24 aprel kuni Sankt-Peterburgning Nevskiy tuman sudi “bezorilikda” ayblangan 30 yashar o‘zbekistonlik Zulfiya Saidmurotovani 5 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Jazo muddatini u manzil-koloniya o‘taydi.
O‘tgan yilning dekabrida bu ayol o‘z tanishi, ozarbayjonlik Alizoda Mustafoev bilan bolalar o‘tirgan avtobusni boshqarib ketayotgan muhojirni kaltaklab, pichoqlab ketganlikda aybdor deb topildi.
Sud Saidmurotovani mamlakat Jinoyat Kodeksining 213- moddasi, 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
Peterburg sudi matbuot xizmati rahbari Darya Lebedevaning Ozodlikka aytishicha¸ Zulfiya Saidmurotova avtobusda o‘tirgan 26 nafar bola ko‘z oldida beysbol to‘qmog‘i bilan haydovchini kaltaklashda ishtirok etganlikda aybdor topilgan:
- Zulfiya Saidmurotovaga nisbatan Nevskiy tuman sudi hukmi kecha chiqarildi – u aybdor deb topildi va manzil koloniyaga jo‘natildi. Uning sherigi Mustafoevga nisbatan tergov davom etmoqda – u o‘ta og‘ir 105-modda¸ ya’ni “qotillikka urinish”da ayblanmoqda. Jabrlanuvchi Karim Ziyovdinov hozir sog‘ayib ketdi, - dedi Darya Lebedeva.
Sud materiallariga ko‘ra, o‘tgan yilning 25 dekabrida Kirovskdan sayohatga kelgan maktab bolalarini archa bayramidan olib ketayotgan avtobus yo‘lini qora Range Rover to‘sadi. Undan tushgan bir erkak va bir ayol “Nega yo‘l bermayapsan?” degan baqiriqlar bilan avtobus haydovchisi, ozarbayjonlik Karim Ziyovdinovga tashlanadi.
Dahanaki janjal paytida yengil mashina haydovchisi hodisani avtobus ichkarisidan kuzatib turgan bolalar ko‘z oldida avtobus haydovchisini to‘rt marotaba pichoqlaydi.
Pichoq zarbidan yerga qulagan Karim Ziyovdinovni¸ sud hujjatlariga ko‘ra¸ Zulfiya Saidmurotova ham kaltaklaydi. Shundan so‘ng¸ qonga belanib yotgan avtobus haydovchisi¸ avtobusdagi 26 nafar bolani tashlab, ayol va erkak hodisa joyidan qochib ketadi.
Ko‘p o‘tmay hodisa joyiga yetib kelgan politsiya Range Rover egasi 44 yoshli Ozarbayjon vatandoshi Alizoda Mustafoev ekani, u bilan birga mashinada o‘zbekistonlik 30 yashar Zulfiya Saidmurotova bo‘lganini aniqlab¸ bu shaxslarni qidiruvga beradi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, ertasi kuni Zulfiya Saidmurotovaning o‘zi politsiya bo‘limiga kelib, aybiga iqror bo‘lgan. Tadbirkor Alizoda Mustafoev esa¸ bir necha kundan keyin operativ xodimlar tomonidan ushlangan.
Aytilishicha¸ avtobus haydovchisi hodisa guvohlari chaqirtirgan “Tez yordam” mashinasida reanimatsiyaga olib ketilgan. Bir oydan ortiq vaqt shifoxonada yotib chiqqan Karim Ziyovdinov Zulfiya Saidmurotova ustidan o‘tkazilgan sudda ishtirok etib, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi va uni kechirganini bildirgan.
“Jabrlanuvchi avtobus haydovchisi Saidmurotovaga nisbatan tergovni to‘xtatishni, ayblanuvchi ayol qilmishi uchun kechirim so‘ragani va barcha xarajatlarni qoplaganini bildirdi. Biroq sud Zulfiya Saidmurotovani hibsda qoldirdi”, deyiladi sud qarorida.
Sud hujjatlarida o‘zbekistonlik muhojir ayolning anchadan buyon vaqtinchalik qayd bilan Peterburgda yashashi va uning qaramog‘ida 12 yashar o‘g‘li borligi qayd etilgan.
Rossiyaga kelayotgan o‘zbekistonlik ayollar ko‘paymoqda
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada hozirgi kunda 1.470.000 ziyod o‘zbek muhojiri mehnat qilmoqda. Norasmiy manbalar, yillar davomila nolegal holatda yurganlar bilan birga hisoblaganda, o‘zbekistonliklarning Rossiyadagi soni 3 milliondan oshishini ta’kidlab keladi.
Rossiyada berilayotgan ishga ruxsatnoma – patentlarning deyarli yarmi (765,8 ming) O‘zbekistondan kelgan migrantlarga beriladi.
Eng yirik o‘zbek diasporalaridan biri Sankt-Peterburg shahrida joylashgan.
Turli vaqtlarda shimoliy poytaxtning o‘zida 850 ming nafargacha o‘zbekistonlik mehnat muhojiri borligi qaydga olingan edi. Rossiya Migratsiya departamenti hisob-kitobiga ko‘ra, bugungi kunda Peterburgda yashayotgan uzbek muhojirlarining 120-200 minggi nolegal holatdadir.
Shu sababli Rossiya tartib-qoidalarini buzgani uchun badarg‘a qilinayotgan o‘zbeklar soni oshmoqda: Rossiya Ichki ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotga binoan, 2018 yilga qadar Rossiyadan deportatsiya qilinganlarning 400 ming nafari O‘zbekiston vatandoshlaridir.
So‘nggi yillarda Rossiyaga O‘zbekistondan kelayotgan ayollar soni ortib bormoqda. 2016 yilda FMS idorasi Rossiyadagi o‘zbekistonlik ayollar soni 327 ming kishini tashkil etgani to‘g‘risida xabar bergan.
Soha mutaxassislari Rossiyaning markaziy shaharlarida migratsiya qonunchiligi keskinlashtirilishi tufayli ishga joylasha olmagan muhojirlar kriminallashuvi kuzatilayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Jumladan o‘zbekistonlik muhojir ayollar fohishalik, odam savdosi, o‘g‘irlik, bezorilik, qalbaki hujjat tayyorlash, narkotik moddalar iste’mol qilish va sotish kabi turli og‘irlikdagi jinoyatlarga qo‘l urayotgani qayd etilmoqda.