Namanganning Chortog‘ida maktab o‘quvchisi - 16 yashar qizning jonsiz tanasi topildi

Namanganning Chortoq tumanidagi maktablardan birining 10- sinfida o‘qiydigan 16 yoshli qizning jonsiz tanasi 4 dekabr kuni o‘z uyida osilgan holda topildi.

Qizning qarindoshlari Ozodlikka u o‘z joniga qasd qilganini aytdi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisining Ozodlikka aytishicha, yuz bergan voqea yuzasidan tuman prokuraturasi o‘z surishtiruvini boshlagan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Namanganning Chortog‘ida maktab o‘quvchisi - 16 yashar qizning jonsiz tanasi topildi

Qiz nega o‘z joniga qasd qilgani ma’lum emas. Maktab direktori Asila Rahmonovaga ko‘ra, maktab a’lochilaridan biri bo‘lgan bu o‘quvchini hech kim izza qilmagan.

“Faqat "4", "5" ga o‘qirdi. Doim hushchaqchak, faol o‘quvchilardan edi. Kecha to‘satdan o‘zini osgani haqida xabar topdik. Kimdir uni xafa qiladigan qiz emas edi", - deydi Rahmonova.

Marhumning qo‘shnilaridan biriga ko‘ra, oiladagi qiyinchilik tufayli qiz o‘zini osgan, degan faraz bor:

- Ota-onasi ishsiz, mavsumiy ishlar qilib, ro‘zg‘orini zo‘rg‘a sudrab kelayotgandi. Katta qizi turmushga chiqqan. Kichkinasi o‘zlari bilan edi. O‘zini osgani ota-onasi uchun ham kutilmagan fojia bo‘ldi.

Chortoq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi rasmiysi qizda suitsidga moyillik bo‘lganini aytdi:

- Oldin ham o‘zini osishga uringan ekan, moyilligi bor ekan. Kecha ota-onasi bilan uchrashib keldik. Lekin, to‘liq o‘rganganimiz yo‘q, oilasi yaxshi, namunali oila ekan. Qizga hech kim zo‘ravonlik qilmagan, hech narsa qilmagan.

Chortoq tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisining Ozodlikka aytishicha¸ yuz bergan voqea yuzasidan tuman prokuraturasi o‘z surishtiruvini boshlagan.

O‘zbekistonda suitsid holatlari ko‘payyayotgani hukumat majlislarida ko‘p bora aytilgan.

Ozodlik joriy yilda Shahrisabz, Yakkabog‘¸ Andijon¸ Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘quvchilarning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar qilgan edi.

Jumladan, 28 noyabr kuni Shahrisabzdagi 1- litseyning 7- sinfida o‘qiydigan bola, 17 sentabr kuni esa ota-onasi Rossiyada ishlayotgan yakkabog‘lik 16 yashar o‘quvchi uyida osilgan holda topilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

26 sentabrda Andijon viloyat, Oltinko‘l tumanidagi 4- o‘rta maktabning 7- sinf o‘quvchisi o‘z uyining og‘ilxonasida osilgan holatda topildi.

Prezident Mirziyoev o‘tgan yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.