Moskvada Islom Karimov haykali xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda ochildi (FOTO)

Moskvadagi Islom Karimov haykali.

18 oktabr payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:00ga yaqin Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi yaqinidagi xiyobonda Islom Karimov haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ko‘psonli politsiya va maxsus xizmatlar xodimlarining qattiq nazorati ostida o‘tkazildi.

Monument ochilishida 200 dan ziyod odam, jumladan O‘zbekistondan maxsus taklif qilingan mehmonlar ishtirok etdi.

Politsiya xodimlari bilan o‘rab olingan yodgorlik yaqiniga jurnalistlar va taklif qilinganlar faqat ro‘yxat asosida qo‘yildi.

Ochilish marosimi politsiya va maxsus xizmatlar qattiq nazoratida o‘tdi.

​Haykal ochilishi marosimida marhum prezidentning bevasi Tatyana Karimova, haykal muallifi, ingliz haykaltaroshi Pol Dey, O‘zbekiston Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Rossiya Federatsiyasi Kengashi raisi muovini Nikolay Fyodorov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Karasin, Moskva meri muovini Aleksandr Gorbenkolar ishtirok etishdi.

Britaniyalik haykaltarosh Pol Dey va Tatyana Karimova monument oldida.

O‘zbekistondan taklif qilinganlar orasida O‘zbekiston Xalq artistlari Yoqub Ahmedov, Erkin Komilov, Lutfulla Sa’dullaev, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan artistlar Gavhar Zokirova, Mirza Azizov, O‘zbekiston Xalq rassomi Akmal Nur va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Tatyana Karimova Rossiya hukumatiga minnatdorchilik bildirib, kecha kuni Kerch shahrida sodir bo‘lgan fojea munosabati bilan o‘z hamdardligini bildirdi.

Islom Karimov xiyoboniga o‘rnatilgan Islom Karimov haykalini yasash, olib kelish va o‘rnatish marhum prezidentning qizi Lola Karimova-Tillaeva va bevasi Tatyana Karimovalar boshqarayotgan Islom Karimov Xayriya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgani xabar qilingan.

Yakimanka tumanida istiqomat qiladigan bir guruh faollarni politsiya xodimlari marosim o‘tayotgan xiyobonga yaqin yo‘latmadi. Faollar haykal ro‘parasidagi bino derazalariga bir nechta plakat osdi.

Haykal ro‘parasida o‘rnatilgan norozilik plakatlari

Bannerlardan birida “Pozor” so‘zi bitilgan.

Yakimankada Islom Karimovga haykal o‘rnatilishiga qarshi aksiyalar tashabbuschisi mahalliy deputat Andrey Morev Ozodlik bilan suhbatda yodgorlik yashirincha 15 oktabrga o‘tar tunda o‘rnatilganini aynan mahalliylarning noroziligi bilan bog‘ladi.

- Hozir O‘zbekistonning o‘zida bu odamga, uning boshqaruviga nisbatan munosabat o‘zgarayotgan bir paytda nima sababdan unga haykal bizda turishi kerak?Tumanimizda yashovchilarning aksari uni diktator deb bilishadi. Shu bois ham unga Yakimankada joy berish noo‘rindir! Bizda “Muzeyon” deb nomlangan va Sovetlar davri diktatorlari haykallari joylashgan joy bor. U yerda Stalin, Dzerjinskiy haykallari kabi unga ajoyib kompaniya topiladi, dedi haykalga qarshi kurash davom etishini bildirgan deputat Morev.

Marosimni tashqaridan turib kuzatgan «Farg‘ona.ru» axborot agentligi rahbari Daniil Kislov ham haykal ochilishiga izoh berib, dedi:

- Bugunda Karimovning o‘zi O‘zbekistonga kerak emas. Bir qarashdan, ular Karimovni Rossiyaga, Moskvaga surgun qilvorgandek tuyulayapti. Menimcha, bu yodgorlik moskvaliklarga juda foydali bo‘ladi. U bizga “Qarang, siz ham shu kuyga tushishingiz mumkin!”, deyotgandek.

Marosim tugab, yodgorlik yaqiniga “oddiy” odamlarga yaqinlashish ruxsat berilishi ortidan, yakimankaliklardan biri haykal oldiga “Moskvada diktatorga joy yo‘q!” degan yozuvchli qora tasma o‘ralgan guldasta qo‘ydi.

Tasmada "Moskvada diktatorlarga o‘rin yo‘q!" yozuvi bitilgan

Bu guldasta keyinroq haykal ziyoratiga kelgan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri tomonidan olib tashlandi.

Haykal oldiga kelib, fotosurat va selfiga tushayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Islom Karimovga Moskvada haykal o‘rnatilganidan juda quvonchda ekanini bildirdi.

O‘zini Jamshid deb tanishtirgan samarqandlik migrantlardan biri qo‘l qovushtirib, Islom Karimov xotirasiga Qur’ondan tilovat ham qildi..