Andijonda vaznini ko‘paytirish uchun paxta ichiga qoplab qum solib topshirishmoqda

Pritsepdan ag‘darilgan paxta orasidagi qum qolingan qoplar

Andijon viloyat, Bo‘z tumanidagi paxta qabul qilish punktlari tarozilarida traktor pritseplarida olib kelinayotgan paxta orasiga yashirilgan bir necha qop qum ham tortilmoqda.

Topshirilayotgan paxta vaznini ko‘paytirib ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan bu usul tuman hokimi tomonidan majburan joriy qilingani iddao qilinmoqda.

Bo‘z tuman hokimligi Ozodlikning bu holat yuzasidan so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Bu voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan, ammo xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan Bo‘z tumanidagi “Havas” paxta qabul qilish punkti xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, bir haftadan buyon punktga topshirilayotgan paxta orasida qum solingan qoplar topilmoqda:

“Bu holatni biz rahbarlarimizga ko‘rsatdik, lekin ular bizga “jim, ishlaringni qilaveringlar, aralashmanglar”, deb aytishdi. Rahbarlarimizdan birining aytishicha, bu tuman hokimining buyrug‘i ekan, viloyat hokimidan gap eshitmaslik va paxta tonnasini ko‘p ko‘rsatish uchun qilinayotgan ish ekan. Bu ishdan qabul punktidagi militsiya xodimlari va boshqa tekshiruvchilarning ham xabari bor”, dedi xodimlardan biri.

Ozodlik shu punktda ishlayotgan boshqa bir ishchi bilan ham ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan gaplashdi.

Bu ishchi Ozodlikka pritsepdan ag‘darilgan paxta orasida qum solingan qoplar borligi aks etgan fotoni Ozodlikka isbot sifatida taqdim qildi.

Pritsepdan ag‘darilgan paxta orasidagi qum qolingan qoplar

“Dahshatli ishlar bo‘lyapti, aka. Har bir pritsepda paxta orasida 2 qopdan 15 qopgacha qum kelyapti. Zavod direktoriga aytsak, zavodga qum ham kerak, deb aytadi. Punkt rahbarlari esa , bir balo bo‘lsa men nima qilaman deb, boshini changallab yuribdi. Ilgari qo‘shib yozish bo‘lardi, lekin tarozidan shuncha tonna o‘tgan deb, hisobot berish uchun shunday qilishyapti. Kecha ikkita pritsep taqqan traktor, bir marta paxtasini tortib o‘tkazgandan keyin paxtani to‘kmasdan, yana tashqariga bir chiqib, qaytadan tarozidan o‘tdi. Pripiska bo‘lyapti”, deydi ishchi.

Pritsepdan ag‘darilgan paxta orasidagi qum qolingan qoplar

Uning aytishicha, paxta tozaligini tekshiradigan vakillarga ham qattiq bosim o‘tkazilgani sababli ular, o‘zlarini ko‘rmaganga olishyapti:

“Gapning ochig‘i, organ xodimlari aralashmay qo‘ydi. Ularga ham ishing bo‘lmasin, deb najim qilishyapti ekan. Paxta mavsumi boshlanganda bunday bo‘lmayotgan edi. Inspeksiyadan qo‘yilgan Shuhratbek degani, pojarniydan Ilhomjon degani paxtaning orasidan bir siqim tuproq topib olsa, darrov xabar berib, chora ko‘rayotgan edi. Hozir bularning ham ishi bo‘lmay qoldi, paxta kelsa tashqariga chiqib ko‘chada turishadi”, deydi ismi sir saqlanishini so‘ragan ishchilardan biri.

Bo‘z tuman paxta tozalash zavodi qoshidagi paxta qabul qilish punktining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi ham pritseplar qum solingan qoplar bilan kelayotganini aytdi:

“Punktga kelib ko‘rsangiz, o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Hamma yoq qum bo‘lib ketgan. Hokim va militsiya boshlig‘iga hech kim e’tiroz bildirolmayapti. Bu ishning pachavasi ertaga chiqadi. Lekin, aybdorlar paxta punkti mudirlari bo‘lib qoladi. Hokim bilan militsiya boshlig‘i suvdan quruq chiqadi. Chunki ularning buyruqlari og‘zaki, qog‘ozda emas”, deydi mulozimlardan biri.

Ozodlik paxta punktlarida bo‘layotgan bu holatga izoh olish maqsadida Bo‘z tumani hokimi yordamchisi Humoyun Sodiqjonov bilan bog‘landi.

Hokim yordamchisi bu holatdan xabari yo‘qligini aytar ekan, tuman hokimi Inomjon Mamadaliev bilan bog‘lanib, undan izoh olishini va 15 minutdan so‘ng qaytib qo‘ng‘iroq qilishimizni so‘radi.

Ammo, Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlariga hokim yordamchisi javob bermadi.

O‘zbekistonda paxta rejasini pripiska qilish sobiq ittifoq davrida ham kuzatilgan edi.

O‘zbekistondagi barcha paxta zavodlarida paxtani tortish uchun elektron tarozilar hamda xom ashyo sifatini baholovchi uskunalar majmui o‘rnatilgani, tarozilar va sifat o‘lchagichlarda aks etadigan ma’lumotlar mamlakat bo‘ylab yagona monitoring bazasiga yig‘ilajagi to‘g‘risida Ozodlikka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi mulozimi o‘tgan yili bildirgan edi.