Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida amalga oshirilgan xudkush hujumida kamida 36 odam qurbon bo‘lgan. Afg‘oniston rasmiylarining bildirishicha, hujumchi Ramazon oyi yakunida Toliblar vakillari hamda hukumat kuchlari o‘tkazayotgan yig‘in paytida o‘zini portlatib yuborgan. 16 iyunda amalga oshirilgan hujum uchun mas’uliyatni “Islom davlati” jangari guruhi o‘z bo‘yniga oldi.
Hujum Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani toliblar bilan o‘t ochishni to‘xatish kelishuvi uzaytirilishini e’lon qilayotgan paytda sodir bo‘ldi.
Nangarhor viloyati rasmiylariga ko‘ra, hujumda o‘q otishni to‘xtatish kelishuvini nishonlayotgan oddiy fuqarolar hamda Afg‘on toliblari a’zolari o‘lgan.
Jarohatlanganlar soni 65 kishiga yaqin ekani, ayrimlarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.
“Islom davlati” guruhiga aloqador Amaq xabar agentligi ekstremistik guruh hujum uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olganini xabar qildi. Nangarhor viloyati Afg‘onistondagi “Islom davlati” jangarilarining asosiy qarorgohi bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Toliblar Hayit munosabati bilan uch kunga o‘q otish to‘xtatilishini e’lon qilgan edi.
Prezident G‘ani 16 iyun kuni televidenie orqali efirga uzatilgan murojaatida Toliblar bilan erishilgan otashkesim uzaytirilishini, Toliblar esa ilgari surgan talablarni muhokama qilishga tayyor ekanini aytdi.
Hukumat o‘q otish 12 iyundan 19 iyungacha to‘xtatilganini e’lon qilgan va prezident G‘ani Toliblarni uch kunlik otashkesimni uzaytirishga chorlagandi.
Prezident Twitter tarmog‘idagi chiqishida, jumladan: "O‘q otish to‘xatilgan paytda jarohat olgan toliblarga tibbiy yodam ko‘rsatamiz, lozim bo‘lsa, gumanitar yordam ham ko‘rsatamiz", deb yozdi.
AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo prezident G‘ani gaplarini qo‘llab-quvvatladi.
- Qo‘shma Shtatlar bu urushni butunlay to‘xtashiga olib keluvchi tinchlik bitimi hamda siyosiy kelishuvga erishish uchun Afg‘oniston hukumati, toliblar va butun Afg‘oniston xalqi bilan ishlashga tayyor, - dedi kotib.
BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) ham 16 iyun kuni Afg‘oniston hukumati hamda Toliblar otashkesim shartlarini buzmaganini olqishladi.
Missiya yetakchisi Tadamichi Yamamoto o‘q otishni to‘xtatish muddatini uzaytirish mojaroga yechim topishga yo‘l ochishini aytdi.
16 iyun kuni Toliblar Hayitni nishonlash uchun Qobulga bordi.
Xabar saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda hukumat askarlari hamda Toliblar bir-biri bilan ko‘rishib, quchoqlashayotgani hamda birga suratga tushayotgani aks etgan surat va videolar tarqaldi.
Afg‘oniston Mudofaa vaziri matbuot kotibi Ozodlik bilan suhbatda mamlakat xavfsizlik kuchlari hamda Toliblar G‘azni, Farah va boshqa viloyatlarda bir-birini hayit bilan tabriklaganini aytdi.
Afg‘oniston fuqarolari hukumatni va Toliblarni kutilmaganda e’lon qilingan otashkesimni uzaytirishga chorlamoqda.
O‘tgan yilda AQSh prezident Donald Tramp Toliblarga qarshi keskin kurashish choralarini ma’qullaganidan keyin boshlangan amaliyotlarga qaramasdan, Afg‘onistondagi bir necha yirik hudud Toliblar boshqaruvida qolmoqda.