydalanish bo‘yicha yaqin orada kelishuv imzolanishini kutmasa bo‘ladi.
Faollar yaqin orada inson buyrug‘isiz qotillik qila oladigan qurollardan foydalana boshlanishi haqida ogohlantirib, muzokaralarni olib borayotgan Muayyan an’anaviy qurollar konventsiyasi (CCW) guruhini sekin chora ko‘rishda ayblab keladi. Shunday bo‘lsa-da, ular muzokaralar qayta boshlanganini olqishladi.
Qotil robotlarni to‘xtatish tashabbusi asoschilaridan biri Richard Moyes: “Endi muzokaralar ancha fokusli o‘tmoqda”, dedi.
Moyes hukumatlar har qanday quroldan foydalanayotgan odam kuch qaerda va qanday qo‘llanilishini bilishi kerakligi bo‘yicha kelishib olishi muhim, deb hisoblaydi.
Bu orada qotil robotlarni butunlay taqiqlash tarafdori bo‘lgan davlatlar soni oshib bormoqda. Xususiy sektorda va ziyolilar orasida nimani o‘ldirish haqida qaror berish uchun faqatgina sun’iy idrokka tayanadigan qurollar haqida xavotir oshib bormoqda. O‘tgan yilda IT sohasidagi taniqli shaxslar, jumladan, Tesla direktori Ilon Mask hamda Googlega qarashli DeepMind shirkati asoschilaridan biri Mustafo Sulayman “Avtonomlashtirilgan letal qurollar urush tarixidagi uchinchi inqilob bo‘lishi mumkin”, deya ogohlantirgan edi.
Ammo eng mukammal avtonomlashtirilgan qurollarga ega davlatlar, jumladan, AQSh, Xitoy, Rossiya va Isroil ulardan foydalanishni cheklovchi hech qanday kelishuv imzolamagan.
Hindistonning qurollardan voz kechish bo‘yicha elchisi Amandip Gill Muayyan an’anaviy qurollar konvensiyasi muzokaralari 20 aprelgacha davom etishini, kun tartibidagi asosiy masala avtonomlashtirilgan qurollar ta’rifini aniq belgilash ekanini bildirdi.
Gill muzokaralar sekin siljiyotgani ko‘pchilikka xush kelmayotganini tan oldi, ammo bir vaqtning o‘zida “Biz qiyinchilik bilan olg‘a siljiyapmiz, lekin buning sababi bor. Axir bular murakkab masalalar”, dedi.
Moyes esa muzokaralar biror muayyan natija bermasligi mumkinligini aytdi. Faollar esa joriy yilga belgilangan yana ikki yig‘in pirovardida rasmiy kelishuvga yetaklashiga umid qilmoqda.