Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari hajmi oshmoqda

Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari hajmi 2018 yilning birinchi uch oyida 17 foizga oshdi va 726 million dollarga yetdi. Mutaxassislar buni o‘zbekistonlik migrantlar maoshlarining va sonining oshgani bilan izohlamoqda.

Mehnat muhojirlarining Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 2018 yilning birinchi choragida 726 million dollarni tashkil etdi.

Rossiya Federatsiyasi Markaziy Banki keltirayotgan statistika raqamlariga ko‘ra, bu miqdor o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda 17 foiz ko‘proqdir.

Ikkinchi o‘rinda Tojikiston migrantlari – ular joriy yilning birinchi uch oyida 487 million dollar miqdorida o‘z yurtlariga mablag‘ jo‘natganki, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 15 foiz ko‘proqdir.

Uchinchi o‘rinni Rossiyada mehnat qilayotgan Qirg‘iziston vatandoshlari egalladi – 434 million AQSh dollari (o‘sish 9 foizga).

Shuningdek, Rossiya Markaziy Banki keltirayotgan raqamlardan 2018 yilning birinchi choragida Qozog‘istonga 143 million dollar, Turkmanistonga esa 200 ming dollar (2017 yilning yanvar-aprel oylarida turkmanlar 1 million dollar jo‘natgani qaydga olingan) yuborilgani ma’lum bo‘ldi.

Taniqli rossiyalik olim, etnolog Sergey Abashinning Ozodlikka bildirgan fikricha, bu raqamlar mehnat muhojirlari maoshlarining ko‘tarilgani bilan birga ular sonining ham keskin ko‘payib borayotganidan darakdir.

- Bu juda katta o‘sish va u Rossiyada oz bo‘lsada iqtisodiy vaziyat izga tushayotganini ko‘rsatmoqda. Shunga yarasha pul jo‘natmalarining asosiy qismini tashkil qiluvchi mehnat migrantlari ish haqlari ham oshayotganidan darak bermoqda. Nafaqat maoshlar - migrantlar soni ham ko‘paymoqda. Ya’ni pul o‘tkazmalari hajmining oshishi mana shu asosiy ikki faktorga tayanadi.

Katta o‘sish ko‘rsatayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti hozircha o‘zida mavjud ishchi kuchini to‘liq yuqori haq tshlanadigan ish bilan ta’minlay olish qurbiga ega emas, afsuski. Shu bois ortiqcha ishchi kuchi Rossiyaga boraveradi. Ya’ni Rossiyadagi iqtisodiy jonlanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri – migratsiya ko‘rsatkichlarining oshishidir. Yaqin kelajakda jiddiy bo‘hron yoki boshqa g‘ayrioddiy hodisa yuz bermasa, oz miqdorda migrantlar vaziyatining yaxshilanishini kutsa bo‘ladi, deya taxmin qildi Sergey Abashin.

2017 yil davomida Rossiyadan O‘zbekistonga 3,9 milliard, Tojikistonga – 2,5 milliard, Qirg‘izistonga esa 2,2 milliard dollardan ortiq mablag‘ hajmida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugunda Rossiyada 2 millionga yaqin O‘zbekiston vatandoshlari mehnat qilib kelmoqda.