Peterburgda mehnat migrantlari o‘rtasida mushtlashuv: ikki kishi yaralandi (VIDEO)

Migrantlar o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuvlar Rossiyaning boshqa qurilish ob’ektlarida ham kuzatilgan

Sankt-Peterburgning Viborg tumanida ketayotgan qurilishlardan birida 26 iyun kuni mehnat muhojirlari orasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tdi. Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, ikki kishi og‘ir jarohatlar bilan mahalliy shifoxonaga olib ketilgan. Ammo, qurilish shirkati jarohatlanganlar borligini inkor etmoqda.

2018 yilning 26 iyun kuni Peterburgning Viborg tumanidagi “Severnaya Dolina” turar-joy kompleksi qurilishida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tdi.

Kunduzi mahalliy vaqt bilan soat 13:00larda boshlangan janjalda asosan O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan mehnat migrantlari ishtirok etgani to‘g‘risida mahalliy ommaviy axborot vositalarida xabarlar paydo bo‘ldi. “Fontanka” nashri maishiy sabablarga ko‘ra boshlangan mojaro bir nechta pudratchi tashkilotlar ishchilari o‘rtasida yuzaga kelganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy janjal aks etgan videolar ham paydo bo‘ldi.

Ulardan birida yuzga yaqin ishchining bitmagan qurilish ob’ektlari orasida yugurib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Videoda bir guruh ishchi boshqa bir guruh ortidan quvib, ular ortidan tosh otayotgani aks etgan.

Hodisa guvohlariga ko‘ra, migrantlar mushtlashuvda tosh va armaturadan foydalangan.

Mushtlashuv joyidan Peterburgning Yelizavetinskiy shifoxonasiga og‘ir ahvolda bo‘lgan 18 yashar Tojikiston, tizzasidan jarohatlangan va qulog‘i yirtilgan O‘zbekiston vatandoshlari olib ketildi.

Tojikistonlik muhojir yigitning boshi yorilgani, miyasi chayqalgani, tanasida jarohatlar borligi qaydga olindi.

Qurilish maydonchasiga hodisa guvohlari tomonidan chaqirtirilgan politsiya 30 kishini, jumladan 26 nafar o‘zbekistonlik, ikkita tojikistonlik va bitta ozarbayjonlikni bo‘limga olib ketdi.

Viborg tuman politsiyasi Ozodlikka mazkur hodisa yuzasidan 19 kishi Rossiyada istiqomat qilish qoidalarini buzgani vaji bilan ma’muriy javobgarlikka tortilganini tasdiqladi.

- Yana 11 kishiga mayda bezorilik asosida ish qo‘zg‘atildi, dedi ismini ochiqlamagan politsiya xodimi.

Sankt-Peterburg Ichki ishlar boshqarmasida Ozodlik so‘roviga ommaviy tartibsizlik sabablariga oid hozircha ma’lumot yo‘qligini bildirishdi.

Rossiyada davom etayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati davomida rus politsiyasiga o‘z rasmiy saytlarida “negativ” xususiyatga ega ma’lumotlarni chop etmaslik to‘g‘risida “yuqoridan maxsus buyruq” bo‘lgani va Rossiya imidjini ko‘tarishga qaratilgan tavsiyanomalar tarqatilgani borasida xabar qilingandi. ​

“Mediazona” nashri chempionat kunlari ochilgan jinoyatlar, qidiruv va hibs etishlar bilan bog‘liq xabarlar darhaqiqat chop etilmay kelayotganini ma’lum qildi.

Janjalni yaqindan o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, mojaroga pudratchi tashkilotlar ishchilarga maoshlarini kechiktirib berayotgani sabab bo‘lgan.

Ozodlik manbasi janjal bir guruh ishchilar 26 iyun kuni ish tashlab, "zabastovka" qilishga qaror qilgani ortidan boshlanganini ma’lum qildi.

Norozilik aksiyasi tarafdorlari o‘sha kuni ishga chiqishga qaror qilgan boshqa bir guruhni armatura va tosh bilan qurilish inshootidan quvishga harakat qilgan.

Kompleks qurilishini olib borayotgan "Glavstroy-SPb" kompaniyasi vakilasi Aleksandra Goltsman Ozodlikka mushtlashuv sodir bo‘lganini tasdiqlasa-da, jarohatlanganlar haqida biror ma’lumotga ega emasligini aytdi:

- Bizda jabrlanganlar borligini tasdiqlovchi ma’lumotlar yo‘q. Mojaro bo‘lganini tasdiqlaymiz, ammo mushtlashuvda pudratchi tashkilotlar ishchilari ishtirok etgan, chunki "Glavstroy"ning o‘zida ishchilari yo‘q, hammasi yollangan. Janjal maishiy sabablarga ko‘ra yuzaga kelganini xabar qilishdi, ammo aniq nima ommaviy tartibsizlikka olib kelganini bizga aytishmadi. Hozir hammasi tinch, qurilish maydonida ish davom etayapti, - dedi Aleksandra Golьtsman.

Peterburg mehnat muhojirlarini jalb qiladigan Rossiyadagi eng yirik mintaqalardan sanaladi.

2017 yilning o‘zida bu yerda 238 ming ishchiga ishga ruxsatnoma berilgan.

Ruxsatnoma olgan muhojirlarning 140 minggi O‘zbekiston vatandoshlaridir.