Skripallarni zaharlashda Buyuk Britaniya Rossiya Razvedka boshqarmasini aybladi (VIDEO)

Rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovlar GRU xodimlari ekani taxmin qilinmoqda.

Rossiya Razvedka bosh boshqarmasining (GRU) sobiq agenti Sergey Skripal va uning qiziga suiqasdni amalga oshirganlikda Buyuk Britaniya prokuraturasi ayblayotgan Rossiya fuqarolari Rossiya maxsus xizmatlarining agentlaridir va ular Rossiya rahbariyati buyrug‘ini amalga oshirgan.

Bu bayonot Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Meyning mamlakat parlamentida qilgan chiqishida yangradi.

Britaniya prokuraturasi rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovlar Britaniyaning Solsberi shahrida “Novichok” gazini GRUning sobiq agenti Sergey Skripal va uning qiziga qarshi qo‘llaganlikda ayblamoqda. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Britaniya parlamentida qilgan chiqishida asl ismlari boshqa bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgan bu shaxslar Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) ofitserlari ekanini xabar qildi.

Buyuk Britaniya hukumat rahbari so‘zlariga ko‘ra, London bu kabi bayonot uchun yetarli asosga ega ekani va Solsberidagi bo‘lgan tajovuz “GRUdan yuqoriroq darajada tasdiqlangan bo‘lishi mumkinligi”ni aytdi.

Tereza Mey o‘z ittifoqchilari bilan birga o‘zida mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solib, “GRU tahdidlariga javob qaytarishi”ni ta’kidladi.

- Biz Rossiya xalqaro hamjamiyatning mas’ul a’zosi bo‘lishini istaymiz. Bu degani Rossiya davlatning bir qismi sanalgan GRUning bema’ni va ablahona harakatlari uchun javobgardir. Ular GRU faoliyatini nazoratga olmog‘i lozim, dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri.

Tereza Mey Konstitutsiyasiga muvofiq Rossiya o‘z grajdanlarini boshqa davlatga topshirmaydi va shu bois Buyuk Britaniya ularning ekstraditsiyasini so‘rab o‘tirmaydi. Ammo bu shaxslar Rossiya tashqarisiga chiqsa ular Angliyada javobgarlikka tortilishini bildirdi ingliz hukumat rahbari.

- Rossiya davlatining hatti-harakatlari ortida nima turganini baholash mening vazifam emas. O‘ylaymanki, ular xorijda yashayotgan rossiyaliklarga belgi berishni xohlagan. Ammo bu rossiyaliklarga Solsberida nima bo‘lganini tushuntirish kerak, dedi Mey, parlament a’zolari savollariga javob berar ekan.

Rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovlar ismlarini chorshanba kuni Angliya va Uels prokuraturasi ochiqladi. Prokuratura bu ismlar qalbaki bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Ingliz hukumati xabaricha, ular Moskvadan “Aeroflot” reysi bilan 2 mart kuni uchib kelgan va 4 mart kuni Skripallarning Solsberidagi eshigiga “Novichok” zaharli kimyoviy moddasini surtib, Moskvaga zudlik bilan qaytgan.

"Petrov" va "Boshirov" London va Solsberidagi ko‘plab nazorat kameralariga tushib qolgan.

London politsiyasi “Novichok” atir flakoniga joylashtirilgan bo‘lib, u Skripallar zaharlanishidan 3 oy o‘tib qo‘shni Eymsberi shahrida yashovchi Charli Rouli tomonidan topib olinadi. Idishda atir ekaniga ishonib uyiga ko‘tarib kelgan Rouli hozirda og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda, uning turmush o‘rtog‘i Don Sterjess esa halok bo‘ldi.

Rossiya Tashqi razvedka xizmati hozircha bu ma’lumotni izohlashdan bosh tortib kelmoqda.

Moskva “Skripallar ishi”ga o‘zining aloqasini inkor etib keladi. Rossiya prezidenti matbuot xizmati boshlig‘i Dmitriy Peskov London Rossiyaning hamkorlikda tergov olib borish borasida bergan taklifini rad etganini iddao qilib keladi.

5 sentabr kuni Dmitriy Peskov Skotlend-Yard politsiyachilari iddaolariga shubha bildirdi.

- Ha, biz kutayapmiz. Biz bu mavzuga oid birorta tushunarliroq javob kutib qolamiz, dedi Vladimir Putinning matbuot kotibi.

Sergey Skripal – GRUning sobiq xodimi, Rossiyada Britaniya razvedkasi foydasiga xoinlikda ayblanib, qamalgan. 2010 yilda u avf etilgan va AQSh-Buyuk Britaniya foydasiga josuslikda ayblangan boshqa rossiyaliklar qatorida almashtirilgan.