4 farzandning otasi, 48 yashar kattaqo‘rg‘onlik Muhiddin Sayfullaev O‘zbekistonda diniy motivlar bilan jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, qidiruvga berilgani uchun 13 yildan Misrda yashamoqda.
Ozodlik bilan suhbatda Sayfullaev yaqinda O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridan vatanga qaytishiga izn beruvchi kafolat xatlari olganini aytdi.
Muhiddin Sayfullaev Kattaqo‘rg‘on tuman, Chig‘atoy mahalla fuqarolar yig‘inida tuzilgan “qora ro‘yxat”ga kiritilgan 8 fuqaroning biridir.
Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, chet mamlakatlarda bo‘lgan va qidiruvga berilgan 124 kishidan 2 nafari so‘nggi oylarda vatanga qaytgan.
Misrda yashayotgan Muhiddin Sayfullaev, agar O‘zbekistonga qaytsa, ularning uchinchisi bo‘lishi mumkin.
Diniy motivlar bilan ayblanib, qidiruvga berilgan va shu oy boshida O‘zbekistonga qaytgan namanganlik yigit ustidan tergov harakatlari 26 aprelь kuni yakuniga yetgani va taxminan 20 kundan keyin uning ustidan sud bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Muhiddin Sayfullaevning Ozodlikka aytishicha, vatanga qaytishga izn berilganiga oid xushxabarni u Kattaqo‘rg‘onda yashayotgan, huquq-tartibot organlari mulozimlari bilan suhbatda bo‘lgan yaqinlaridan olgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Muhiddinga uning ishi bilan shug‘ullanayotgan idoralarning kafolat xatlari ham yetib borgan.
Kafolat xatlari
Muhiddin Sayfullaev nusxalarini Ozodlikka taqdim etgan kafolat xatlaridan birini Kattaqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘ining 1- o‘rinbosari A. Xudayberdiev imzolagani ko‘rinib turibdi.
Unda “...qidiruvda bo‘lgan Sayfullaev Muhiddin Mansurovich o‘z ixtiyori bilan qaytib kelsa, kelgusida unga qo‘llanilgan “Qamoq” ehtiyot chorasi “Munosib xulq-atvorda yurish haqidagi tilxat”ga o‘zgartirilishiga kafolat beramiz”, deyilgan.
Xuddi shunday mazmundagi kafolatni Ozodlikka taqdim etilgan Chig‘atoy MFY raisi K. Erbo‘taev imzolagan yana bir xatda ham ko‘rish mumkin.
Kattaqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i A.S.Otamurodov imzolagan ma’lumotnomada: “Siz hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159- moddasi, 244- moddasi, boshqa bir qancha moddalar bilan diniy ekstremizm oqimi a’zosi (sifatida) qidiruvda bo‘lganingiz yuzasidan yashash uyingizga kelganingizdan so‘ng Samarqand viloyat IIB Tergov bo‘limiga murojaat etish huquqiga egasiz”, deyilgan.
Uchala xatda ham ularning joriy yil fevral-martida yozilgani ko‘rinib turibdi.
Telefon orqali berilgan va’da
Muhiddin Sayfullaevning aytishicha, uning o‘zi ichki ishlar bo‘limi mulozimlari bilan telefon orqali bir necha marta gaplashgan:
- Ichki ishlarda ishlaydigan Nurbek degan yigit bilan gaplashdim. U “Bilet olganingizdan keyin, qachon uchib kelishingizni menga xabar qiling, o‘zim aeroportga borib kutib olaman”, dedi, - deydi Muhiddin.
Qaytsa¸ qamoqqa olinmaydimi?
Kafolat xatlari va ma’lumotnoma mazmunidan Muhiddin Sayfullaevning O‘zbekistonga qaytishi bilanoq qamoqqa olinmasligi uqilmoqda.
Muhiddinning aytishicha, ichki ishlar mulozimlari uning yaqinlari bilan suhbatlarda ochilgan jinoyat ishi yuzasidan tergovoldi surishtiruvi o‘tkazilishini bildirgan:
- Mening Muhammadali ismli jiyanimga ular “agar Muhiddin kelsa, qamamasdan savol-javob qilamiz, yo tergovgacha oqlab yuboramiz, yoki tergov qilib, oqlaymiz, sudlanmaydi”, degan,- dedi Muhiddin Sayfullaev.
"Prezidentga rahmat!"
Ozodlik bilan suhbatda Misrdagi 13 yillik hayoti davomida “Al-Azhar” universitetida 3 yil tahsil olgani, O‘zbekistonda ham, Misrda ham hech qanday ekstremistik oqimlarga qo‘shilmagani, aksincha, hozir yashab turgan mamlakatida ham hamyurtlarini to‘g‘ri yo‘lga da’vat qilayotganini iddao qilgan Muhiddin shu kunda turmush o‘rtog‘i va 4 farzandi bilan O‘zbekistonga qaytishga taraddud ko‘rib turganini aytdi:
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev vatandan tashqarida yurganlarni avf qilib, ularning qaytishiga ijozat berdilar. Shundan men juda ruhlanib ketdim. Shuning uchun men darhol ichki ishlar bilan bog‘landim. Ular meni juda xursand qilishdi. Hammasiga rahmat. Shuning uchun yurtimga qaytishga qaror qildim. O‘zbekistonga qaytaman, - dedi Muhiddin Sayfullaev.
Chig‘atoyning "qora ro‘yxati"
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Chig‘atoy mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Toshxo‘ja qishlog‘i qahramonimiz qaytadigan qishloqdir. Chig‘atoy mahallasi faollaridan Ozodlik olgan ma’lumotga qaraganda, QFY hududida tuzilgan maxsus ro‘yxatda hammasi bo‘lib 8 kishi qayd etilgan bo‘lib, ulardan biri Muhiddindir.
Chig‘atoy mahallasi faoli Ozodlikka ro‘yxatdagilarni qaytarish uchun ularning oilalari bilan muntazam suhbatlar o‘tkazilayotganini bildirdi. Uning aytishicha, “qora ro‘yxat”dagi 8 kishidan biri yaqinda vafot etgan. Demak, Muhiddin qaytsa, ro‘yxatda 6 kishi qoladi.
Samarqandning "qora ro‘yxat"ida faqat chet elda yurganlar qolgan
Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, viloyat ichki ishlar idoralari maxsus hisobida (“qora ro‘yxat”) 1 749 fuqaro bo‘lgan.
Keyingi bir yil davomida ularning 1 625 nafari “Prezidentning bag‘rikengligi va g‘amxo‘rligi tufayli” ro‘yxatdan chiqarilgan va “ularga jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyat berilgan”.
“Maxsus ro‘yxatda qolayotgan 122 fuqaroning barchasi xorijiy davlatlarda qolmoqda. Ulardan Urgut tumanidan bo‘lgan 2 nafari yurtga qaytib kelgan, 7 nafari kelish istagini bildirgan”, - dedi Samarqand viloyat hokimligi matbuot xizmati mulozimi.
Hokimning va’dasi
Samarqand viloyat hokimi Turob Jo‘raev 12 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishda O‘zbekistonga qaytganlarni qamamaslikka o‘zi kafil bo‘lishiga va’da bergan edi.
Qaytib kelganlar ham bor, ularning biri kelasi oyda sudlanadi
Ozodlik qidiruvda bo‘lgan boshqa bir necha o‘zbekistonlikning chet davlatlardan qaytgani to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar qilgan.
Marg‘ilon shahrida istiqomat qilgan, xorijga chiqib ketganidan so‘ng bir qator diniy ayblovlar bilan ayblangan, to‘rt yil qidiruvda bo‘lgan Botirjon Ibragimov O‘zbekistonga qaytgani to‘g‘risida 22 martda, 4 yildan buyon Qirg‘izistonda yashab yurgan namanganlik Baxtiyor Hamroevning O‘zbekistonga qaytgani to‘g‘risida esa, 3 aprelda xabar qilgan edik.
Bugungi materialni tayyorlash jarayonida marg‘ilonlik Botirjon bilan bog‘lana olmadik.
Namanganlik Baxtiyor so‘nggi 3 kun davomida IIBda bo‘lib, tergovchi savollariga javob bergani, u bilan tergovchilar yaxshi muomalada bo‘lgani to‘g‘risida aytib berdi.
Diniy motivlar bilan ayblanib, qidiruvda bo‘lgan Bahromning aytishicha, uning ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakuniga yetganini, taxminan 20 kundan keyin ustidan sud o‘tkazilishini tergovchilar 26 aprel kuni e’lon qilgan.
Prezident siyosati
2017 yil 15 iyunda prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazgan videoselektor majlisida "qora ro‘yxat"ga tushgan dindorlarni qayta tekshirish, qamoqdagi dindorlarning oilasi bilan ishlash haqida topshiriq bergan edi
2017 yilning 1 sentabrida Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasasida imom xatiblar bilan uchrashar ekan, prezident "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmondan 16 ming nafari ro‘yxatdan chiqarilgani va ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini aytgan edi.