Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitov paxta rejasini bajarib, foyda bilan chiqqan fermerlarni, rejani bajarolmagani sabab bank kreditini yopolmagan fermerlar hisobiga pul o‘tkazishga majbur qilayotganini tuman fermerlari Ozodlikka iddao qildi.
Fermerlarning aytishicha, hokim ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i ishtirokida har bir fermerni o‘z qabuliga chaqirib, paxtadan olgan daromadining 10 foizini o‘tkazib berishni talab qilgan.
Fermerlarga ko‘ra, ular bank “poruchenie”sining aniq summa yozilmagan bo‘m-bo‘sh qog‘oziga qo‘l qo‘yib bergan.
Fermerlar uyushmasi rahbari fermerlarning bu iddaolarini inkor qilmoqda.
“Daromadingni 10 foizini kreditini yopolmagan fermerga berasan!”
Ismi sir qolishini so‘ragan yozyovonlik fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, 10 oktabrdan boshlab hududiy MMTP(muqobil mashina traktor parki) rahbarlari paxta rejasini bajargan fermerlarga hokimning bu topshirig‘ini yetkazgan:
“Shundan so‘ng hokim bizlarni o‘z qabuliga chaqirib, birga-bir qabul qila boshladi. Bu qabulda sektor rahbari bo‘lgan Yozyovon tumani ichki ishlar bo‘limi rahbari ham ishtirok etdi. Hokim, “endi kreditini yopolmagan fermerlarga yordam qilasiz, olgan foydangizdan 10 foizini kreditni yopolmagan fermerlarga o‘tkazib berasiz, Yozyovon uchun”, dedi. “Hokim buva qaysi fermerga deb so‘rasam, bu yog‘ini o‘zimiz hal qilamiz, siz porucheniega qo‘l qo‘yib beravering. Yo‘q, desangiz, yanagi yil ham biz bilan ishlaysiz, ko‘ringda”, deb bosim o‘tkazyapti”, deydi fermer.
Fermer u o‘tkazib bergan pul yanagi yil qaytarib beriladimi yoki “masjidga sadaqa” bo‘lib ketadimi, bu haqda hokim hech narsa demaganini aytdi.
Fermerlar ular o‘tkazgan pul kimning hisobiga ketishini bilmaydi
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, tumandagi paxta rejasini bajargan barcha fermerga hokim shunday topshiriq bergan:
“Mening bilishimcha, 70-80 foiz fermerlar bo‘m-bo‘sh “poruchenie”ga imzo qo‘yib berishgan. “Po‘lat”, “Ofarin”, “G‘oyibnazar”, “Farqumqishloq” kabi fermer xo‘jaliklari bir milliondan 10 million so‘mgacha pul o‘tkazib berishgan. Eng qizig‘i shundaki, fermerlar bu pul qaysi fermer hisobiga ketadi, yoki boshqa hisobga ketadimi, buni ular aniq bilmaydi”.
“Sadaqami, qarzmi yoki qaroqchilik?”
Fermer Agrobankning Yozyovon filialida o‘zi bo‘m-bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘yib, muhr bosganini aytadi:
“Bankka bo‘m-bo‘sh, o‘tkaziladigan pul miqdori ko‘rsatilmagan porucheniega imzo qo‘yib, pechat bosib berdim. Ular “bu pulning qaerga tushishi yo‘nalishini olib, o‘zimiz sistemaga solib, o‘zimiz yo‘lini topib, fermerlarning kreditini yopamiz” dedi. Men, “bu pul menga qaytib keladimi, kimga ishonaman”, desam, ular “siz shu porucheniyangiz orqasiga ruchka bilan 10 foiz pulingiz qancha bo‘lishini yozib qo‘yavering, u yog‘ini ko‘ramiz”, deyishdi. Bu sadaqami, qarzmi, qaroqchilikmi, hech fahmim yetmay qoldi”.
Ozodlik suhbatlashgan yana uch nafar fermer ham ularning paxtadan olgan foydasining 10 foizi majburan noma’lum hisob-kitob raqamiga o‘tkazib yuborilganini tasdiqladi.
“Ixtiyoriy yordam beringlar, deb aytilgan”
Yozyovon tumani fermerlar uyushmasi raisi Sharofiddin Ismonov Ozodlik bilan 7 dekabr kungi suhbatda fermerlarning bu iddaolarini inkor qildi:
- Yo‘q, yo‘q, noto‘g‘ri aytishibdi. Hokim fermerlarga imkoniyating bo‘lsa bir joydan bo‘lgan, qo‘ni-qo‘shning bo‘lgan fermerga yordam bergin, bir yil unday bo‘ladi, bir yil bunday bo‘ladi. Bir yildan so‘ng u senga yordam berishi mumkin, degan. Majburlash yo‘q, bu yerda. Yana aniqlashtirib, ertaga aytaman”.
Ozodlik 8 dekabr kuni yana Sharofiddin Ismonov bilan bog‘lanishga harakat qildi, lekin u qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Ozodlik Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitov va uning qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Tozahakimov bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo hokim ham, uning o‘rinbosari ham qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Fermerlarning iddaosicha, bu voqealarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan Yozyovon tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Hojiakbar Toshpo‘latov bilan ham Ozodlik bog‘landi. Ammo, IIB boshlig‘i, telefon orqali ma’lumot berolmasligini aytdi.