2019 yil 1 yanvardan Moskva shahrida ishga ruxsatnoma olish uchun oylik to‘lov 4,5 ming rubldan 5 ming rublga ko‘tariladi.
Moskva shahar Dumasi to‘lovni ko‘tarishdan tushadigan qo‘shimcha mablag‘, jumladan, “Moskvaga ishlagani kelayotgan mehnat muhojirlariga sharoit yaratib berishga” sarflanishini e’lon qildi.
Patentlar narxi Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa qator mintaqalarida ham oshirilishi kutilmoqda.
Mosgorduma “Jismoniy shaxslar mulklariga soliqlar to‘g‘risidagi” qonunga kiritgan o‘zgartishga binoan, patent to‘lovlari 1 yanvardan 11%, ya’ni 500 rublga oshiriladigan bo‘ldi va taqriban 75 AQSh dollarini tashkil etadi.
Moskva Dumasi deputatlari o‘z qarorlarini o‘tgan yilning o‘zida Rossiya poytaxtida ishlayotgan xorijliklar soni 29 foizga oshgani bilan izohladi.
- Migrantlar uchun patent 4,5 ming rubl edi. Biz bir marotaba ko‘targan edik, endi yana oshirayapmiz, va bu, eng avvalo, bizga mehnat qilgani kelayotgan va tegishli ma’lumotga ega muhojirlar soni bilan bog‘liq. Boshqa tomondan, biz shu tariqa byudjetimizni to‘ldirayapmiz va bu mablag‘lar ijtimoiy ehtiyojlar, jumladan, shahrimizda mehnat muhojirlari uchun qulayroq sharoit yaratishga sarflanadi,- dedi Moskva shahar Dumasining Iqtisodiy siyosat va moliya masalalari bo‘yicha qo‘mita raisasi Lyudmila Guseva jurnalistlar oldida qilgan chiqishida.
2017 yilda Rossiya byudjeti mehnat muhojirlaridan olingan soliqlar evaziga 160 mlrd rubl yoki 2,8 mlrd AQSh dollariga boyidi.
Xususan, 2017 yilda Rossiya poytaxti byudjetiga migrantlardan 15,7 milliard rubl (277 mln. doll.) yig‘ildi. 2018 yilning birinchi 5 oyi davomida Moskva shahar g‘aznasiga oylik patent to‘lovlaridan 7,7 mlrd rubl (~122,6 mln.doll.) daromad kelib tushganki, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 20% ortiqroqdir.
Ayni damda, ishga ruxsatnoma Moskva shahrida o‘tgan yili 4200 rubldan 4500 rublga ko‘tarilganini eslatish joyiz.
Shu bilan birga, Moskva viloyati deputatlari ham patent narxlarini 450 rublga oshirganini ma’lum qildi. 2019 yil 1 yanvaridan mehnat migrantlari Moskva viloyati byudjetiga patent uchun oyiga 4750 rubl to‘laydi. Moskva viloyat Dumasi shu tariqa viloyat byudjeti muhojirlardan qo‘shimcha 1 milliard yig‘ib olishini e’lon qilmoqda.
Sankt-Peterburgda ham 300 rublga oshirilgan patentlar narxi endilikda 3800 rublni tashkil etadi.
Sanksiyalar ta’siri ostida qolgan va byudjet muammolariga uchrayotgan Rossiyaning boshqa mintaqa hukumatlari ham ishchi-migrantlar hisobiga o‘z byudjetlarini qoplashga kirishdi va patent narxlarini oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Moskva shahar hokimi Sergey Sobyanin shu yilning oktabrida shahar legal mehnat qilayotgan migrantlardan tushayotgan soliqlar hisobiga boyib borayotgani va bu ko‘rsatkich yil oxirida 16 milliarddan rubldan (245,2 mln. AQSh doll.) oshishini kutayotganini bildirdi.
Bugunga kelib Rossiyada legal tarzda mehnat qilayotgan 1 million 900 mingdan ziyod o‘zbekistonlik son jihatidan Ukraina vatandoshlaridan keyingi o‘rinni egallab kelmoqda.