Sarlavhaga chiqarilgan talabini OzodNazarning bugungi mehmoni, AQShda istiqomat qilayotgan jurnalist Jahongir Muhammad bugungi suhbati davomida aytdi. Bu talab dastlab suhbatdoshimiz o‘z maslakdaoshlari bilan kuni kecha yoyinlagan murojaatnomada bitilgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hujjat muqaddimasida bunday deyilgan:
“BMT, xalqaro tashkilotlar, demokratik davlatlar, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari - o‘zbek muxolifati, inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar va boshqalar yillar davomida Islom Karimov rejimi davrida siyosiy repressiyalar o‘tkazilganini hujjatlar bilan isbotlab keldilar.
Shu davrda son-sanoqsiz faollar va diniy e’tiqod vakillari o‘z fikri, so‘zi, e’tiqodi uchun qamalgani, o‘ldirilgani, qatag‘on qilingani, quvg‘inga uchragani, bo‘htonlarga ma’ruz qolgani, bir qismi chet ellardan siyosiy boshpana olishga majbur bo‘lgani inkor etilmas faktdir”, deb boshlanadi Jahongir Muhammad e’lon qilgan murojaatnomada.
Hujjat muqaddimasi davomida mana bu gaplar bor:
“O‘zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoev buni tan oldi va jumladan, 2018 yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Milliy xavfsizlik xizmati (sobiq KGB) vakillarining jinoiy qilmishlari haqida gapirar ekan, Mustaqillik zamonida bu tizim tomonidan o‘zbek xalqiga o‘tkazilgan zulm 1937 yildan ham yomon bo‘lganini e’tirof etdi.
Bu esa, O‘zbekistonda siyosiy repressiyadan jabr ko‘rganlarni reablitatsiya qilishga asos yaratadi.
Bu yil 10 dekabrda Inson huquqlari Umumjaxon Deklaratsiyasi qabul qilingan kunining 70 yilligi nishonlanadi. 8 dekabr kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilingan kun.
Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni tarafdori, adolatni o‘rnatish mayog‘i sifatida o‘zligini ko‘rsatish imkoniyatidan foydalanib, Inson huquqlari Umumjaxon Deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan siyosiy qatag‘on qurbonlari va jabrdiydalarini REABILITATSIYA qilish haqidagi Farmonini e’lon qilishga chaqiramiz”, deyilgan murojaatnomada.
Bugungi suhbatda Jahongir Muhammaddan shu tashabbus to‘g‘risida ham so‘radik.