Maksim Shevchenko:"O‘rxon - haqiqat arsloni edi!" (FOTO-VIDEO)

O‘rxon Jamolni so‘nggi yo‘lga kuzatishmoqda

7 avgustda Moskva Jome masjidida rossiyalik taniqli jurnalist O‘rxon Jamolning janoza marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘rxon Xovanskoe qabristoniga dafn etildi.

Shu kuniyoq Moskvaning boshqa ikki qabristoniga 30 iyul kuni Markaziy Afrika Respublikasida O‘rxon Jamol bilan birga otib o‘ldirilgan ya na ikki jurnalist - Aleksandr Rastorguev va Kirill Radchenko ko‘mildi.

O‘rxon bilan vidoshuv marosimi Moskvaning jome masjidida bo‘lib o‘tdi

30 iyul kuni Markaziy Afrika respublikasida otib o‘ldirilgan rossiyalik jurnalistlar O‘rxon Jamol, Aleksandr Rastorguev va Kirill Radchenkolar 7 avgust kuni Moskvada dafn etildi.

Kunduz kuni Moskva shahar Jome masjidida taniqli jurnalist O‘rxon Jamol bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Janoza namoziga mingdan ziyod odam, jumladan uning yaqin do‘stlari va yaqinlari yig‘ildi.

Marosim boshlovchisi jurnalist Maksim Shevchenko O‘rxonni sherga qiyosladi.

- O‘rxon adolatsizlik paydo bo‘lgan joyga o‘zini mardlarcha tashlagan sher edi, dedi Shevchenko.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Африкада ўлдирилган Ўрхон Жамол Москвада дафн этилди

Sharqshunos va siyosiy tahlilchi Rustam Qurbonov O‘rxon Jamolni “musulmonlarga xos mardlik va kamtarinlik timsoli” bo‘lganini eslatdi.

- Uning hayotdan ko‘z yumishi - O‘rxonga iliq va samimiy munosabatda bo‘lgan turli qarashlar va qaramaqarshiliklarga ega barcha musulmonlar uchun katta yo‘qotishdir. U bu musulmonlarni birlashtirib kelgandi. Rossiya musulmonlar jamoasi orasida u o‘ta to‘g‘riso‘z va samimiy jurnalist edi. Men o‘ylaymanki, bu butun Rossiya uchun katta yo‘qotishdir, chunki bu kabi jurnalistik, grajdanlik va siyosiy qaxramonlikni biz anchagacha ko‘ra olmaymiz, dedi sharhlovchi Rustam Qurbonov.

So‘zga chiqqanlar orasida, jumladan, marhumning 12 yashar o‘g‘li Mansur ham bor edi.

- Men otamdek buyuk bo‘lishni va’da beraman, dedi O‘rxonning o‘g‘li Mansur.

So‘nggi yo‘lga kuzatishdan oldin so‘zga chiqqan diniy faol va sobiq Duma deputati Abdulvohid Niyozovning O‘rxonni “romantik hissiyotlarga berilgan va adolatga intilgan katta bola” deb atagani boshlovchi Maksim Shevchenko tomonidan inkor etildi va u janozaga yig‘ilganlarga qarata:

- O‘rxon bola emas edi, u haqiqiy erkak, haqiqiy jangchi va haqiqiy sher edi, deya javob qaytardi.

Ўрхон Жамол Москвада дафн этилди

Janoza namozidan keyin O‘rxon Jamol jasadi uning eng yaqinlari hamrohligida Moskvaning Xovanskoe qabristoniga yuborildi.

Dafn marosimi tugagach, jurnalistning yaqin do‘sti Maksim Shevchenko Ozodlik Radiosiga O‘rxon Jamol haqida bularni gapirdi:

- U o‘zbek xalqini juda yaxshi ko‘rardi. Andijonning fojeali kunlarida u pistirmalardan o‘tib, Andijondagi janozada ishtirok etgandi. O‘zbek xalqi boshiga tushgan yana bir kulfat - O‘sh voqealari davomida o‘sha yerda bo‘ldi. U o‘shdagi johillikka guvoh bo‘ldi. Biz “haqiqat arsloni va haqiqat jangchisini” yo‘qotdik. Demak, biz uning yo‘lidan borishimiz va hayotligida boshlagan ishlarni davom ettirishimiz kerak, dedi Maksim Shevchenko.

Jurnalistlarni kim otib o‘ldirdi?

O‘rxon Jamol va uning ikki hamkasbi - Aleksandr Rastorguev va Kirill Radchenko 30 iyulda Markaziy Afrika Respublikasining Sibut shahri shimolidagi poytaxt Banguiga eltuvchi trassada otib o‘ldirilgan edi.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu guruh JARda xizmat qilayotgan harbiylashgan guruh – “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) faoliyati haqida surishtiruv materiali tayyorlashga borgan. Kompaniya minglab askarlarni yollash bilan shug‘ullanadi va uning egasi prezident Vladimir Putinga yaqin odam Yevgeniy Prigojin ekani aytilmoqda.

Biroq, Rossiya hokimiyat idoralari “Vagner” XHK dunyoning biror joyida topshiriqlarini bajarayotganini inkor etib keladi. Rasmiy Kreml “jurnalistlarga talon-taroj maqsadida hujum qilingan bo‘lishlari mumkin” degan taxminni ilgari surmoqda.

Jurnalistlarga qilingan hujumda tirik qolgan haydovchi O‘rxon va uning sheriklari “niqobda bo‘lganlar tilini bemalol tushungani va muloqot qilgani”ni bildirdi.

Rossiyalik biznesmen, "YUKOS" kompaniyasi sobiq egasi dissident Mixail Xodorkovskiy o‘ldirilgan jurnalistlar u boshqarayotgan "Surishtiruvlarni boshqarish markazi" (SUR) bilan hamkorlikda "Rus yollanma jangchilari" jurnalistik loyihasi ustida ish olib borayotganini o‘z sahifalaridan birida tasdiqladi.

Rus yollanma janggarilarining Markaziy Afrika Respublikasida paydo bo‘lib qolgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib fransuzlarning Le Monde nashriga tayanib “Novaya gazeta” nashri xabar qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “noharbiy instruktorlar” deb atovchi shaxslarni gazeta “rus yollanma jangchilari” deb atadi. Ta’kidlash joyizki, “Vagner Xususiy harbiy kampaniyasi” (“ChVK Vagner”) Afrikaning Sudan kabi boshqa “qaynoq” nuqtalarida “faoliyat” yuritayotgani ma’lum.

Joriy yilning may oyida Rossiya hukumati MARga “beminnat harbiy-texnik yordam” ko‘rsatayotganini bildirgandi.

“BMTning Xavfsizlik Kengashi 2127 roziligi asosida Rossiya Mudofaa vazirligi hisobidan Markaziy Afrika armiyasi talablariga muvofiq yanvar oxiri - fevral boshida o‘qotar qurol va o‘q-dori yetkazib berildi. Qo‘mita ruxsati bilan, shuningdek, u yerga MAR harbiy askarlarini tayyorlashga 5 harbiy va 170 nafar noharbiy instruktor jo‘natildi”, dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Artyom Kojin.

Marhum jurnalistlarga vafotidan keyingi mukofotlar berildi

Jurnalist O‘rxon Jamol, kinorejissyor Aleksandr Rastorguev va operator Kirill Radchenkolarga vafotidan keyin “Redkollegiya” mukofoti berildi.

Bundan oldinroq Aleksandr Rastorguevga “Dafna yaprog‘i” hujjatli kino mukofoti topshirilgandi.

O‘rxon Jamol - harbiy harakatlar borayotgan mintaqalar va musulmon mamlakatlari bo‘yicha mutaxassislashgan taniqli rossiyalik jurnalist, harbiy tahlilchi. Rossiya Islom qo‘mitasi marhum raisi, taniqli siyosiy arbob Haydar Jamolning o‘g‘li.

U Shimoliy Kavkaz, Iroq, Livan, Suriya va boshqa harbiy to‘qnashuvlar yuz bergan mamlakatlarda ishlagan. 2008 yilning 8 avgust kuni sodir bo‘lgan Rossiya-Gruziya mojarosi borasida “Besh kunlik urush xronikasi” kitobini yozgan.

2011 yilda Liviyaga qilgan komandirovkasi davomida oyog‘idan og‘ir yaralangan edi.

O‘rxon Jamol 2005 yilda Andijonning qonli voqealar va 2010 yilda O‘shdagi mojarolarni yoritish uchun yetib borgan jurnalistlarning birinchi qatorida bo‘lgan.