Keyingi yillarda o‘zbek ommaviy axborot vositalari tili qarovsiz qolganday. Bu til qandaydir Botanika litseyi tomorqasining tajriba uchastkasiga o‘xshab qolgan. Bolalar tomorqada nima qilsa, shuni qilayapti: o‘rikka shaftolini ulaydimi-ey, ko‘chatlarni sug‘urib olib, teskari ekib ko‘radimi-ey...
Uchastkada “hey” deydigan Ustoz yo‘q. Tilning egasi yo‘q. Injiq muharrirlar sinf sifatida qirilib bitganday. Ular o‘rnini aksilmuharrirlar egallagan: “bu haqda” deb yozsang, “bu haqIda” deb, “5 ta parta” deb yozsang, “5 ta partalar” deb “o‘nglaydi”. Necha yilki, o‘zbekda “odam” yo‘q, “kishi” yo‘q, “kimsa” yo‘q, “inson” bor!
“Farroshlik bilan kun ko‘radigan bir insonni bilaman, kecha u biznikiga tashrif buyurdi”ga o‘xshagan gapda hech kim g‘alizlik ko‘rmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi.
Bu masalada tanqiddan holi nashr yo‘q. Ozodlik ham o‘sha tomorqada ba’zi bir tajribalarini o‘tkazib yotibdi. Masalan, keyingi bir-ikki yildan beri “fuqaro” o‘rniga “vatandosh”ni ishlatayaptiki, yaqinda buning uchun ijtimoiy tarmoqlarda “urildik” ham.
Uruvchilar, aftidan, dunyoni oldin rus tilida idrok qilib, keyin o‘zbekchaga o‘giradiganlar shekilli, ular “vatandosh” so‘zini va bu so‘zning boshqa barcha shakllarini rus tiliga tarjima qilib, “rus tilida bunday deyilmaydi”, deb xulosa qilishibdi.
Rus tilida bunday deyilmasa, bizga nima qayg‘u?!
Nima uchun ona tilimizdagi u yoki bu so‘z, so‘z birikmasi yoki so‘z shaklining to‘g‘ri-noto‘g‘riligini rus tili qozoniga solib aniqlashimiz kerak?
Qaerdan paydo bo‘ldi bunday noqislik kompleksi? Aniqrog‘i: qachon qutulamiz bunday noqislik kompleksidan?
“Vatandosh”dan kulgan vatandoshlarning mantig‘idan kelib chiqadigan bo‘lsak, ruscha ekvivalenti yo‘q so‘zlarimizdan voz kechishimiz kerakmi? Masalan, “chimildiq”dan...
Gapni shu yerda to‘xtatsak ham bo‘laverardi.
Lekin nega “fuqaro” o‘rniga “vatandosh”ni ishlata boshlaganimizni izohlash zarurati borday.
Shuni aytish kerakki, fuqaro so‘zi mustaqillik yillarida rasmiy maqom olguniga qadar ham badiiy adabiyotda, davriy matbuotda ba’zan hozirgi ma’nosida ishlatilgan.
Lekin bu so‘z respublika uchun emas, monarxiya uchun xos so‘zdir. Fuqaro podshohning qo‘l ostidagi xalqdir.
Ya’ni “fuqaro” – “oddiy, qashshoq, qora xalq vakili” – unda siyosiy huquqlar u yoqda tursin, umuman hech qanday huquq yo‘q. "Fuqaro” – “faqir”ning – “kambag‘al, qashshoq, muhtoj”ning ko‘pligidir (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, Toshkent, 2008).
“Fuqaro” so‘zining bu tahqirli ma’nolarini lug‘atdan qatron qilish mumkindir, lekin ularni millat shuuridan o‘chirib bo‘lmaydi.
Eslang, Siz ham bu haqda o‘ylagansiz. Shu mavzudagi bahs-gurunglarda qatnashgansiz.
Ko‘pchilik, har holda, shu masalani o‘ylaydiganlar “kambag‘al, qashshoq, muhtoj” emas, balki qadri baland, turmushi farovon, mag‘rur kishilar bo‘lishni, podshohning hukmini kutib yashaydigan qora xalq emas, davlat siyosatiga ta’sir o‘tkaza oladigan kishilar bo‘lishni istaydi.
Shu istakdan paydo bo‘ldi Ozodlikda “fuqaro”ni “vatandosh”ga almashtirish fikri. Ozodlik bu so‘zni o‘ylab topmadi. O‘zbekning o‘zida bor bu so‘z. Faqat yangi ma’nosini, turklarda bor ma’nosini ulardan oldi-qo‘ydi.
Oldi-qo‘ydiyu lekin “shu so‘z - eng to‘g‘ri so‘z”, degan iddaosi ham yo‘q Ozodlikning. Chunki uning o‘zida to‘la ishonch yo‘q bu so‘z eng maqbul so‘z ekanligiga.
Chunki “vatandosh”dagi “dosh” qo‘shimchasi davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi emas, balki “sinfdosh”, “kursdosh” kabi fuqaro bilan fuqaro o‘rtasidagi bog‘liqlikni bildiradi. Qolaversa, “vatandosh” so‘zini ba’zi shakllarda, ba’zi so‘z birikmalarida ishlatish ham tabiiylikdan yiroq bo‘lmoqda.
Ozodlikchilarda “fuqaro”ni “vatandosh”ga aylantirish fikri O‘zbekistonda Umid fasli boshlanayotgan pallada o‘ylab ko‘rishga da’vat sifatida paydo bo‘ldi.
Bu Fasl Davrga aylanadimi yoki Nikita Xrushchevning Ottepeliday tarixdagi bir yorqin sahifagina bo‘lib qoladimi– bashorat qilish qiyin.
Lekin fakt shuki, hozircha bu Fasl davom etayapti. Har soha isloh bo‘layapti. Shunday ekan, O‘zbek Tili Bog‘iniyam isloh qilish, Tomorqasini tozalash fursati yetgandir?
Yoza-yoza, yozganlarimdan balandparvoz ohanglar yangray boshlaganini sezib turibman, ma’zur tuting meni.
Bilaman, chorak asr balandparvoz shiorlar bilan yashadingiz, charchadingiz.
Lekin bugun men tilga olgan, shu kunda “fuqaro” so‘zi bilan atalayotgan tushunchani aynan balandparvoz so‘z bilan almashtirish zarur.
Faqirlar baland parvoz qilolmaydi!