Zafarobodlik fermerlarga paxta pulining 10 foizini qarzdorlar hisobiga o‘tkazish buyurildi

Jizzax viloyati Zafarobod tumani fermerlarining bank hisobiga davlatga topshirgan paxtasi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pul o‘tkazib berilmayapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlar, tuman hokimi o‘zlariga paxta pulining 10 foizini kreditini yopa olmagan fermerlar hisobiga o‘tkazish haqida “ixtiyoriy” ariza yozmaguncha, paxta tozalash zavodidan pul o‘tkazilmasligini aytganini iddao qildi.

Ozodlik bog‘langan tuman hokimi Ibrohim Qarshiev o‘zining bunday topshiriq berganini inkor qildi.

Zafarobod tumanidagi paxta rejasini bajargan fermerlardan biri, bunday topshiriq Konstitutsiya kuni bayrami munosabati bilan tashkil qilingan 7 dekabr kungi majlisda tuman hokimi Ibrohim Qarshiev tomonidan berilganini aytdi.

“ 7 dekabr kuni tuman fermerlari ishtirokida hokimiyatning majlislar zalida yig‘ilish bo‘ldi. Bu yig‘ilishda tuman hokimi paxta planini bajarolmagan fermerlarning kreditini yopish uchun planni bajargan fermerlar daromadining 10 foizini o‘tkazib bersin, dedi. Masalan, men 100 million so‘m daromad ko‘rgan bo‘lsam¸ shuning 10 millionini o‘tkazib berishim kerak, ekan. Toki, daromadimizning 10 foizini o‘tkazish haqida paxta zavodiga ariza yozib, topshirmasak pulimiz o‘tkazib berilmas ekan”, dedi hokim bosimidan cho‘chib, ismi ochiqlanmasligini so‘ragan fermer.

Ushbu majlisda qatnashgan boshqa fermer, bu “operatsiya”ni bajarish paxta zavodi rahbarlari zimmasiga yuklanganini bildirdi.

“Masalan, “men o‘z ixtiyorim bilan daromadimning 10 foizi yoki buncha miqdordagi pulni kreditini yopolmagan fermerning hisobiga o‘tkazib berishga roziman” deb ariza yozsangiz, hisobingizdagi pulning 90 foizini sizning hisobingizga bank orqali tashlab beradi. 10 foizini esa biz umuman tanimaydigan fermerning hisobiga o‘tkazib yuboradi ekan. Bunaqa qonun qaerda bor? Nega biz birovning qarzini yopib berishimiz kerak ekan? Bir yil kuyib qilgan mehnatimiz haqini nega birovga berishimiz kerak ekan? Hokim kim bo‘pti, bizning halol topgan pulimizga xo‘jayinlik qilsa? O‘sha bajarolmagan fermer, solyarkani sotmay, mineral o‘g‘itni sotmay, chigitni sotmay halol ishlaganda rejani bajarardi”, dedi zafarobodlik yana bir fermer.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Zafarobod paxta tozalash zavodi direktori To‘lqin deb tanishtirgan shaxs fermerlarning bu iddaolarini inkor qildi.

- Hech kim fermerlardan pul so‘ragani yo‘q, puli tushsa o‘tkazib berilayapti, - dedi zavod direktori.

Ozodlik zavod direktori bilan suhbatlashgandan keyin yana bir zafarobodlik fermer bilan bog‘lanib, uning bu bayonotiga munosabat so‘radi.​

“Yolg‘on gapirayapti. Pulimiz kelgan, tushirgani yo‘q hali, o‘sha 10 foizlik roziligimiz haqidagi arizani kutib o‘tiribdi”, dedi fermer.

Ozodlik bog‘langan Zafarobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiev ham fermerlarni yolg‘onchiga chiqarishga urindi va bunday topshiriq berish qonunga zid ekanini ta’kidladi.

- Bunday noqonuniy topshiriq berilmaydi. Hammaning o‘z hisob raqami bor, unga hech kim daxl qilolmaydi, mumkin emasku! Men bunga aralashishim, fermerlarning huquqini poymol qilishim degani. Bunday bo‘lgani yo‘q”, dedi o‘zining huquqshunos ekanini ta’kidlagan tuman hokimi Ibrohim Qarshiev.

Bu O‘zbekistonda bankdan olgan kreditini yopolmagan fermerlarni qarzini yopishda paxtadan daromad olgan fermerlarning pulini majburlab o‘tkazishga bo‘lgan birinchi urinish emas.

Ozodlik 8 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitov paxta rejasini bajarib, foyda bilan chiqqan fermerlarni, bank kreditini yopolmagan fermerlar hisobiga pul o‘tkazishga majbur qilayotganini tuman fermerlari iddao qilgan haqida xabar bergan edi.