Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi klaster firma bilan paxta topshirish shartnomasini bajarmagan 155 fermer xo‘jaligi rahbariga jarima qo‘llash haqida qaror chiqardi.
Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlar o‘zlarining 40-50 tadan sudga chaqirilayotgani va mahkama yoppasiga bir xil jarima qo‘llab, besh-o‘n minutda chiqarib yuborayotganini bildirdi.
Sudlangan fermerlarga ko‘ra¸ hakam fermerlarning paxta topshirish rejasini nima sababdan bajara olmagani bilan umuman qiziqmagan.
Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi 5 dekabr kuni Oqqo‘rg‘on tumanida 40 nafardan ortiq fermerni sud qilib, jarimaga tortdi.
Tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta topshirish rejasini bajarmagani uchun tuman bo‘yicha 155 nafar fermerni jarimaga tortishni so‘rab, da’vo arizasi kiritgan.
5 dekabr kuni sudlangan fermerlardan birining shaxsi sir qolishni so‘rab Ozodlikka aytishicha, 40 dan ortiq fermer chaqirilgan sud bor-yo‘g‘i 10 minut davom etgan.
“Sudya hammani bir zalga chaqirdida, “sizlar paxta shartnomasini bajarmagansizlar, klaster sizlarni shartnomadan qarzdor bo‘lib qolgan paxtaning 30 foizi narxi miqdorida jarimaga tortishni so‘ragan. Men esa sizlarni hammalaringni 16 foiz jarimaga tortish haqida qaror qabul qildim, shunga rozimisizlar”, deb so‘radi. Fermerlar rozimiz, deyishdi va birma-bir imzo qo‘yib chiqib ketdik”, deydi fermer.
Aytilishicha¸ boshqa bir fermer sudyadan nega har bir fermerning ishi alohida ko‘rib chiqilmagani haqida so‘ragan.
“Fermer, “janob sudya, mana hokim, uning o‘rinbosarlari, prokuror, klaster, fermerlar uyushmasi rahbari, hamma guvoh, men hokimga, prokuraturaga o‘n martadan ko‘p suv yo‘q, suv beringlar deb, yozma ariza berganman. Qani, suv bermadiku, ba’zi dalalarim bir marta ham suv icholmadi. Bu mening aybim emasku! Undan keyin, ko‘sak qurti paxtani yeb tashladiku, ximiya tashkiloti bergan dorini uch martalab sepdim, lekin bir gramm ham foyda qilmadi. Hammaga bir xil hukm chiqarevarmasdan¸ avval deloni ko‘tarib ko‘ring, shartnomani bajara olmaganim sabablarini ham so‘rang”, deb sudyaga gapirdi. Lekin sudya “jalobingiz bo‘lsa yuqori turuvchi sudga shikoyat yozing” dedi-da, zaldan chiqib ketdi”, deydi fermer.
Ismi oshkor etilmasligini so‘ragan oqqo‘rg‘onlik boshqa fermer Ozodlik bilan suhbatda tabiiy ofatlarning bu yilgi paxtani yo‘q qilgani haqidagi e’tirozlarni hech kim eshitishni istamayotganini aytadi.
“Bunday qurg‘oqchilikni umrimda ko‘rmaganman. Toshkent dengizi bir ariqchaday bo‘lib qoldi. Ustiga ustak¸ prokuratura toza bosim o‘tkazib yubordi. Prokurorning o‘zi agar kreditni yopmasang, qarzlaringni to‘lamasang urug‘-aymog‘ing bilan qamatib yuboraman, deb ochiq aytayapti. Qamayapti ham, Toshturmaga tashlangan fermerning bor-yo‘g‘i 30 million qarzi bor ekan. Shu uchun qamoqqa tashlash shartmidi? Hozir fermerlar o‘rtada pul yig‘ib, o‘sha fermerni qamoqdan chiqarib olmoqchimiz. Bilmadim, nega bunaqa siyosat bo‘layapti, prokuratura fermerlarni odam hisobida ko‘rmayapti”, deydi fermer.
Oqqo‘rg‘on tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi tuman bo‘yicha 155 nafar fermerning klaster firma tomonidan sudga berilganini tasdiqladi.
“Biz ham aralasha olmaymiz klaster ishlariga. O‘zlari fermerlar bilan shartnoma tuzgan. Masalan, fermer 200 tonna paxta topshirish bo‘yicha shartnoma tuzgan, lekin 100 tonna bo‘lib qoldi. Shu 100 tonna paxta pulining, (2018 yili davlat bir kilogramm paxta uchun o‘rtacha 3250 so‘m belgilagan – tahririyat), 30 foiziga jarima soladi. Haliyam bu sud jarimani 16 foizga tushirib, fermerlarga ancha yengillik beribdi”, deydi mulozim.
Ozodlik O‘rtachirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi rasmiylaridan o‘tkazilayotgan sud jarayonlariga munosabat ololmadi.