14 dekabr kuni 55 yoshida yurak hurujidan vafot etgan taniqli hajvchi va aktyor Obid Asomov shanba kuni Toshkentdagi "Kamolon" qabristonida tuproqqa qo‘yildi. Janoza namozi 13:00 da Toshkent shahri "Kamolon" masjidida o‘qildi.
Obid Asomovni 15 dekabr kuni minlab odam so‘nggi manzilga kuzatdi. "Kamolon" masjididagi janozada qatnashgan Ozodlik mobil muxiri Toshbekning xabar berishicha, Asomovning eng yaqin kasbdoshlari, san’at ahli vakillaridan tortib oddiy toshkentliklar tobutni qabristongacha ko‘tarib borishgan.
"Obid Asomovning ota-onasi va marhum akasi Sobit Asomov ham "Kamolon" qabristoniga ko‘milgan ekan, uni ham shu qarindoshlari yoniga qo‘yishdi", - deb xabar berdi Ozodlik mobil muxbiri Toshbek.
55 yoshidagi san’atkor 10 dekabr kuni yurak xastaligi bilan Toshkentdagi 1-sonli Klinik Shifoxonaga yotqizilgandi.
Xabarlarga ko‘ra, Obid Asomov juma kuni - 14 dekabrda o‘tkir infarktdan vafot etgan.
Obid Asomov 1963 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik institutidagi ta’limi ortidan "Obid-A" teatrini tashkil qilib, keng jamoatchilikka tanilgandi.
O‘zbekistonda norasmiy taqiq ostiga tushishi ortidan oxirgi yillarda Rossiya televideniesidagi "Krivoe zerkalo" hajviy dasturida ishtirok etib keldi.
Oxirgi ikki yil ichida u yana o‘zbek sahnasi va teleekranlarga qaytgandi.
U joriy yil mayida Multiplikatsion filmlar studiyasiga direktor etib tayinlangandi.
O‘zbekistonlik taniqli qiziqchi, "Handalak" hajviy teledasturi qahramonlaridan biri Ortiq Sulotnov Ozodlik bilan suhbatda Obid Asomovni o‘zbek kulgusini dunyoga taratgan san’atkor deb atadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди