Ravshan Ermatov brigadasi futbol bo‘yicha Jahon chempionatini tark etdi

Brigada Abduhamidullo Rasulov oyog‘idagi jarohat tufayli chempionatni tark etdi

Rossiyada o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida hakamlik qilgan o‘zbekistonlik taniqli arbitr Ravshan Ermatovning musobaqalardagi ishtiroki to‘xtadi.

O‘zbekistonlik hakamning mundialdagi o‘z ishini yakunlashiga uning yordamchisi Abduhamidullo Rasulovning jarohat olgani sabab qilib ko‘rsatildi.

Besh marta Osiyoning eng yaxshi futbol hakami, 2011 yilning “Eng yaxshi futbol sudyasi” unvoni sohibi 41 yoshli Ravshan Ermatov Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatini tark etdi.

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida berilgan tushuntirishga ko‘ra¸ Ermatov guruhidagi yon hakam Abduhamidullo Rasulov oyog‘idan jarohat olib, keyingi uchrashuvlarda ishtirok eta olmaydi va shu bois butun guruh o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Futbol sharhlovchisi Alisher Nikimbaev o‘z sahifasida o‘zbekistonlik hakamning musobaqalarni tark etishi uning professional faoliyati bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

- Jarohat ikkinchi o‘yindan keyin bilindi va Hamid o‘sha kundan boshlab hatto mashqlarga chiqmadi. Hakamlik qo‘mitasi uning tuzalib ketishini intiqlik bilan kutdi. Ammo, afsuski, bunday bo‘lmadi. Shu sababli o‘yinlardan chetlatish ularning hakamlik darajasiga bog‘liq emas. Ravshan va uning yordamchilari Moskvada qoladiki, bu FIFAning ularga bo‘lgan hurmatidan darakdir, deb yozdi sharhlovchi.

FIFA qoidalariga binoan, brigadada faoliyat ko‘rsatayotgan hakamni boshqasiga almashtirish taqiqlangan.

Ayni paytda, FIFA musobaqalarni tark etadigan hakamlarga umumiy minnatdorchilik bildirilgan bayonot e’lon qildi.

- FIFAning hakamlik qo‘mitasi 2018 yilgi Jahon Chempionatiga jalb qilingan barcha referilarga minnatdorchilik bildiradi, ularning o‘z ishlariga sodiqligi va professionalizmini yuqori baholaydi, deyiladi bayonotda.

Ravshan Ermatov - JCh eng ko‘p hakamlik qilgan referi

Chempionatning keyingi bosqich o‘yinlarida hakamlik qilish uchun¸ FIFA xabariga ko‘ra¸ 17 nafar hakam saralangan.

Ravshan Ermatov hozirga qadar jahon chempionati o‘yinlarida jami 11 marta hakamlik qilgan. Rossiyadagi musobaqalarda u Argentina-Xorvatiya va Ispaniya- Marokash o‘yinlarini boshqardi.

Argentina va Xorvatiya o‘yini davomida rossiyalik futbol sharhlovchisi Vasiliy Utkin Twitterda Ravshan Ermatovni “eshak bolasi” deb atagani o‘zbekistonlik muxlislarning g‘azabiga sabab bo‘lgan va Vasiliy Utkin jamoatchilik bosimi ostida so‘zlarini qaytarib olgan va kechirim so‘ragan edi.

Ravshan Ermatov 2003 yilda 25 yoshida FIFA hakami sifatida faoliyat boshlagan.

2007 yilda Yoshlar jahon chempionatida, 2008 yilda klublar o‘rtasidagi final bahslarini boshqargan.

2008-2011 yillarda besh marotaba Osiyoning eng zo‘r hakami sifatida tan olingan. 2013 yilda Xalqaro futbol statistikasi federatsiyasi tomonidan dunyoning eng zo‘r hakamlar 10-ligiga kiritilgan. Uchta Jahon chempionatida 11 marotaba hakamlik qilgan Ravshan Ermatov bu sohada rekordsmen sanaladi.

U “O‘zbekiston Iftixori”(2010), “El-yurt hurmati” (2014) ordenlari sohibi. 2011 yilda Ravshan worldreferee.com portali tomonidan olamning eng yaxshi hakami sifatida e’tirof etilgan.

Asli toshkentlik 41 yoshli o‘zbekistonlik hakam hozirda futbol instruktori bo‘lib ham ishlaydi. Uylangan, bir qiz va ikki egizak o‘g‘ilning otasi.