Tryudodan norozi bo‘lgan Tramp G7dagi gapini qaytarib oldi

AQSh prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” (G7) davlatlarining qo‘shma bildiruvini qo‘llamasligini bildirdi. Avvalroq prezident eng sanoatlashgan davlatlar a’zo bo‘lgan guruh tayyorlagan kommyunikeni qo‘llashini aytgan edi.

9 iyun kuni oqshom Tramp Twitter tarmog‘idagi sahifasida Kvebekda G7 sammitiga mezbonlik qilgan Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoning “yolg‘on bildiruvlari” tufayli AQSh vakillariga guruhning yakuniy bildiruvini qo‘llamaslikni buyurgani haqida yozdi.

Guruhning umumiy bildiruvi savdo bo‘yicha hamkorlikni oshirishga chorlaydi. Shuningdek, unda Rossiyaga qarshi turish va Eron yadroviy dasturini jilovlash muhimligi aytilgan.

- Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo G7 dagi uchrashuvlarimiz davomida o‘zini kamtar va muloyim tutdi, ammo konferensiyani tark etganimdan keyin, matbuot anjumani o‘tkazib, AQSh tariflarini “haqorat deb bilishini” va unga “buyruq berishlariga yo‘l qo‘ymasligini” aytibdi. Bu noinsoflik va zaiflikdir. Tariflarimiz ular sut mahsulotlariga joriy qilgan 270 % ga bergan javobimiz! - deyiladi prezident tvitida.

"AQSh bozorini to‘ldirayotgan avtomobillar tariflarini ko‘rib chiqar ekanmiz, AQSh vakillariga bayonnomani qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdim", deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Yevropa Ittifoqi rasmiysi Trampning bu tvitidan so‘ng barcha taraflar kelishilgandek bayonnomani qo‘llashda davom etishini bildirdi.

Tryudo Tramp g‘azabiga turtki bo‘lgan tvitida prezident Trampning savdo bo‘yicha tahdidlari haqoratga teng ekani hamda Kanada 1 iyulgacha javob qaytarishi haqida yozgan edi.

- Kanadaliklar boadab va oqil, ammo bizga buyruq berishlariga yo‘l qo‘ymaymiz, - deyiladi Kanada Bosh vaziri tvitida.

Tryudoning ofisi Tramp tvitiga javoban e’lon qilgan bildiruvda Bosh vazir Trampga shaxsan aytmagan biror gapni sammit davomida ham aytmagani ta’kidlandi.

Sakkiz betdan iborat G7 kommyunikesida, lozim bo‘lsa, Rossiyaga qarshi yanada ko‘roq cheklov joriy qilish mumkinligi aytiladi.

Bayonnoma, shuningdek, Rossiyani o‘zining “beqarorlashtiruvchi faoliyatini, demokratik tizimlarga putur yetkazish hamda Suriya tuzumini qo‘llashni to‘xtatishga” chorlaydi.

G7 tarkibiga Qo‘shma Shtatlar, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya qiradi.

Bu yilgi sammit davomida Vashington o‘zining uzoq yillik hamkorlari bilan Rossiya, savdo, iqlim hamda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelisha olmadi.

Rossiya prezidenti Vladir Putin G7 tanqidi “safsatadan” boshqa narsa emas, deb taraflar hamkorlikni tiklashi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq, Tramp Rossiyani guruhga qaytarishga chorlab, AQSh hamkorlarini lol qoldirgan edi.

Rossiya 2014 yilda Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olib, rossiyaparast ayirmachilarni daskatlay boshlaganidan keyin, o‘sha paytda G8 o‘laroq ma’lum bo‘lgan guruhdan chiqarib yuborilgan.

Shu paytgacha Ukraina sharqida bo‘lginchilar bilan hukumat qo‘shinlari o‘rtasidagi janglarda 10 ming 300 dan ziyod kishi qurbon bo‘ldi.

9 iyun kuni Tramp jurnalistlar bilan suhbat davomida: "Rossiyani G7 dan ko‘ra G8 da ko‘rishni istagan bo‘lardim. G8 G7 ga qaraganda ko‘proq ma’noga ega, degan bo‘lardim", dedi.

Bunga javob 10 iyun kuni Putin Rossiya guruhni o‘z istagi bilan tark etmaganini, a’zo davlatlarni Moskvada kutib olishga tayyor ekanini aytdi.