O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan shartnoma tuzib Janubiy Koreyaga ketgan mehnat muhojiri, agar ish joyidan qochib ketsa, shartnomani buzgan davrining har bir oyi uchun 1500 dollardan jarima to‘laydi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Ravshan Ibragimov kun.uz saytiga bergan suhbatida bildirdi.
Ibragimovning aytishicha, joriy yilgacha shartnomani buzgan ishchiga bir marta 1000 dollar jarima solinar edi, xolos.
Ozodlik Agentlik joriy etgan jazo chorasining mamlakat qonunlariga qanchalik mos kelishiga qiziqdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Ravshan Ibragimov muxbir bilan qariyb 1 soat davom etgan suhbatida mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq ko‘p masalalar yuzasidan ma’lumot bergan.
Koreyaga borgan o‘zbeklar bilan bog‘liq uch muammo
Janubiy Koreyaga shartnoma imzolab ketayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq muammolarni sanar ekan, suhbatning 50-daqiqasida Ibragimov bunday degan:
“Birinchi muammo til bilmaslik (o‘zbekistonliklarning koreys tilini bilmasligi – tahr.), ikkinchisi – ma’lum muddatdan keyin shartnoma shartini bajarmay qochib ketib qolishdir. Bir kundan keyin qochib ketib qolayotganlar ham bor. Bir oy ishlab qochib ketib qolayotganlar bor. “Aqllilarning” “maslahatgo‘ylarning” gapiga kirib qochib ketishayapti. Uchinchi muammo mehnat shartnomasi muddati tugaganidan (Koreyada) keyin qolib ketayotganlar”, degan Agentlik rahbari.
Koreyaga shartnoma bilan borayotganlar nega ishni tashlab ketib qolishayapti?
Xo‘sh, nima uchun Koreyaga borgan ishchi, Agentlik rahbari so‘zlari bilan aytganda, 1 kun yoki 1 oydan keyin qochib ketadi?
Bu savolning bilvosita javobini ham Ibragimovning o‘zidan eshitish mumkin – asosiy sabab shartnoma bilan borganlarning oyligi shartnomasiz ishlayotganlar oladigan ish haqidan kamligidir. Ravshan Ibragimov suhbatning 42- daqiqasida bunday degan:
“Fuqaromiz bordi (Koreyaga), ishlayapti. Shartnoma bo‘yicha ma’lum miqdorda oyligi belgilangan. Ish sharoiti, yashash sharoiti belgilangan. O‘zi shunga rozi bo‘lib, imzolab ketdi. Ishlayapti. (Shu payt) u yerda norasmiy ishlab yurgan fuqarolarimizdan biri keladida, “yurasanmi shu oylikka, yur, ana u yerda kattaroq oylik bor, deydi, 500 yoki undan kattaroq miqdorda to‘laydi, ketdik”, desa, qonuniy ishlab turgan joyini tashlab ketib qolayapti”, deydi Ravshan Ibragimov.
Jarima yoki Vyetnamdan o‘rganilgan tajriba
Bundaylar, Ibragimovning aytishicha, jarimaga tortiladi:
“Ilgari (jarima) 1000 dollar edi. 1 martalik edi. Fuqarolarimiz qochib ketib qolib, 1000 dollar to‘lab qo‘yib, yurgan edi. Endi mana bu yildan <…> shartnomani buzib, ishlab turgan joyidan norasmiyga chiqib ketib qolganlarni va shartnoma muddatini tugatib (Koreyada) qolib ketganlarni shartnoma muddatini buzgan davri uchun har oyga 1500 dollar miqdorida jarimaga tortish to‘g‘risida mexanizm kiritdik”, degan Agentlik rahbari. U ko‘rilayotgan choraning to‘g‘riligini bunday tajriba Vyetnamda ham borligi, bu mamlakatda jarima miqdori 3000 dollar ekanligini bilan izohlagan.
Oddiy arifmetika
Ravshan Ibragimovning aytishicha, shartnoma 4 yilu 1 oyga tuziladi. U kishi aytganday, ishchi Koreya borgach, “1 oy ishlaboq qochib ketsa” Agentlik undan 72 000 dollar (4yil = 48 oy; 48 X 1500 = 72 000) talab qiladimi?
Shu va boshqa savollarimizni berish uchun Agentlik bilan bog‘landik. Telefonni ko‘targan mulozim 10 daqiqaga cho‘zilgan so‘zlashuvlardan so‘ng savollarimizni yozib yuborishni so‘radi. Yozdik. Javob kelsa, e’lon qilamiz.
Mehnat kodeksi nima deydi?
Toshkentlik huquqshunos Baxtiyor (familiyasini aytishimizni istamadi) Ozodlik iltimosiga javoban Ravshan Ibragimovning intervyusini eshitib chiqqach, e’tiborimizni Mehnat kodeksining 75- (Mehnat shartnomasining muddati) va 104- (Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka to‘lash) moddalariga qaratdi.
Huquqshunosning aytishicha, bir qarashda, Agentlik Koreyaga ketayotgan ishchi bilan shartnoma tuzar ekan, shu moddalarga tayangan va rasman qonunni buzmagan.
Biroq, huquqshunosning fikricha, Agentlik yollanuvchi bilan tuzayotgan shartnomaning 104- moddaning (Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka to‘lash) quyidagi me’yorlariga mosligini o‘rganish lozim:
“Neustoykaning miqdori ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini ko‘zlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlagan davr va boshqa holatlarga bog‘liq tarzda tafovut qilishi mumkin.
Xodim to‘laydigan neustoyka miqdori ish beruvchi to‘laydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas”, deyilgan 104- moddada.
So‘nggi modda mantig‘idan kelib chiqilsa, shartnomada ish beruvchi ham o‘z zimmasiga oyiga 1500 dollar miqdorida neustoyka to‘lash majburiyatini olishi lozim. Mana shu holatdagina ish beruvchi bilan ishchining huquqlarida tenglik paydo bo‘ladi.
Koreyaga ketayotgan ishchilar bilan Agentlik tuzgan shartnomada shu narsa nazarda tutilganmi?
Ya’ni, masalan, shartnomada “Ishchi ishga qabul qilingan kundan bir oy o‘tgach, ish beruvchi (yoki Migratsiya agentligi) shartnomani buzguday bo‘lsa, ishchiga shartnoma tuzilgan muddatning qolgan qismining har bir oyi uchun 1500 dollardan neustoyka to‘laydi”, deganga o‘xshash gap yozilganmi?
Bu savolga javob topish uchun shartnoma matnini topa olmadik.
Janubiy Koreyada ishlayotgan tinglovchilarimizni mavzuni davom ettirishga chaqiramiz.