Andijon viloyat, Shahrixon tumanida 1 dekabrga o‘tar kechasi isdan (is gazidan) zaharlangan 70 nafar bemorning 18 nafarini bolalar va 48 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Bu ma’lumot Ozodlik 4 dekabr kuni qo‘lga kiritgan, bemorlar ro‘yxati yozilgan kasalxona hujjatida mavjud.
Viloyat tibbiyot birlashmasi mulozimiga ko‘ra, Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi shifokorlariga 30 noyabrь – 1 dekabr kuni isdan zaharlanganlar sonini 30 nafardan oshmagan deb yozib berish, buyurilgan.
Ozodlik 1 dekabr kuni Shahrixon tumanining turli hududlaridan ko‘mir hididan zaharlangan qariyb yuz nafar bemor kasalxonaga “Tez yordam” avtomobilida olib kelingani yoki o‘zlari kelgani, shulardan 70 nafari kasalxonaga yotqizilgani haqida vrachlardan olingan ma’lumotlarga tayanib xabar bergan edi.
Shifokorlarning aytishlaricha, 30 noyabr kechasi Andijonda qattiq shamol bo‘lgani sababli, asosan ko‘mir yoqiladigan pechka quvuridan chiqadigan is gazini shamol ortga qaytarib urganligi oqibatida odamlar zaharlangan.
Bu xabardan so‘ng, o‘sha kunning o‘zida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Shahrixon tumanida faqat ikki kishi isdan zaharlanganligini aytib, ommaviy zaharlanish bo‘lganini inkor qilgan edi.
Mahalliy jurnalistlar is gazidan zaharlanganlarning 35 nafarini aniqladi
Kun.uz sayti 2 dekabr kuni “Andijon viloyatida is gazi bilan bog‘liq vahimali xabar tarqaldi. Muxbir holatga oydinlik kiritdi” sarlavhali maqolasida 30 noyabrdan 1 dekabrga o‘tar kechasi Shahrixon tumanida “is gazi”dan zaharlanganlar soni 35 nafar ekanligi haqida yozdi:
“Jurnalda aynan, o‘sha kuni «Is gazi bilan zaharlanish» tashxisi bilan kelgan bemorlar soni 35 nafardan iborat ekan. Ulardan 17 nafari tez yordam mashinasida, 18 nafari esa o‘zi yurib kelgan”.
Ozodlik o‘z tasarrufidagi markaziy kasalxonadan olgan ro‘yxatni Kun.uz sayti e’lon qilgan ro‘yxat bilan taqqoslaganda, is gazidan zaharlanganlar ro‘yxatidagi odamlarning ism-sharifi va manzili bir xil bo‘lib chiqdi.
Faqat, Kun.uz dagi ro‘yxatdagi “is gazi”dan zaharlanganlar haqidagi ma’lumotga keyin boshqa husnixat bilan so‘roq belgisi (?) qo‘yib chiqilgani ko‘zga tashlanadi.
"Kasalxonada "is gazi"dan statsionar davolanishga yotqizilgan bemorlar ro‘yxati"
Shahrixon markaziy kasalxonasiga 30 noyabr – 1 dekabr kunlari is gazidan zaharlanib davolanishga yotqizilganlar soni 70 kishi ekanligi haqidagi hujjat “Is gazidan zaharlanganlar ro‘yxati” deb ataladi.
Bu hujjatda Shahrixon tumanining “Ellik yillik”, Naynavo, O‘rtashahrixon, Tegirmon boshi, Nazarmahram, Otaxonov, Navro‘z, Segaza, Ahmadbek, Mustaqillik, Paxtaobod, Toshtepa va yana boshqa qishloq va mahallalaridan kasalxonaga yotqizilgan bir yoshdan – oltmish yoshgacha bo‘lgan bemorlarning familiya, ismi va yashash manzili yozilgan.
70 nafar bemorning 48 nafari qiz-ayol va 18 nafari bir yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan boladir. Ro‘yxatda is gazidan oilaviy zaharlanganlar ham bor.
Ozodlik 1 dekabr kuni kasalxona vrachining gapiga tayanib, qariyb yuz kishi is gazidan zaharlanib kelgani, ularning bir qismiga birlamchi yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgani, sarosimada ularning familiya-ismlarini yozib olish uchun vaqt yetmagani, "birinchi dekabr ertalabki holatga binoan 70 kishi kasalxonada yotgani" haqida yozgan edi.
"Is gazi"dan kasal bo‘lgan bemorlar sonini sun’iy kamaytirish topshirig‘i berildi"
Shahrixon Shoshilinch tez tibbiy yordam markazining ma’lumot sizdirgani uchun jazolanishidan qo‘rqib, ismi sir qolishini so‘ragan hamshiralaridan biri o‘sha kuni navbatchilikda turgan hamkasblariga nisbatan tazyiq boshlanganganini Ozodlikka aytdi:
“Hamkasblarimning aytishlaricha, ularga “nega jurnalga “is gazidan” deb yozding, deb tazyiq o‘tkazishayotgan ekan. Qabul jurnalidagi “is gazidan” kelgan bemorlarning familiyalari to‘g‘risiga so‘roq belgisi qo‘ydirib chiqishipti”.
Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan birining aytishicha, Shahrixon tuman markaziy kasalxonasining is gazidan zaharlangan odamlarga qaragan vrachlariga kasallar sonini sun’iy kamaytirish topshirilgan:
“Bugun shahrixonlik vrachlardan bir-ikkisini ko‘rib qoldim, kayfiyatlari yo‘q, so‘rashmay ham o‘tib ketishdi. Keyin surishtirib bilsam, ularga 70 nafar zaharlanganlarni 25-30 tagacha “kamaytirish” topshirig‘i berilibdi”.
"Siz "is gazi"dan emas, shamollab murojaat qilgansiz"
Shahrixon tumanidagi davlat idorasida ishlaydigan, ishiga ziyon etishi mumkinligidan ismi oshkor etilmasligini so‘ragan mulozim, Ozodlikka is gazidan zaharlanganlarning uylariga birma-bir borilib, “tushuntirish” ishlari olib borilayotganini aytdi:
“Hozir, tibbiyot birlashmasi ma’muriyatida ishlaydigan tanishimdan eshitdim, is gazidan zaxarlanganlarning ro‘yxatini olishib, uyma-uy yurishibdi ekan. Prokuratura, MIB, mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari QVP (qishloq vrachlik punkti) xodimlari, poliklinika va boshqalar, uyma-uy yurib, is gazidan emas, boshqa kasallik bilan, masalan, boshim og‘rigan, isitmam chiqqan yoki shamollaganman deb murojaat qilgansizlar, deb tushuntirishyapti”.
Bosh prokuratura matbuot xizmatini aldashdimi?
Shahrixon tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan birining aytishicha, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining 1 dekabr kuni is gazidan faqat ikki kishi zaharlangani haqidagi bayonoti Shahrixon tibbiyot birlashmasi rahbarining ma’lumotiga tayanib berilgan:
“1 dekabr kuni Ozodlikda is gazidan qariyb yuz kishi zaharlangani haqidagi maqola chiqqanidan so‘ng, Bosh prokuratura matbuot xizmati, bunga raddiya berdi. O‘sha kuni na prokuraturadan, na hokimiyatdan, na birlashmadan hech kim tekshirishga kelgani yo‘q. Tekshirish faqat 2 dekabr kunidan boshlandi. Tuman tibbiyot birlashmasining soxta ma’lumotiga tayanib, juda ko‘p muammolar yechilmay qolib ketyapti. Biron marta xam ma’lumotlarning xaqqoniyligi tekshirilmayapti. Aynan yuqorida yozilgan ikki bemor reanimatsiyada yotgan, qolganlarini esa boshqa diagnoz bilan kelgan deb, ma’lumot berishgan. Roddom yopilganini o‘zlari tan olyapti, markaziy shifoxonaga ko‘chirilganini tan olyapti, shifoxonada zaxira joy bormidiki, roddom keladi deb kutib turgan bo‘lsa, yo‘q albatta. Terapiya va bolalar bo‘limi qisqarishi hisobiga roddom ko‘chib kelgan, nahotki shuni mantiqan o‘ylab ko‘rishmasa. Xullas, soxtakorlik va beayblik niqobini kiyib, yolg‘on axborot berishmoqda, bular”.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka yuborgan maktubida, maqola e’lon qilinganidan so‘ng har bir bemor bilan shaxsan uchrashilgani yozilgan:
“Kasalxona ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari bilan cheklanmay, bu holat har bir murojaat qilgan shaxs bilan individual uchrashib tekshirildi”.
Ozodlik 1 dekabrga o‘tar kechasi is gazidan zaharlanib kasalxonaga tushgan, ism-familiyasi ro‘yxatda bor ikki shahrixonlik bilan gaplashdi.
Ismi oshkor etilmasligini so‘ragan shahrixonlik ayollardan biri, haqiqatan ham o‘sha kuni kasalxonaga ko‘mir hididan zaharlanib murojaat qilganlar ko‘pchilik bo‘lganini tasdiqladi.
Yana bir hujjatga ko‘ra, Shahrixonda 2017 yili is gazidan 81 kishi zaharlangan
Ozodlik o‘tgan yilning 27 dekabrida is gazidan zaharlanib, Shahrixon tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan 76 kishining ism-sharifi, manzili yozilgan yana bir hujjatni qo‘lga kiritdi.
Shifokorlarning aytishicha, bu holat ham jamoatchilikdan qattiq tartibda yashirilgan.
Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasi bilan bog‘landi.
Bosh shifokor Shuhrat Aminjonov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Bosh shifokor o‘rinbosari Otabek Isaqov muxbirning Ozodlik radiosidan ekanligini bilgach, majlisda ekanligini aytib aloqani uzib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.