21 sentabr kuni Moskvadagi “Farg‘ona Uyida” o‘zbek shoiri, “Farg‘ona avangardchilar guruhi” a’zosi Hamdam Zokirovning yangi she’riy to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Hozirda Helsinkida istiqomat qilayotgan asli rishtonlik Hamdam Zokirov “Doslovno” deb nomlangan to‘plami haqida so‘zlab, Ozodlikning boshqa savollariga ham javob berdi.
Moskvaning qadimgi Sretenka mavzesidagi jinko‘chalardan birida joylashgan “Farg‘ona Uyi”da Farg‘ona avangard poeziyasini Yevropa adabiyot salonlarida tamsil qilgan o‘zbekistonlik shoir Hamdam Zokirovning rus tilida chop etilgan “Doslovno” (“So‘zma-so‘z”) she’riy to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kechani olib borgan tarjimon va muharrir Aleksandr Skidan kechaga yig‘ilganlarga Hamdam Zokirovni tanishtirib, ”Farg‘ona maktabi” to‘g‘risida so‘zladi:
- Men bu kitobning chop etilganidan juda xursandman. Gap shundaki, 80-chi yillarda paydo bo‘lgan ”Farg‘ona maktabi” rus adabiyoti, she’riyati ko‘rinishiga juda katta o‘zgartishlar kiritdi. Bu maktab asoschisi va yetakchisi Shamshod Abdullaev “Zvezda Vostoka” jurnalida she’riyat bo‘limini boshqarayotgan paytda o‘ta zamonaviy, jahon she’riyatiga hamohang yosh shoirlar guruhi vujudga kelgan edi. Rus tilida yozuvchi o‘zbeklar jamoasi faoliyati 80- yillar oxiri, 90- yillar boshida “Zvezda Vostoka” jurnalining gullagan davriga to‘g‘ri keldi.
1980- yillar oxirlarida Moskva, Peterburg va va boshqa shaharlarda sovetlar davrida yashirin tarzda faoliyat yuritgan maxfiy bosmaxonalar O‘zbekistondan yuborilgan qo‘lyozmalarni ola boshlagan.
Shu tariqa, Sho‘rolar imperiyasining chekkasida joylashgan Farg‘onada erkin vaznda ijod qiluvchi va sovet adabiyotidan hazar qilishini namoyon qilgan avangardchi-shoirlar guruhi yuzaga keldi. Guruh yetakchisi Shamshod Abdullaev boshchiligidagi yosh san’atkorlar Yevropa, Shimoliy va Lotin Amerikasi she’riyatini yaxshi bilishi bilan boshqa guruhlardan ajralib turardi.
Bu guruhning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri shoir Hamdam Zokirov bo‘ldi. Tsenzuradan holi Shamshod Abdullaev, Hamdam Zokirov, Daniil Kislov asarlari avvaliga “samizdat” yashirin bosmaxonalarida, keyinroq esa “rasmiy” nashrlarda paydo bo‘la boshladi.
90-chi yillar boshlarigacha muharrir Sobit Madaliev boshqargan “Zvezda Vostoka”ning “erkinlik” va “o‘zgacha fikrlash” davri O‘zbekistonda hokimiyatga Islom Karimov kelishi va demokratiya nishonalarining yo‘q qilinishi bilan o‘z yakuniga yetdi: “Zvezda Vostoka”ning erksevar tahririyati tarqatib yuborildi, uning qoshida ulg‘aygan “Farg‘ona maktabi” vakillari esa O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Emigratsiyaga ketganlar orasida Hamdam Zokirov ham bor edi.
Hamdam Zokirov 1966 yilda Rishton shahrida tavallud topgan. Oilada tojik va o‘zbek tilida so‘zlashgan Hamdam rus maktabini bitiradi va Leningrad harbiy injenerlar bilim yurtini, Toshkent va Farg‘ona universitetlarini tamomlaydi.
1994-2001 yillarda she’riyatni tark etmagan Hamdam Zokirov Moskvada yashaydi, tirikchilik uchun biznes bilan shug‘ullanadi. 2000-yillar boshlarida Finlyandiyaning Helsinki shahriga doimiy yashashga ko‘chib o‘tgan Hamdam Zokirov o‘zining noyob uslubida she’riy asarlarni yaratishni davom etadi.
"O‘zbek adabiyoti jahon uchun ochilishi kerak!"
52 yoshli Hamdam Zokirov hozirda “Farg‘ona kutubxonasi” va “Rus Qavofiyonasi” internet-loyihalari muvofiqlashtiruvchisidir.
Shoir Hamdam Zokirov she’riyat, muhojirlik, Helsinki va “Farg‘ona maktabi” to‘g‘risidagi Ozodlik savollariga javob berdi:
- Men kichkinaligimda onam bilan Rishtondan Farg‘onaga ko‘chib keldim. Ulkan, ko‘pmillatli Farg‘ona menga juda g‘aroyib tuyuldi. Onam o‘zbek, tojik va rus tillarida ravon gapirardi. Sovetlar davrida qabul qilinganidek, meni rus maktabiga jo‘natdilar, chunki “kelajak” o‘sha vaqtda aynan rus tili bilan bog‘liq edi. Natijada, men rus tilida yozuvchi va so‘zlashuvchiga aylandim. Leningradda harbiy injenerlik maktabini tamomladim. Harbiy bo‘lishni istamadim va Toshkentning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim va Daniil Kislov orqali Shamshod va “Farg‘ona guruhi” bilan tanishdim. Shu davrdan boshlab men she’riyatga berildim. Og‘ir 90-chi yillarda O‘zbekistonda ish topa olmasdan Moskvaga keldim va ko‘p kasblar bilan shug‘ullandim. Nihoyat, men asli finlyandiyalik rafiqam bilan tanishdim va birmuncha vaqtdan Helsinkiga ko‘chib o‘tdim.
Suhbatdosh shoirlarga “She’rlaringizni tushuntirib bering!” yoki “Mana bu misralaringizda nima demoqchi edingiz?” deya tushuntirish talab qilishni “axmoqlik” deb atadi. U har bir misra hayotining bir lahzasida yaratilgan fikr va tuyg‘u ekanini gapiradi:
- Har bir she’r malaka, bilim va mulohaza yaratuvchi hayotning bir qismidir. Shu sababli “So‘zma-so‘z” asarlar to‘plami shunchaki bir nom ostida birlashtirilgan, ammo ular turli fikrlar, hissiyotlar ta’siri ostida yaratilgan. She’riyat shunchaki ichki olamimning in’ikosidir. Shu bois shoir uchun qaysi tilda uni ifoda etish – muhim emas. Farqi nima – rus, o‘zbek yo tojik tilidami: men uchun yagona she’riyat mavjud, xolos.
Hamdam Zokirov hozirda ko‘pchilik e’tiborini qaratayotgan va qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargan Sherzod Qudratxo‘jaev bilan bog‘liq mojaroni kuzatib borayotganini bildirdi.
U bunday bahslarda har bir tomonda o‘zining haq-nohaq taraflari bor, deydi.
- Bu masalaning ikki tomoni mavjud. Bir tomondan janob Qudratxo‘jaev haq – sen yashayotgan mamlakating tilini bilishing shart! Boshqa tomondan, bu masalaning ahloqiy ko‘rinishi mavjud. Tanbeh axloqiy normalardan chiqib, haqoratga va kamsitishga aylanmasligi kerak. Shaxsan men qaysi mamlakatda yashayotgan bo‘lsang o‘sha yer jamiyatiga hurmat va ehtirom ko‘rsatishing lozim, kichkinagina vakuum yaratib, chegaralarni yopib, boshqalardan ajralib olmasliging kerak, degan fikrdaman. Bunday muammo hozirda ko‘plab mamlakatlarda, xususan Finlyandiyada yashovchi rus jamoasi, Hollandiyada qo‘nim topgan somalilik yoki boshqa xalqlarning mahalliy odat-qoidalarni tan olmaslik muammosi mavjud. Men o‘zbek adabiyoti ham boshqalar uchun ochilishi va, o‘zligini saqlagan holda, jahon adabiyoti bilan birlashishi kerak, degan fikrdaman, deya yakunladi Hamdam Zokirov.