Ukrainaning Odessa viloyatida 4 dekabr kuni 62 yoshida vafot etgan Qirg‘izistondagi o‘zbek milliy madaniy markazining sobiq liderlaridan biri, yirik tadbirkor Qodirjon Botirovning janozasi 8 dekabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota masjidida o‘qilgan. Lekin, marhum yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Zangiota tumani hokimligi mulozimlari mayitni dafn etishga ruxsat berishmagan.
Qodirjon Botirov shu yilning 4 dekabr kuni Odessa shahrida 62 yoshida olamdan o‘tgan edi.
Qodirjon Botirov janozasida qatnashgan qarindoshlaridan biri Ozodlikka mayitni Zangiota qabristoniga ko‘mishga hokimiyat ruxsat bermayotganini aytdi.
- Janoza o‘qilganidan bir soat o‘tdi, Zangiota qabristonida go‘r qazib qo‘yilgan, lekin tuproqqa qo‘yishga ruxsat berishmayapti. Bu yerni odami emas ekan marhum, chet ellik ekan, maxsus ruxsatnoma kerak deyishyapti. Hozir kutib turibmiz, - dedi Qodirjon Botirovning yaqinlaridan biri.
Qodirjon Botirovning Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lgan yaqinlari bundan oldin marhumni Qirg‘izistonning Jalolobodida dafn qilish imkoniyatlarini o‘rganishgandi.
Ular bu borada mahalliy faollar, oqsoqollar va rasmiylar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishgan.
Maslahatlashuv natijasida Qodirjon Botirovning jasadini Jalolobodga olib kelmaslik to‘g‘risida qarorga kelingan.
Shundan so‘ng ular marhumni Toshkentga olib borib, Zangiota qabristoniga dafn etishga qaror qilishgan.
- Oldiniga muammo bo‘lmaydi deb aytishgandi, endi ruxsatnoma kerak deyishyapti, kutyapmiz ruxsatnoma berilishini, - dedi marhumning qarindoshi.
Uning o‘zi qirg‘iz mahkamasi 2011 yil noyabrida e’lon qilgan hukmni siyosiy, deb atagan.
Qirg‘izistonning eng boy odamlaridan bo‘lgan Qodirjon Botirov 2010 yildagi davlat to‘ntarishi chog‘ida muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlagandi.
Qonli voqealar ortidan Qodirjon Botirov 2011 yilda Shvetsiyadan boshpana olgan edi.
2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik to‘qnashuvlarda yuzlab inson halok bo‘lgan, yuz minglab odamlar vaqtincha uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan edi.