O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarga darz ketdimi?
O‘zbekiston davlat televideniesi yaqinda Turkmanistondagi oziq-ovqat taqchilligi haqida xabar berdi.
Gap shundaki, Turkmaniston davlat matbuoti bu taqchilikni bir necha oydan beri nafaqat chetlab o‘tadi, balki o‘zbek telelavhalari chiqishidan bir kun avval ham mamlakatda oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligini tilga oldi.
Ammo xo‘jako‘rsinga ishlayotgan bozorlarni televidenie orqali ko‘rsatib, och qolayotgan odamlarni mamlakatda yegulik to‘lib-toshib yotganiga ishontirish oson emas.
20 iyun kuni Turkmaniston davlat televideniesi "Bozorlardagi to‘la rastalar mamlakatda oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligidan darak berishi" haqidagi lavhani efirga uzatdi.
O‘zbekistonda esa kimdir turkman rasmiylari maktubini ko‘zdan qochirgan chamasi.
21 iyun kuni O‘zbekistondagi uch davlat telekanali, jumladan, “Yoshlar TV”, Turkmanistonning Toshhovuz hamda Mari viloyatlarida non taqchilligi yuzaga kelgani hamda odamlar non olish uchun navbatga turayotgani haqida xabar qildi.
“Turkman xalqi og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda”, deyildi lavha davomida.
Turkmanistonning shimoli-sharqiy hududlarida “Yoshlar” kanalini ko‘rish mumkin.
Ozodlik radiosining turkman xizmati deyarli ikki yildan beri Turkmanistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taqchil ekanligi haqida xabar berib keladi.
Hozir mamlakatda yeguliklar bor, ammo ko‘pchilik uchun narx-navo o‘ta qimmat.
Avvallari Turkmaniston hukumati un, shakar, yog‘ kabi mahsulotlar uchun subsidiya berardi.
Ammo hozir mamlakat iqtisodi o‘zining 27 yillik tarixidagi eng og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda.
Ozodlikning turkman xizmati yaqinda Mari viloyatida bir qop un 200 manatga sotilayogani haqida xabar qildi.
Bu rasmiy kurs bo‘yicha 57 dollardir. Xabar qilinishicha, mamlakatda ishsizlar soni 50 foizdan oshib ketgan.
Ozodlik bilan bir qatorda bir necha nashr Turkmanistondagi muammolarni yoritib keladi.
O‘zbek telekanallari nima uchun ushbu mavzuni yoritgani noma’lum. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar Gurbanguli Berdimuhamedov 2006 yilda prezident etib saylanganidan beri ancha yaxshi ahvolda bo‘lib kelayotgan edi.
Hatto Shavkat Mirziyoev 2016 yilda hukumat tepasiga kelishidan avval Turkmaniston O‘zbekiston yaxshi aloqada bo‘lgan yagona Markaziy Osiyo davlati edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbek telekanallarining Turkmaniston haqidagi lavhalari efirga uzatilishidan oldin Ozodlik radiosiga chorjo‘ylik (hozirda Turkmanobod deb ataladi) etnik o‘zbekdan maktub kelib tushdi.
Maktub muallifi ismini oshkor qila olmaymiz, chunki bunday qilsak, avtor qamalashi turgan gap.
Maktubda Turkmanistondagi og‘ir iqtisodiy ahvol haqida so‘z yuritiladi.
Muallif, shuningdek, boshqa millat vakillari turkmanlar va turkman bo‘lmaganlar o‘rtasidagi milliy mafkuraviy kurash qurobni bo‘layotganini ta’kidlagan.
“Ilgari qaysi tilda o‘qishni, qizlarimiz qanday kiyinib, sochini qanday turmaklashini, qanday do‘ppi kiyishimizni mustaqil hal qilishga izn berilardi”.
“Endlikda xorijda tahsil olayotgan farzandlarimizga qancha pul yuborishimizni, qaysi TV kanallarni ko‘rishimizni o‘rnimizga hal qilishmoqda”.
Muallifning aytishicha, turkmanistonlik o‘zbeklar Berdimuhamedov aprel oyida Toshkentga qilgan tashrifi ortidan ushbu muammolar qisman hal etilishiga umid qilgan.
“Hech qanday chora ko‘rilmadi. Rasmiy Toshkent o‘z birodarlari, biz, Turkmaniston o‘zbeklariga nazar tashlashi uchun ular bilan qanday aloqaga chiqishni bilmaymiz”.
Bunday holat O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari uchun katta muammo. Qozog‘istondan tashqari barcha Markaziy Osiyo davlatida o‘zbeklar eng yirik milliy ozchilikdir.
Bunga qaramasdan, O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatlardagi o‘zbeklarga hecham katta qiziqish ko‘rsatmagan.
Turkmanistondagi o‘zbeklar soni haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo ularning soni 10 foizga yaqin ekanligi aytiladi. Bu ko‘rsatkich Qirg‘iziston va Tojikistonda 15 foizni tashkil qiladi.
1991 yilda Sovet Ittifoqi qulashi ortidan aholisi eng ko‘p bo‘lgan O‘zbekiston qo‘shni davlatlardagi birodarlari bilan yaqin aloqa o‘rnatib, ularning tarafini olishi haqidagi xavotirlar urchib keladi.
Markaziy Osiyo davlatlari chegaralari haligacha to‘liq demarkatsiya qilinmagan bo‘lib, etnik o‘zbeklar asosan O‘zbekiston chegarasiga yaqin hududlarda istiqomat qiladi.
O‘zbekiston davlat telekanallari hali Turkmanistondagi o‘zbeklar ahvoli haqida xabar qilgani yo‘q. Ammo Turkmanistondagi iqtisodiy muammolarning o‘zbek telekanallari tomonidan yoritilishi kutilmagan holdir.
Mirziyoev O‘zbekistonda ham, xorijda ham olqishga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Buning asosiy sabablaridan biri Mirziyoev Karimov davridagi izolyatsionizm siyosatini bekor qilib, islohotlar boshlab yuborganidir.
Agar kelajakda prezident muammolarga duch kelib, uni qo‘llovchilar soni ozaysa, qo‘shni davlatlardagi o‘zbeklar taqdiri O‘zbekistondagi o‘zbeklar e’tiborini chalg‘ituvchi masalaga aylantirilishi mumkin.
(Muallif: Bryus Pannier)