JCh-2018: Ko‘p millatli jamoalarning boshqalaridan farqi nimada?

Rossiya jamoasi, 2015 yil

Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etayotgan aksar terma jamoada turli millat vakillarini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, Shveysariya terma jamoasi etnik tarkibi xilma-xilligi bilan nom chiqargan.

Shveysariya terma jamoasidagi 23 o‘yinchining 14 nafari yoki mamlakat tashqarisida tug‘ilgan, yoki immigrantlar farzandlaridir.

Fransiya terma jamosining 3/4 qismi mamlakatda yashayotgan boshqa millat vakillaridir. Belgiya jamosida 11, Angliyanikida 10, Germaniyanikida esa 6 nafar boshqa millatga mansub bo‘lgan o‘yinchi bor.

Ammo, Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlaridan hamda Ukraina va Moldova kabi boshqa o‘lkalardan kelgan millionlab immigrant bo‘lsa-da, Rossiya terma jamosi a’zolari asosan etnik rus ekanligi payqamaslikning iloji yo‘q. Jamoada bir-ikki nafar osetin va boshqa Rossiyaga kiruvchi avtonom respublikada yashovchi millat vakili bor xolos.

Rossiya fuqaroligini olgan Mario Fernandez va ota-onasi Belarus va Ukrainada tug‘ilgan o‘yinchilardan tashqari rus terma jamoasida rus bo‘lmagan o‘yinchi deyarli yo‘q.

Moskvada chop etiladigan “Sovetskiy sport” gazetasining AQShdagi muxbiri Slava Malamud Ozodlik bilan suhbatda:

- Tabiiyki, Rossiya Sobiq Sovet davlatlaridan boshqa o‘lkalardagi migrantlarni o‘ziga jalb qilmaydi. Bundan tashqari, Rossiyada bor muhojirlarni jamiyatga integratsiya qilish bilan bog‘liq katta muammolar bor. Shunday ekan, milliy terma jamoa aksar Yevropa davlati jamoasidek etnik tarkibi jihatdan xilma-xil emasligi hayratlanarli hol emas, - dedi.

Malamud Toshkentda tug‘ilgan va Rossiyada ulg‘aygan nigeriyalik immigrant farzandi Piter Odemvingie bir necha yil oldin Rossiya uchun o‘ynashdan bosh tortib, Nigeriya uchun o‘ynashga qaror qilganini aytdi.

Malamud Rossiyada yashayotgan millionlab migrant ijtimoiy va iqtisodiy to‘siqlarga duchor bo‘lib, professional sport bilan shug‘ullana olmasligini qo‘shimcha qildi. Rossiyadagi muhojirlarning aksari oz maosh to‘laydigan ishlarda ishlaydi va jamiyatning to‘laqonli a’zosi o‘laroq ko‘rilmaydi.

- Ular chekkada yashaydi, to‘liq qabul qilinmaydi va ko‘pi bilan ularga toqat qilishadi. O‘z iqtisodiy-ijtimoiy ahvollariden kelib chiqib, farzandlarini uyushgan sport bilan shug‘ullanishga yubora olmaydilar. Ularning aksari Rossiya fuqaroligini ololmaydiyam, - dedi muxbir.

Malamud Rossiya terma jamoasida etnik ozchilik vakillari yo‘qligining yana bir sababi millatchilik ekanligini aytdi.

Ko‘pchilik rossiyalik Fransiya, Germaniya, Angliya hamda Shveysariya kabi Yevropa jamolaridagi xilma-xillikni ushbu davlatlar zaifligi hamda an’anaviy madaniyat yemirilayotganidan darak deb biladi.

Malamud ko‘pchilik etnik ruslar Yevropa “bostirib kelayotgan varvarlarni” deb halok bo‘lyapti, deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.

- Umuman olganda, bu qarashlar mamlakat rasmiy ideologiyasining bir qismidir.

Masalan, Sankt-Peterburg shahrining “Zenit” futbol klubi yaqingacha qora tanli o‘yinchi olmaslik siyosatiga amal qilib kelardi. Buning asosiy sababi klub muxlislarining bunga qarshi ekanligidir.

Ammo Rossiya terma jamoasi Jahon chempionatidagi yagona monoetnik jamoa emas. Janubiy Koreya, Yaponiya, Islandiya, Serbiya, Xorvatiya kabi davlatlar terma jamolari ham deyarli butunlay bir millat vakillaridan iboratdir.

Shveysariya terma jamoasining ikki taniqli o‘yinchisi Granit Jaka va Jerdan Chakiri etnik albandir. 22 iyun kuni Shveysariya Serbiya terma jamoasini 2-1 hisobi bilan mag‘lub etdi. To‘pni darvozaga kiritgan Jaka va Chakiri gol ortidan burgutni eslatuvchi imo-ishora qildi. Albaniya bayrog‘ida ikki boshli burgut aks etgan bo‘lib, u mamlakat mustaqilligi ramzidir.

O‘yin borayotgan stadionlarda har qanday siyosiy belgi va harakatlarni man etuvchi FIFA bu ikki futbolchining har birini 10 ming dollardan jarimaga tortdi.

Shveysariyada ham hamma mamlakat terma jamoasi etnik tarkibi xilma-xil bo‘lganidan mamnun emas. Shveysariya milliy partiyasi a’zosi mamlakat terma jamoasini “bolqon aksenti bilan so‘zlovchi xorijlik yollanmalarning tajribali truppasi” deya ta’rifladi.

Qizig‘i, Morokko terma jamoasidagi 23 o‘yinchining 17 nafari hamda Tunis jamoasining 11 o‘yinchisi Yevropada tug‘ilgan. Ular o‘z vatanlari emas, ota-onali tug‘ilib o‘zgan mamlakat uchun o‘ynashga qaror qilishgan.

Malamud etnik xilma-xillik asosan Fransiya, Germaniya, Belgiya hamda Niderlandiya kabi boy mamlakatlarda kuzatilishini aytadi.

Muxbir Argentina va Braziliya jamiyati etnik jihatdan xilma-xil bo‘lmaganida, balki futbolda katta muvaffaqatiyat qozonmagan bo‘lardi, deydi. O‘zi ham AQSh fuqaroligiga qabul qilingan Malamud bir kun AQSh ham o‘zining etnik xilma-xilligidan futbolda muvaffaqiyat qozonish uchun foydalana olishiga umid qilishini aytdi.