Hukumat partiyasi sanalgan “Yedinaya Rossiya”ga qarashli “Molodaya gvardiya” yoshlar qanoti (MGER) muxolifat mitinglari va norozilik namoyishlariga qarshi maxsus otryadlar tuzadi. 100-200 kishilik jangovar otryadlar Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa yirik shaharlarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi.
Yoshlar harakati yetakchisi Denis Davidov “Dojdь” telekanaliga bergan intervyusida 100-200 kishilik otryadlardan iborat tashkilot tuzilmalari uchun “ko‘cha janglari” texnologiyalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari boshlanganini bildirdi.
Denis Davidov Moskva va Rossiyaning aholisi million kishidan ko‘p boshqa yirik shaharlarida tuzilayotgan bu guruhlar “1-2 soat ichida ko‘chaga chiqib”, muxolifatchilarga qarshilik ko‘rsata olish qobiliyatiga ega bo‘ladi, deydi.
- Agarda muxolifat tosh otishni boshlasa - biz qochib ketishga haqqimiz yo‘q. O‘zimiz tosh otmaymiz, ammo hech kimni xafa qilishga ruxsat bermaymiz,- dedi “Yosh gvardiya” yetakchisi.
Uning fikricha, yoshlar otryadlari tarkibiga ommaviy axborot vositalari va Telegram-kanallarni kuzatib borayotgan “mafkuraviy jihatdan yaxshi qurollangan shaxslar” kiritiladi. Yoshgvardiyachilar “muxolifat ko‘chalarni boshqaradi” degan "rus jamiyatida o‘rnashib qolgan g‘oyalarni” puchga chiqarishga urinib ko‘rishi ham aytilmoqda.
Denis Davidov “gvardiyachilar”, xususan Ukrainaning Maydoniga o‘xshash harakatlar sodir bo‘lmasligi uchun “kurashishini” bildirdi.
“Yosh gvardiya” (MGER) 2005 yilda “Yedinaya Rossiya” partiyasi mafkurachilari tomonidan yo‘q qilingan boshqa yoshlar harakati - “Yoshlar birligi” o‘rnida tuzilgan. MGERning asosiy maqsadlari qatorida tashkilot Nizomida “yoshlarda vatanparvarlik va o‘z mamlakati uchun g‘urur hissini shakllantirish”, yoshlarni jamoatchilik hayotiga jalb qilish va sog‘lom turmush-tarzini targ‘ib etish qilib ko‘rsatilgan.
Rossiyada Vladimir Putin hokimiyatini yosh putinchilardan tashqari "Putin otryadlari" kabi keksa yoshdagilar tuzilmalari ham muxolif kuchlardan "himoya" qilib keladi.
Bugungi kunda Rossiyaning o‘nlab shaharlarida muxolifatchi Aleksey Navalniy shtablari faoliyat yuritmoqda. Ular siyosatchining 2018 yilgi prezident saylovi oldidan tuzilgan edi. Navalniyga saylovlarda ishtirok etish taqiqlanganidan keyin, bu tuzilmalar saylovni boykot qilish kampaniyasini boshlab yuborgandi.
Navalniy tarafdorlari mahalliy politsiya va boshqa davlat idoralari bosimi ostida qolmoqda.
"Molodaya Gvardiya" tuzilmalaridan tashqari hokimiyat partiyasi - "Yedinaya Rossiya" "Nashi", "Stal", "Oborona", "Yunarmiya" kabi boshqa yoshlar harakatlarini boshqarib keladi.