Nukus muzeyi sobiq direktori: "Muzeydagi ahvolni yaxshilash uchun qaytishga tayyorman"

Marinika Bobonazarova

Nukus shahridagi Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyida suvda ivib, sifatiga katta zarar yetgan asarni "restavratsiya qilish va oldingi holatiga to‘liq qaytarish imkoni" izlanayotgan bir paytda muzey rahbarini almashtirish masalasi ham ko‘rilmoqda.

​O‘zbekistonlik taniqli haykaltarosh va jamoat arbobi Damir Ro‘ziboev Savitskiy muzeyidagi shoh asar vayron qilingani ortidan 20 iyul kuni O‘zbekiston prezidentiga maktub yo‘llab¸ 2015 yilda ishdan bo‘shatilgan muzey direktori Marinika Bobonazarovani ishga qaytarishni so‘ragandi.

25 iyul kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida vazir Baxtiyor Sayfullaev bu savolga ijobiy javob qaytardi.

-Savitskiy muzeyi sobiq rahbarining ishga qaytishi masalasi qayta ko‘rilishi mumkin, - dedi vazir Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Bu bayonotdan oldin O‘zbekiston madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Oripova Nukusdagi muzeyga 31 yil rahbarlik qilgan sobiq direktor Marinika Bobonazarovani vayron bo‘lgan asar bilan muzeyning o‘zida tanishishga sharoit yaratib bergan edi.

"Savitskiyning nodir kolleksiyasi" deya 31 yil davomida O‘zbekistonni dunyoga tanitgan Nukusdagi davlat san’at muzeyining sobiq direktori 63 yashar Marinika Bobonazarova 31 iyul kuni Ozodlikka eksklyuziv suhbat berdi.

Ozodlik: Siz ishdan bo‘shatilgan 2015 yil avgustida Ozodlik "endi kolleksiyaning taqdiri nima bo‘ladi" deya maqola e’lon qilgan edi. O‘tkan 3 yil ichida kamida 3ta asarning shikastlangani bu havotirlar asossiz emasligini ko‘rsatdi. Jamoatchilik sizni qaytishingizni so‘rayapti. Vazir ham, vazir o‘rinbosari ham qarshi emas. Ishga qaytib, o‘zingiz aytmoqchi, "Savitskiyning nodir kolleksiyasini it kabi qorovullashni" davom ettirasizmi?

Bobonazarova:- Shu kunlarda Nukusdagi Savitskiy muzeyi kollektivida yuzaga kelgan ahvol odamni ko‘nglini aynitadigan darajada yomon. Muzey asoschisi Igor Savitskiyning jamoaga ilhom beruvchi ruhi o‘ldirilgan. Ishning ko‘zini biladiganlar quvib yuborildi. Men muzeyga qaytib borib, yana direktor bo‘laman deb, o‘pkamni qo‘ltiqlab turganim yo‘q. Ammo hukumatimiz shu muzeydagi ahvolni to‘g‘irlab bering deb, mendan iltimos qilsa, men albatta ishga qaytaman. Chunki, men uchun muzey - umrim mazmuni. Men muzeydagi ahvolni yaxshilash uchun qaytishga tayyorman. Men ishdan ketganimdan keyin ham muzey haqida o‘ylashda davom etdim. Muzeyning o‘tidan kirib kulidan chiqqan odam sifatida bu maskanga Igor Savitskiyning yorqin ruhini qaytarish uchun jonimni ham ayamayman.

Ozodlik: Igor Savitskiy nomidagi Nukus davlat tasviriy san’at muzeyi asosiy ekspozitsiyasidan o‘rin olgan noyob rangtasvir asari 16 iyul kuni shikastlangan quvurdan oqqan suv ostida qolib vayron bo‘ldi. Siz buyuk rassom Aleksandr Shevchenko (1883-1948) tarafidan 1914 yilda yaratilgan "Chelak ko‘targan ayol" asarini vayron bo‘lgan holda ko‘rgan sanoqli kishilardan birisiz. Men gaplashgan zal mudirasi asar "tiklab bo‘lmas holga kelgan", deb aytdi. Sizning fikringiz qanday bu borada?

Bobonazarova: - Vayron bo‘lgan asarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan san’atshunos sifatida tafsilotlarni aytishim mumkin. Muzey xodimlarining o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani borasida hozir tekshirish olib borayotgan Bosh prokururatura vakillari tegishli va malakali xulosa beradi, deb o‘ylayman. Shevchenko asarining bugungi ahvolini juda yomon, deb baholayman. Polotnoga juda katta zarar yetgan. Men ehtirosga berilmay¸ maksimal ob’ektiv gapiriryapman. Asar kamida 60 foiz zarar ko‘rgan. Muzey xodimlarining o‘zlari asarning 80 foizi vayron qilingan, deyishdi. Shu ikki raqamdan kelib chiqib kartinadagi moy-bo‘yoq sathining 70 foizi nobud bo‘lgan, deya ayta olaman. Asarga yetgan zarar shundoq ko‘zga tashlanib turibdi. Butun kartina ulkan dog‘lar bilan qoplangan va moy-bo‘yoq qatlamiga shikast yetgan. Buning nimaligi va oqibatini rassomlar yaxshi biladi.

Ozodlik: Aynan nima bo‘ldi o‘zi? Ermitajda ustidan kislota quyilgan Rembrand asari ham buncha zarar ko‘rmagandi. Nahotki, oddiy suv moybo‘yoq asarning 70 foizini nobud qilsa?

Bobonazarova: - Hamma gap ham shunda. Nega oddiy suv bosimi moybo‘yoqli asarni bu qadar vayron qildi? Suvdan shuncha zarar ko‘rgani menda shubha uyg‘otmoqda. Bilishimcha, asar uzoq vaqt (6 soat-tahr) jo‘mrakdan otilgan suv bosimi ostida qolgan. Bunga asosiy sabab muzey personalining ishga sovuq munosabatda bo‘lganidir. Agar qorovullar uxlamay, qarab turganida suv oqishini to‘xtatgan bo‘lar edi. Ikkinchi qavatda oqib yotgan suv shiftdan sizib birinchi qavatga tushganida ham, qorovullar e’tibor ham bermagan. Galereya bosh muhofizi rasm vayron bo‘lganidan xabar topganidan keyin¸ kartina devordan yechib olingan va gorizontal holatda yotqizib qo‘yilgan. Keyin esa fond xonasiga olib kirilgan. Fond salqin asosiy zal esa issiq. Harorat tafovuti kartinaniing keyingi taqdirini yanada yomonlashtirdi. Shu kunlarda rasm asta-sekinlik bilan quritilmoqda. Kartina hali to‘la qurib bo‘lgani yo‘q. Polotno batamom qurib podramnikka tarang tortilganidan keyin, asosiy yo‘qotish haqida bilgiga ega bo‘lamiz. Voqeadan oldin kartina yaxshi holatda ya’ni podramnikka tarang tortilgan holatda bo‘lgan.

Ozodlik: Davlat tomonidan 3 million AQSh dollariga sug‘urtalangan va Rus avangard yo‘nalishidagi shedevr asarning asl nusxasi sotib yuborilib¸ qalbakisiga almashtirilgan, degan iddao ham bor. Buzilgan quvur voqeasi esa izlarni yo‘qotish uchun deyishdi. Siz asarnni vayron bo‘lishidan oldin yaxshi bilgan mutaxassis sifatida bu iddaoga nima deysiz? Suv ostida qolgan asar aslmi yo qalbaki?

Bobonazarova: - Asarning asl yoki qalbaki ekanligini aniqlash uchun maxsus qurilma lozim. Biz vayron bo‘lgan kartinani 30 kishi bo‘lib ko‘rdik. Bunaqa gavjum holatda ko‘p narsani aniqlash qiyin. Harholda original degan fikrdaman. Xudoga shukr-ki, rang qatlami ostidagi grunt (mato ustiga rasm chizishdan oldin asar zaminiga surtiladigan oq rangli qatlam-tahr) zarar ko‘rmagan. Men, grunt nobud bo‘ldi deb, qo‘rqqandim. Agar grunt ishkal topganida asarni saqlab qolish imkoni juda kamaygan bo‘lardi.

Ozodlik: Kartinani qayta tiklash mumkinmi?

Bobonazarova: - Kartinani qayta tiklash mumkin, deb o‘ylayman. Lekin kartinani tiklash juda mashaqqatli¸ izchil va uzoq jarayon bo‘ladi. Bu bir necha oyda bitadigan ish emas. Menimcha, ta’mir bir necha yillarni o‘z ichiga oladi. Bu asar tomoshabinlar nigohidan bir necha yil mosuvo bo‘lgani aniq. Muzey ziyoratchilari bu shedevrni bir necha yil tomosha qila olmaydi. Bu mening eng nekbin¸ eng optimistik prognozimdir. Rasmni tez qutqaraman deb, shoshilmaslik muhimligini urg‘ulamoqchiman. Maqsad¸ asarni qancha vaqt lozim bo‘lsa, shuncha vaqt ichida jiddiy restavratsiya qilib, kelajak avlodlarga etkazishdir. Shu bois shoshishning keragi yo‘q. Bo‘lar ish bo‘ldi. Meni xavotirga solayotgan narsa uquvsizlik bilan rasmga yana zarar yetkazilmasligi. Muzeyda bu rasmni restavratsiya qila oladigan mutaxassis yo‘q. Muzey xodimlari qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘ymasa, bo‘ldi.

Ozodlik: 2015 yilda sizni muzey ishini yaxshi tashkil qila olmadi deya ishdan bo‘shatishgan edi. Shevchenko asarini vayron qilgan o‘t o‘chirish tizimi siz paytingizda o‘rnatilgan edi. Menda bor ma’lumotga ko‘ra, loyihani siz maqullagansiz. Bugungi ahvolda sizning aybingiz yo‘qmi?

Bobonazarova: - Bu tizim men ishlagan davrda o‘rnatilmagan. Meni 2015 yil ishdan bo‘shatishdi. Yong‘inni suv purkab o‘chiradigan tizim esa 2016 yil o‘rnatilgan. Lekin men ba’zilar kabi o‘z zimmamdan aybni soqit qilmoqchi emasman. Men har qanday savolga ochiqman. Olovni gaz bilan o‘chiradigan tizim masalasida aniqlik kiritsam: men aynan shu tizimni taklif qilgandim¸ loyihachilarga. Lekin, bu tizim qimmat deya suv bilan o‘chiradigan tizim o‘rnatildi. Dunyodagi aksar muzeylarda faqat gaz bilan o‘t o‘chirish tizimi o‘rnatilgan. Nukus muzeyida esa vaqt bombasi kabi xatarli ish qilishdi. Gaz o‘rniga suv to‘ldirishdi. Mana oqibati¸ - deydi Nukus muzeyini 31 yil boshqargani ortidan 2015 yilda ishdan olingan Marinika Bobonazarova Ozodlik bilan suhbatda.

Rassom Shevchenkoning vayron bo‘lgan asari

Bobonazarova 2015 yilda , O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati muzeyni taftish qilib, 581 million 625 ming so‘mlik 5 ta kartina yo‘qligini o‘zbek matbuoti e’lon qilgani ortidan, ishdan olingan edi.

Bobonazarova xalqaro ekspertlar tarafidan umumiy qiymati 2 milliard dollarga baholangan kartinalar saqlanadigan muzeyni “31 yil davomida qo‘riqlab kelgani” va “muzeyni talon-taroj qilishga yo‘l bermagani” san’atshunoslar tarafidan aytib kelingan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Nukus muzeyi sobiq direktori: «Muzeydagi ahvolni yaxshilash uchun qaytishga tayyorman»