1941 yili Ukrainadan O‘zbekistonga jo‘natilgan xatlar adresatlari qidirilmoqda (FOTO)

Ukrainada urush yillari o‘zbek jangchilarining o‘z yaqinlariga yuborgan xatlari topildi.

Xatlarni topgan ukrainalik tarixchilar Ozodlikdan ularning adresatlarini topishda ko‘mak so‘radi.

Ukrainaning Ikkinchi Jahon urushidagi tarixi milliy muzeyida (Natsіonalniy muzey іstorії Ukraїni u Drugіy svіtovіy vіynі) urush yillari halok bo‘lgan o‘zbekistonlik jangchilar xatlari topilgani haqda Ozodlikka gapirgan muzey xodimasi Janna Ocheretyanaya bu xatlar Ikkinchi Jahon urushi yillari fashistlar tomonidan olib ketilgan hujjatlar orasida bo‘lgani va 2010 yilda Avstriya hukumati tomonidan qaytarib berilganini ma’lum qildi.

- Kolleksiya Ukrainadan 1941 yilda olib chiqib ketilgan va oxirgi 70 yil davomida Vena Texnika muzeyida saqlanib kelgan. 2010 yilda u Ukrainaga qaytarib kelindi. Hozirda 1215 xatdan iborat kollektsiya bizning muzeyimizda. Kolleksiya faqat xatlardan iborat. Bu xatlar Kamenets-Podolskiy shahri nemis fashistlari tomonidan egallangandan keyin mahalliy pochtadan olingan va Germaniyaga jo‘natilgan. Bu xatlar – jangchilarning yaqinlariga yuborgan, ammo yetib bormagan xabarlaridir, - dedi Janna Ocheretyanaya.

Muzey vakili xatlar 1941 yilning iyun-iyul oylari davomida yozilganini, ularni sinchiklab o‘rgangan avstriyalik olim Olshleger fashist bosqinchilari pochta xatlari yordamida Sovet odamlarining umumiy ruhiy holati va bo‘layotgan hodisalarga munosabatini o‘rganmoqchi bo‘lganini aniqlaganini bildirdi.

Tarixiy xatlar mualliflari asosan SSSRning g‘arbiy chegaralarini himoya qilayotgan chegara harbiylari, Kamenets-Podolskiyda tahsil olayotgan talabalar va oddiy grajdanlar ekani ham aytildi.

Janna Ocheretyanaya kolleksiyada O‘zbekistonga yuborilgan xatlar ham bor, deya davom etadi:

- Manzili “O‘zbekiston” etib ko‘rsatilgan xatlar soni 8 dona. Ammo qaysi tilda yozilganini bilmayman. Xatlarning barchasi O‘zbekistonga jo‘natishga mo‘ljallangan. Bu xatlar Kamenets-Podolskiy pochtasi va yon-atrofdagi aloqa bo‘limlarida yozilgan va jo‘natilishini kutayotgan bo‘lgan. Biz O‘zbekiston elchixonasiga ham yordam so‘rab murojaat qilgandik – ular ko‘mak berishni va’da qildi. Xatlarda ko‘rsatilgan shaxslarni topishga sizlarning muxlislaringiz ham hissa qo‘shishi mumkin, dedi Janna Ocheretyanaya.

Xatlar mazmuni haqida gapirar ekan, Ukraina Milliy muzeyi xodimasi askarlar bu xatlarni farzandlari, ota-onalari, yaqinlariga yo‘llagani va unda asosan boshlangan dahshatli urush to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirilganini aytdi.

Xatlar tahlili bilan shug‘ullangan Ukraina “Memorial” tashkiloti xodimlari Astriyadan keltirilgan 1215 dona xatning har birini adresatga yetkazishga bel bog‘lagan. Buning uchun Ukrainaning Ikkinchi Jahon urushidagi tarixi milliy muzeyi rasmiy saytida hatto “1941 yilning o‘qilmagan xatlari” maxsus sahifasi ishga tushirildi.

2018 yilning 1 iyuliga qadar bu kollektsiyadan bo‘lgan 643 dona hujjat Yevropa, AQSh va sobiq Sovet Ittifoqi hududida yashayotgan xat egalari yaqinlariga topshirildi.

Ukrainaning Ikkinchi Jahon urushidagi tarixi milliy muzeyi Ozodlik tahririyatiga manzil va mualliflari ko‘rsatilgan xatlar ro‘yxatini taqdim etdi.

Bular:

Andijon viloyati:

1. Jalaquduq rayoni, Kadiksin s/s, Gurunchmozor stantsiyasi,

pps № 453, 441 o‘qchi polk, otliq razvedka

Kommunizm kolxozi,

Yuldoshev Ismonalidan

Yuldoshev Haydaraliga

2. Izboskan rayoni, Assake stantsiyasi (Asaka bo‘lsa kerak- tahr.)

Yangi-Yo‘l qishloq soveti, Komintern kolxozi

Xasanova Mastonbuga

USSR, Kamenets-Podolskiy sh.,

Alibekov Po‘latdan

Buxoro viloyati:

3. Gusarskiy rayoni (G‘uzor tumani bo‘lsa kerak-tahr.),

USSR, Kamenets-Podolskiy sh.,

Dehkonobod stansiyasi, Sho‘rguzar qishlog‘i

Do‘smurotov Boybo‘riga

p/q 202/13 - Do‘smurotov Djabbordan

4. Samarqand viloyati,

Kattaqo‘rg‘on rayoni,

p/q 11, liter B

Mitan s/s, Stalin kolxozi

Jiyanov Shaylan(?)ga

USSR, Kamenets-Podolskiy shahridan,

Jiyanovdan

5. Surxandaryo viloyati,

Jarqo‘rg‘on rayoni, Jarqo‘rg‘on stantsiyasi,

Bozor Kakaydi neft

Jo‘raev Elamanga

p/q 32/57 USSR, Kamenets-Podolskiy sh.,

Jo‘raev X.-dan

6. Toshkent sh., Ogorodnaya ko‘ch., 25, S.A.R.E.Z. zavodi

Sergeev N. I.-ga

USSR, Kamenets-Podolskiy sh.,

Sergeev Viktordan

7. Xorazm viloyati,

Urganch sh., Apteka

Shevchuk Galina G.-ga

[Familiyasi noma’lum] Vasiliydan

8. Kamenets-Podolskiy shahri,

p/q 201/3- To‘raev Boymuratga

Kamenets-Podolskiy sh.,

p/q 32/52 -Jo‘raev Choridan

Ozodlikka taqdim etilgan xatlar nusxalari orasida Tojikiston SSR, Stalinobod shahri (sobiq Dushanbe), Shohmansur qishloq kengashi, kolxoz im.Loguti, 112 uyda yashovchi Qori Sodiqqa Ukrainaning Kamenets-Podolskiy shahri, 201-chi pochta qutisidan Fozilov Sangin nomidan yuborilgan xat ham mavjud.

"O‘zbekiston SSR" yozuvi o‘chirilib, "Tojikiston SSR" manzili ko‘rsatilgan xat nusxasi

Ukrainalik tarixchi-olimlar yuqorida ro‘yxatda keltirilgan o‘zbekistonliklarni yoki bu shaxslarning yaqinlarini tanigan-bilganlarni Ozodlik tahririyati yoki Ukrainaning Ikkinchi Jahon urushidagi tarixi milliy muzeyiga xabar berishlarini so‘rab qoladi.