Qozog‘istonda 9 yil oldin yo‘qolgan o‘zbek muhojiri Ozodlik muxlislari yordamida topildi (FOTO)

Nazmiddin Saipov yo‘qolishidan oldin va keyin

2009 yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida daraksiz yo‘qolgan 28 yashar Nazmiddin Saipov Qozog‘istonning Taroz shahrida topildi. Yo‘qolgan muhojirning ukasi Fazliddin akasi qidirilayotgani to‘g‘risida Ozodlikda chiqqan maqoladan keyin qidirishga qo‘shilgan yuzlab ko‘ngillilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Bu xushxabarni Ozodlikka uning ukasi Fazliddin yetkazib, akasi topilgani tafsilotlarini xursandchiligi bilan so‘zlab berdi:

- Tabriklasangiz bo‘ladi – akam topildi! Maqola chop etganingiz uchun rahmat. Shu maqola orqali ko‘pchilik O‘zbekistondan, Moskvadan, Yekaterinburgdan, Novosibirsk va Qozog‘istondan odamlar “Qanday yordam kerak?” dagan xabarlar keldi. Ularga rahmat – xalq e’tiboriga tushib bitta odam topildi! To‘g‘risini aytaman, 2009 yilda yo‘qolgan akam sog‘lom emas – boshini orqasida katta chandig‘i bor, tikilgan. Dadamni, amakimni tanidi, lekin gapirayotgan gaplari bolalarcha bo‘lib qolgan. Oldingi davr esida – yaqindagini eslolmayapti. Uni Jambulning Taraz shahridan mardikor bozordan topishdi. Politsiya ushlabdi, keiyn qo‘qonlik bolalar dadamga telefon qilib, “Topildi o‘g‘lingiz, olib keting!”, deb aytvordi, dedi Fazliddin.

Nazmiddin otasi bilan Olma-Otada

Suhbatdosh 27 sentabr kuni Nazmidinning topilgani xabarini olgan otasi va amakisi Qozog‘istonga zudlik bilan yetib borgan va uni politsiya bo‘limida ekanini aniqlashgan.

“Nazmiddin qanday qilib bunday vaziyatga tushib qolganini eslay olmayapti”, deya davom etadi Fazliddin:

- Qattiq travma tufayli “Nimaga yo‘qolib qolding?” degan savollarga javob bera olmayapti. Ko‘chaga chiqsa, katta mashinalarni ko‘rib qo‘rquv bilan qarab qolar ekan. Hozircha qo‘rquv ostida. Men telefon orqali gaplashayapman. “Taniyapsanmi, ukang?”, deyishsa, “Kimsiz? Kimsiz? Tanimadim”, deyapti.Boshidan sotryasenie olgan, qandaydir. O‘zbekistonga olib borib, nasib bo‘lsa, davolatamiz, deydi Fazliddin Saipov.

Yaqinlari tomonidan Olma-Ota shahriga olib kelingan Nazmiddin Saipov, ukasi so‘zlariga ko‘ra, hozirda Qozog‘istondan chiqishga ruxsatnoma kutmoqda.

Nazmiddin Saipov 9 yil o‘tib topildi

Hozirda o‘zi Vladivostokda ishlayotganini gapirgan muhojir O‘zbekistonning Qozog‘istondagi konsulligiga akasini tezroq olib chiqishda ko‘mak berishni so‘rab, murojaat qildi:

- Juma kuni ariza berilgan. Ammo bilmadim nima sababdan qandaydir hujjat kechiktirilayapti ekan. Qidiruvdagi odam bo‘lsa akam – uni ushlab tekshirishdan nima hojat, bilmadim. Konsullikda ozgina sust ishlash bor. Hozir onam uyda judayam kutyapti! Har kuni telefon qilib turibman. “Bolam yaxshiman – xavotir olma. Eng muhimi- akang tirik ekan, nasib bo‘lsa keladi”, deb o‘tiribdi. Xursandlar! Shu sababli Internet orqali yordam bergan o‘zbek xalqiga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman! Befarq bo‘lmagan, mehri bor insonlar orqali akam topildi. Ayrimlar kommentlarda “Akang bich bo‘lgan. Nima qilasan qidirib? O‘lib ketgandir”, degan gaplar ham bo‘ldi. Aytmoqchiman shularga – ko‘ngillaringizga faqat yaxshi niyat qilinglar, topilar ekan. Bu dunyoda yaxshi insonlar ko‘p ekan. Rahmat! – dedi samarqandlik Fazliddin Saipov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

F.Saipov: Akam 9 yildan keyin topildi!

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oxirlarida Qozog‘istonda bundan 9 yil oldin dom-daraksiz ketgan samarqandlik 28 yashar Nazmiddin Saipovni yaqinlari uni topishga ko‘maklashishni so‘rab, Ozodlik muxlislariga murojaat qilgandi.

2009 yilning o‘rtalarida Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga kelayotgan Nazmiddin Saipov qozoq chegarachilari tomonidan ushlab qolingan va o‘shandan boshlab u bilan aloqa uzilgan.