Samarqand. YUNESKO himoyasidagi zonada yana buz-buz. Navbat 100 yillik pochta binosiga keldi (VIDEO)

Samarqanddagi tarixiy pochta binosi

25 iyul kuni Samarqandning YUNESKO himoyasi zonasida joylashgan, 1910 yili qurilgan pochta binosining bir qismi buzila boshlandi.

Pochtaga yondosh YUNESKO himoyasidagi turar-joylar esa, buzilib bo‘lgan. Shu uylardan birining egasi¸ samarqandlik Mexroj Abdujabborovning Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ pochta binosining bir qismi va unga yondosh hududdagi turar-joylar “25 iyul kuni qonunga zid tarzda ekskavatorlar bilan yiqib tashlangan”.

Madaniy merosni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi Samarqand bo‘limi vakilining Ozodlikka bildirishicha, “madaniy meros obidasi sifatida davlat himoyasiga olingan pochta binosining bir qismi buzib yuborilgan”.

Samarqand shahar hokimligi mulozimi buzish ishlari O‘zbekiston prezidentining PK-3507 qaroriga asosan amalga oshirilganligini bildirdi.

YUNESKO himoyasidagi hududda yana buldozerlar

Ozodlik mobil muxbiri 25 iyul kuni Samarqandning YUNESKO himoyasi zonasida joylashgan binolarning buzilayotganini videotasvirga oldi. Videoda aks etishicha¸ Samarqandning Amir Temur va Pochta ko‘chalarida ekskavator va buldozerlar bundan 100 yil oldin, Chor davrida Nikolay g‘ishtdan qurilgan binolarni buzmoqda.

Madaniy meros ob’ektlarini muxofaza qilish davlat inspeksiyasi Samarqand bo‘limi boshlig‘i Maysara Nabiraevaning Ozodlikka aytishicha, “XX asr madaniy meros obidasi sifatida davlat muhofazasiga olingan Pochta ko‘chasi, 5 uyda joylashgan pochta binosining yon devorlari buzib tashlangan”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Самарқанднинг Юнеско ҳимояси қисмида яна бузиш ишлари бошланди

Hokim davlat himoyasidagi obidani buzish to‘g‘risida qaror chiqargan

Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan 25 iyul kungi suhbatida pochta binosi buzilishi "hokim qaroriga ko‘ra¸ mutlaqo qonunga binoan" amalga oshirilayotganini aytdi:

- Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov joriy yil 11 mayda imzo chekkan 823- qarorga ko‘ra buzilmoqda. Bu qarorning ilovasida buzilayotgan binolar aniq ko‘rsatilgan. Ilovada 15 raqami bilan belgilangan Samarqand shahar pochta aloqa tarmog‘i binosi buzilmoqda. Hozir yarmi buzildi¸ qarorda butun bino buzilsin deyilgan. Qaror O‘zbekiston prezidentining 2018 yil, 3 fevraldagi 3507- qarori asosida qabul qilindi¸- dedi mulozim va buzilishlar to‘g‘risidagi qaror va ilovalarni Ozodlik muxbiriga taqdim qildi.

"Turar va noturat-joy binolarini buzish to‘g‘risida", deb ataladigan shahar hokimi qarorining ilovasida Samarqand shahar Pochta ko‘chasi, 5- uydagi bino buzilishi aniq ko‘rsatilgan. Hokimlik mulozimi taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra¸ buzilgan qadimiy bino o‘rnida Samarqand Tibbiyot instituti uchun alyukabond bilan bezaladigan zamonaviy oynavand besh qavatli imorat quriladi.

Hokim qarori qonunga zid

Madaniy meros ob’ektlarini muxofaza qilish davlat inspeksiyasi Samarqand bo‘limi boshlig‘i Maysara Nabiraevaning aytishicha¸ “Samarqand tarixiy markazidagi YUNESKO ro‘yxatiga kirtitilgan hududda olib borilayotgan buzish ishlari Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning 30-¸ 32- va 33- moddalariga ziddir.

- Samarqand shahar Pochta ko‘chasi, 5- uyda joylashgan pochta binosi 1910 yilda qurilgan va tarixiy ahamiyatga ega. Bu tarixiy obidani o‘rab turgan Nikolay g‘ishtdan qurilgan devorning bir qismi joriy yil 30 aprelida yiqitilgani haqida dalolatnoma tuzilgan. Shundan keyin bino atrofida qurilish ishlari to‘xtagan edi. 25 iyul kuni pochtaning yondosh binolarini buzish boshlandi. Bu hudud YUNESKO himoyasiga olingan bo‘lib har qanday buzish-qurish ishlari olib borilishi mumkin emas,- dedi Maysara Nabiraeva Ozodlik bilan suhbatda.

Madaniyat vazirligi havotir bildirdi

25 iyul kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi madaniy obidalarni asrash borasida matbuot anjumani o‘tkazdi. Vazirlik vakili Mavluda Asqarxo‘jaeva anjumanda ishtirok etgan Ozodlik muxbiri savoliga javoban “Samarqanddagi davlat muxofazasiga olingan obidalarni qurilish shirkatlari va sovuqqon mulozimlar o‘zboshimchaliigidan himoya qilish uchun jiddiy ishlar qilinayotganini” ta’kidlagan. Asqarxo‘jaevaga ko‘ra ¸ aynan vazirlik sa’y-harakati bilan ko‘plab obidalar, xususan pochta binosi butkul vayron qilinishdan asrab qolingan.

“Pochta binosi nishonda”

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdievning Ozodlikka aytishicha¸ “Pochta binosining yarmi buzilgan va yarmi buzish uchun nishonga olingan”

- Vazirlik mulozimi pochta binosi qisman saqlanib qolindi, debdi. Rahmat deylikmi shunga? Mendagi hujjatga ko‘ra¸ pochta binosining saqlanib turgan fasadi atrofida Tibbiyot instituti fakulteti qurilar ekan. Pochta idorasi binodan ko‘chib ketar ekan. Ya’ni pochta binosi qarovsiz qoladi. Keyin uni qarovsiz qolib yaroqsiz xolga keldi deya buzib tashlashadi. Bunga misol ko‘p. Masalan Nikolay davrida qurilgan Jo‘rabek masjidiga o‘t qo‘yib yoqib yuborib “yaroqsiz xolga” keltirib¸ oxirida buzib tashlashgan edi. Menga bitta narsa tushunarsiz. Ochko‘z chinovniklar yoki o‘zbilarmon mulozimlar nega gapni aylantirishmoqda? Kimni aldashmoqchi? Mana hokim qarori qo‘limda turibdi. "Pochta binosi buzilsin", deb aniq yozilgan. Bunga chek qo‘ya olmagan yoki panja orasidan qarayotgan Madaniyat vazirligi mulozimlarini ham obida vayron bo‘lishiga sherik deb bilaman,- dedi me’mor Turdiev.

Pochta binosi buzilayotgani Bosh prokuratura nazoratida

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Samarqanddagi obidalar buzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Ozodlikkka bildirgan prokuratura mulozimiga ko‘ra¸ 1910 yilda qurilgan va YUNESKO himoyasidagi hududda joylashgan pochta binosi bilan bog‘liq masalani ham Bosh prokuratura o‘z nazoratiga olgan.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, Samarqand shahrining tarixiy qismida YUNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borgan va bunga bilaturib ruxsat bergan o‘ndan ortiq sobiq mulozim ham hibsga olinib, so‘roq qilinmoqda:

- Bu amaldorlar o‘zboshimchaligi bois tarixiy-madaniy ob’ektlar buzilgan. Samarqand turistlar uchun o‘z jozibasini yo‘qotish havfi ostida qolgan. Turistlar Samarqandga yangi binolarni emas, asosan tarixiy obidalarni tomosha qilish maqsadida kelishini hozir hibsda bo‘lgan viloyat hokimi inobatga olmagan¸ - dedi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasi mulozimi.